O‘roqov Sayfiddin Muxidinovichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori  (PhD) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Saksavul urug‘larini aeroekishga tayyorlash (qobiqlash) usulini ishlab chiqish”, 06.03.01.- O‘rmon ekinlari, seleksiya, urug‘chilik va shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish. O‘rmonlar agromelioratsiyasi va himoya o‘rmonlarini barpo etish (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Taqdimot mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Qx.1166.
Ilmiy rahbar: Turdiev Saydali Ashurovich, qishloq xo’jaligi fanlari doktori.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/29.04.2022.Qx.13.04.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: Saksovul urug‘larini qobiqlash usuli (IAP 06866).
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda qora saksovul urug‘larni qanotsizlantirish, qobiqlash asosida ekishga tayyorlash, Orolbo‘yi mintaqasi hududida Orol dengizining qurigan tubida yashil qoplamalar barpo etish uchun sifatli urug‘larni motodeltoplan yordamida ekishga tayyorlash usulini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor saksovul urug‘larini aeroekishga tayyorlash (qobiqlash) usuli ishlab chiqilgan;
qobiqlangandan so‘ng urug‘lar o‘rtacha 1,2-1,6 barobardan 2,2-2,6 barobargacha og‘irroq bo‘lishi va ularning sepiluvchanligi ortib, har xil texnik vositalar bilan sepishga qulay bo‘lishi aniqlangan;
laboratoriya sharoitida petri idishlarida qobiqlangan urug‘larning unuvchanligi bir sutka davomida 80% unib chiqishi aniqlangan (dala sharoitida 2 kunda 8%);
saksovul urug‘larini aeroekishga tayyorlashda dastlabki ishlov berish (saralash va quritish) usullari ishlab chiqilgan;
saksovul urug‘larini maxsus qurilmadan (S 17512537-002:2022) foydalanib qanotsizlantirish, saralash va ularga ishlov berish uchun o‘stiruvchi stimulyatorlar va insektisidlardan tashkil topgan maxsus ishchi eritma ishlab chiqilgan;
qanotsizlantirilgan urug‘larni ishchi eritmada 30 minutgacha ushlanib, suv ustiga chiqib qolgan puch urug‘lardan ajratish asosida saralash imkoniyati aniqlangan;
saralangan urug‘larni paxsa devorlar yoki jarliklardagi toza tuproq (yoki zovur va botqoqlardan chiqarib tashlangan qurigan qora tuproqdan) 90,0% + chirindi 10% + stimulyator 20 g/l + suv aralashmasidan iborat qobiqlash massasidan foydalanish yuqori samara berishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qora saksovulning ekishga tayyorlangan ya’ni, qanotsizlantarilgan, saralangan (granula qilingan) qobiqlash usullarini qo‘llash bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
Saksovul urug‘larini aero ekishga tayyorlash (qobiqlash) usuli Buxoro viloyatining Shofirkon davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida 300 gektar maydonga saksovul urug‘larini ekishda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligining 2023 yilning 18 maydagi 01/18-2288 – son ma’lumotnomasi). Buning natijasida qobiqlangan saksovul urug‘larini ekish orqali yashil qoplamalar samaradorligini oshirishga erishilgan.
Saksovul urug‘larini qobiqlash texnologiyasi Buxoro viloyatining Qorako‘l davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida 2800 gektar maydonda ekish jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligining 2023 yilning 18 maydagi 01/18-2288 – son ma’lumotnomasi). Natijada o‘rmon xo‘jaligi xududida fitotsenozlarning ortishi uchun zamin tayyorlangan.
Samarqand viloyatining Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ITI “Qarnab” tajriba dalasida saksovul urug‘larini qobig‘idan ajratib ekish usuli joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligining 2023 yilning 18 maydagi 01/18-2288 – son ma’lumotnomasi). Buning natijasida qobiqlangan saksovul urug‘larini ekish orqali yashil qoplamalar miqdori bo‘yicha 35-40 % yuqori natijaga erishilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq davlat o‘rmon xo‘jaligi hududi Orol dengizining qurigan tubida “Yashil qoplamalar” barpo etish maqsadida 16780 gektar maydonda cho‘l o‘simliklari va granula qilingan qobiqlangan saksovul urug‘larini ekish ishlanmasi joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligining 2023 yilning 18 maydagi 01/18-2288 – son ma’lumotnomasi). Buning natijasida Orol dengizining qurigan tubida qo‘shimcha 500 ming gektar yashil qoplamalar barpo etish bo‘yicha Prezident qarorining tegishli bandlarini bajarilishi ta’minlangan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish