Yuldashev Fozil Turapovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Iqtisodiyotni transformatsiyalash jarayonida sanoat korxonalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash yo‘llari», 08.00.07 – Moliya, pul muomalasi va kredit.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Iqt2228
Ilmiy rahbar: Haydarov O‘ral Axmadovich, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/10.12.2019.I.16.01.
Rasmiy opponentlar: iqtisodiyot fanlari doktori, professor Ismailov Alisher Agzamovich, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent Qurbonov Xayrulla Abdurasulovich.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi sanoat korxonalari moliyaviy barqarorligini ta’minlashni rivojlantirish masalalari bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiya va takliflar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
davlat ishtirokidagi sanoat korxonalarining asosiy faoliyat ixtisosligiga muvofiq bo‘lmagan va foydalanilmayotgan aktivlarni tegishli davlat mulkini boshqarish idoralari tasarrufiga o‘tkazish orqali korxonalar ustav kapitalidagi davlat hamda xo‘jalik jamiyatlari ulushini kamaytirish asosida moliyaviy barqarorligini oshirish taklifi asoslangan;
sanoat korxonalarining moliyaviy barqarorligini risklarni kompleks dekompozisiyalash asosida boshqarish hamda sanoat korxonalarida resurslar sarf-xarajatlarini differensiatsiyalash orqali moliyaviy barqarorligini oshirish asoslangan;
talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga qaratilgan loyihalarning marketing tadqiqotlari, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, xorijiy mutaxassislar jalb qilish, ishlab chiqariladigan mahsulotlarni sertifikatlashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarning bir qismini Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish taklifi asoslangan;
“Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyati iqtisodiy faoliyatining uzoq muddatli tendensiyalari asosida moliyaviy barqarorlik holatining 2027 yilga qadar prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sanoat korxonalarida moliyaviy barqarorlikni ta’minlashni rivojlantirish yo’llari bo’yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
davlat ishtirokidagi sanoat korxonalarining asosiy faoliyat ixtisosligiga muvofiq bo‘lmagan va foydalanilmayotgan aktivlarni tegishli davlat mulkini boshqarish idoralari tasarrufiga o‘tkazish orqali korxonalar ustav kapitalidagi davlat hamda xo‘jalik jamiyatlari ulushini kamaytirish asosida moliyaviy barqarorligini oshirish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 - yil 4 - maydagi 266 - son “Davlat ishtirokidagi korxonalarning aktivlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2023 -yil 19- sentyabrdagi 03\26\-17\4973-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida, respublikadagi davlat ishtirokidagi sanoat korxonalari, jumladan, “O‘zkimyosanoat” AJ tarkibiga kiruvchi “Sharg‘unko‘mir” AJda asosiy faoliyat ixtisosligiga muvofiq bo‘lmagan va foydalanilmayotgan aktivlarni hisobdan chiqarish orqali korxonalar ustav kapitalidagi davlat hamda xo‘jalik jamiyatlari ulushini kamaytirish asosida moliyaviy barqarorligini oshirish imkoni yaratilgan;
sanoat korxonalarining moliyaviy barqarorligini risklarni kompleks dekompozisiyalash asosida boshqarish hamda sanoat korxonalarida resurslar sarf-xarajatlarini differensiatsiyalash orqali moliyaviy barqarorligini oshirish taklifi “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyati faoliyatida qo‘llanilgan. (“Sharg‘unko‘mir” AJning 2023-yil 14-martdagi 01-302-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, moliyaviy risklar kompleks tarzda dekompozisiyalanib, yangi moliyaviy boshqarish tizimi yaratilgan, korxonaning resurslar sarf xarajatlarini differensiatsiyalash orqali uning sof foydasi 2020 yilda 107605,0 mln. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yil yakunlariga ko‘ra 4523105,0 mln. so‘mni tashkil etgan yoki 4415500 mln. so‘mga oshishiga erishilgan;
talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga qaratilgan loyihalarning marketing tadqiqotlari, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, xorijiy mutaxassislar jalb qilish, ishlab chiqariladigan mahsulotlarni sertifikatlashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarning bir qismini Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil-21-iyuldagi PF-111-son“Ma’muriy islohotlar doirasida investisiyalar, sanoat va savdo sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2023-yil 19-sentyabrdagi 03\26\-17\4973-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida, respublikadagi davlat ishtirokidagi sanoat korxonalari, jumladan, “O‘zkimyosanoat” AJ tarkibiga kiruvchi “Sharg‘unko‘mir” AJ da ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish hisobiga moliyaviy barqarorligini ta’minlash imkoni yaratilgan;
“Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyati iqtisodiy faoliyatining uzoq muddatli tendensiyalari asosida moliyaviy barqarorlik holatining 2027 yilga qadar ishlab chiqilgan prognoz ko‘rsatkichlaridan “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatining uzoq muddatli istiqboldagi rivojlanish dasturlarini shakllantirishda foydalanilgan (“Sharg‘unko‘mir” AJning 2023-yil 14-martdagi 01-302 sonli ma’lumotnomasi). Buning natijasida, aksiyadorlik jamiyatining debitorlik qarzdorligi o‘sish sur’atining 1 foizga ortishi, korxonaning moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlari o‘sish sur’atining 0,27 foizga, pul mablag‘larining 1 foizga ortishi, moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlari o‘sish sur’atining 0,20 foizga ortishiga olib kelishi aniqlanib, ushbu prognoz ko‘rsatkichlari korxonaning moliyaviy barqarorligini ta’minlash to‘g‘risida boshqaruv qarorlarini to‘g‘ri va aniq qabul qilish imkoniyatini bergan.