Xudaybergenov Bexzod Baxtiyorovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “To‘lovga qobiliyasizlikni huquqiy tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari: sanatsiya va bankrotlik”, 12.00.03. – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.DSc/Yu202.
Ilmiy maslahatchining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Sindorov Komil Oydinovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.01
Rasmiy opponentlar: Samarxodjaev Botir Bilolovich, yuridik fanlar doktori, professor; Ashurova Nargiza A’zamovna, yuridik fanlar doktori, dotsent; Boboqulov Zafar Qurbonnazarovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi to‘lovga qobiliyasizlikni huquqiy tartibga solish, sanatsiya va bankrotlikning qonunchilik asoslarini takomillashtirish va uni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirishga qaratilgan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qarzdor yuridik shaxsga nisbatan to‘lovga qobiliyasizlik to‘g‘risidagi ishni qo‘zg‘atish uchun qarzdorning vaqtincha to‘lovga qobiliyasizligi (qarzdor tomonidan majburiyatlarning uch oy (ayrim qarzdorlar uchun 6 oy) davomida bajarilmasligi) yoki doimiy to‘lovga qobiliyasizligi (qarzdor majburiyatlarining uning aktivlari qiymatidan oshib ketishi) muhim shartlar hisoblanishi, to‘lovga qobiliyasizlikni tiklash tartib-taomillaridan birini qo‘llash to‘g‘risida sudga murojaat qilishga qarzdorning vaqtincha to‘lovga qobiliyasizlik holati, qarzdorni bankrot deb topishga qarzdorning doimiy to‘lovga qobiliyasizlik holati aniqlanishi lozimligi asoslantirilgan;
sud boshqaruvchisi davlat xizmatlaridan, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi orqali ko‘rsatiladigan xizmatlardan oldindan haq to‘lamasdan foydalanish hamda qarzdor korxona va uning mol-mulki to‘g‘risida axborotga ega bo‘lgan boshqa davlat organlaridan axborot olish huquqiga egaligi asoslantirilgan;
sud boshqaruvchisiga qo‘shimcha haq uning faoliyati natijalariga qarab (qarzdorlik to‘liq qoplanganda talablar summasining besh foizigacha miqdorda, qarzdorlikning etmish besh foizidan ko‘prog‘i qoplanganda talablar summasining uch foizigacha miqdorda, qarzdorlikning ellik foizidan ortig‘i qoplanganda talablar summasining bir foizigacha miqdorda) belgilanishi va ushbu rag‘batlantirish tartibi kreditorlar yig‘ilishining qarori bilan tasdiqlanishi kerakligi asoslantirilgan;
qarzdor yuridik shaxsga nisbatan to‘lovga qobiliyasizlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishda sud sanatsiyasi, tashqi boshqaruv, kuzatuv, tugatishga doir ish yuritish tartib-taomillari, qarzdor jismoniy shaxsga nisbatan to‘lovga qobiliyasizlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishda qarzni tarkibiy jihatdan o‘zgartirish, bankrotlikni tan olish va mol-mulkni sotish tartib-taomilliri joriy qilinishi asoslab berilgan;
to‘lovga qobiliyasiz qarzdor bilan tuzilgan (shubhali, noteng va imtiyozli) bitimlarni sud tomonidan haqiqiy emas deb topish tartibi hamda to‘lovga qobiliyasizlik to‘g‘risidagi ishni yuritish jarayoni boshlangandan keyin paydo bo‘ladigan talablar – joriy to‘lovlarni aniqlash meʼzonlari, joriy to‘lovlar kreditorlar talablarining reestrida aks ettirilmasligi va ushbu talablarni qanoatlantirish navbati asoslantirib berilgan;
kuzatuv tartib-taomilini joriy etish oqibatida qarzdorning kontragentlari tomonidan shartnomalarni bajarishdan bir tomonlama voz kechish yoki shartnomalarni o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmasligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. To‘lovga qobiliyasizlikni huquqiy tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari, sanatsiya va bankrotlikning huquqiy jihatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
to‘lovga qobiliyasizlik to‘g‘risidagi ishni qo‘zg‘atishga vaqtinchalik va doimiy to‘lovga qobiliyasizlik muhim shartlar hisoblanishiga doir takliflar O‘zbekiston Respublikasi “To‘lovga qobiliyasizlik to‘g‘risida”gi Qonunining 5 va 37-moddalarini tayyorlashda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2022-yil 27-iyundagi 04/1-10-2878-son ma’lumotnomasi). Bu takliflar ishni qo‘zg‘atish tartiblarining xalqaro standartlarga moslashtirishga, qarzdor yuridik shaxsni sog‘lomlashtirishga vaqtincha to‘lovga qobiliyasizlik, uni bankrot deb topishga doimiy to‘lovga qobiliyasizlik asos bo‘lishini belgilashga xizmat qilgan;
to‘lovga qobiliyasizlik ishida sud boshqaruvchilarining faolligini oshirish, ularning davlat organlari bilan hamkorligini kengaytirishga qaratilgan takliflar O‘zbekiston Respublikasi “To‘lovga qobiliyasizlik to‘g‘risida”gi Qonunining 23-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2022-yil 27-iyundagi 04/1-10-2878-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif sud boshqaruvchisi davlat xizmatlaridan, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi orqali ko‘rsatiladigan xizmatlardan oldindan haq to‘lamasdan foydalanish, qarzdorning mulki, hisobvaraqlari va depozitlari, shu jumladan kredit kartalari, elektron balanslari va elektron pul o‘tkazmalari to‘g‘risida jismoniy va yuridik shaxslardan (shu jumladan kredit tashkilotlaridan) hamda davlat organlaridan bepul axborot olish, o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun bojxona organlari va davlat soliq xizmati organlaridan, ko‘chmas mol-mulkka oid hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi davlat organlardan hamda qarzdor korxona va unga tegishli mol-mulk to‘g‘risida axborotga ega bo‘lgan boshqa davlat vakolatli organlardan axborot olish huquqiga ega bo‘lishiga imkon bergan;
sud boshqaruvchisiga qo‘shimcha haq uning faoliyati natijalariga qarab belgilanishiga doir takliflar O‘zbekiston Respublikasi “To‘lovga qobiliyasizlik to‘g‘risida”gi Qonunining 26-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2022-yil 27-iyundagi 04/1-10-2878-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif sud boshqaruvchisiga qarzdorlik to‘liq qoplanganda talablar summasining besh foizigacha miqdorda, qarzdorlikning etmish besh foizidan ko‘prog‘i qoplanganda talablar summasining uch foizigacha miqdorda, qarzdorlikning ellik foizidan ortig‘i qoplanganda talablar summasining bir foizigacha miqdorda qo‘shimcha haq belgilanishiga xizmat qilgan;
to‘lovga qobiliyasizlik ishida qarzdor yuridik shaxsga va jismoniy shaxsga sud tomonidan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan tartib-taomillar haqidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi “To‘lovga qobiliyasizlik to‘g‘risida”gi Qonunining 30-moddasini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2022-yil 27-iyundagi 04/1-10-2878-son ma’lumotnomasi). Bu takliflar qarzdor yuridik shaxsga nisbatan to‘lovga qobiliyasizlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishda sud sanatsiyasi, tashqi boshqaruv, kuzatuv, tugatishga doir ish yuritish tartib-taomillari, qarzdor jismoniy shaxsga nisbatan to‘lovga qobiliyasizlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishda qarzni tarkibiy jihatdan o‘zgartirish, bankrotlikni tan olish va mol-mulkni sotish tartib-taomilliri joriy qilinishini o‘rnatishga imkon bergan;
to‘lovga qobiliyasiz qarzdor bilan tuzilgan (shubhali, noteng va imtiyozli) bitimlarning haqiqiy emas deb topishga doir takliflar O‘zbekiston Respublikasi “To‘lovga qobiliyasizlik to‘g‘risida”gi Qonunining oltinchi bobini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining 2022-yil 27-iyundagi 04/1-10-2878-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar to‘lovga qobiliyasiz qarzdor bilan tuzilgan bitimlarni haqiqiy emas deb topishning umumiy va maxsus meʼzonlarini belgilash va ularning oqibatlarini qo‘llashning huquqiy asoslarini o‘rnatishga xizmat qilgan;
to‘lovga qobiliyasizlik to‘g‘risidagi ishni yuritish jarayoni boshlangandan keyin paydo bo‘ladigan talablar – joriy to‘lovlarning me’zonlariga doir takliflar O‘zbekiston Respublikasi “To‘lovga qobiliyasizlik to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2022-yil 13-iyundagi 14/13-18-1055-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar to‘lovga qobiliyasizlik to‘g‘risidagi ishni yuritish jarayoni boshlangandan keyin paydo bo‘lgan majburiyatlarning huquqiy asoslarini o‘rnatish, kreditorlar talablari reestrida aks ettirilmaydigan talablarga aniqlik kiritish, ish qo‘zg‘atilgandan so‘ng vujudga kelgan talablar qaysi navbat bo‘yicha qanoatlantirishni belgilashga xizmat qilgan;
kuzatuv tartib-taomilini qo‘llash oqibatlari haqidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasining “To‘lovga qobiliyasizlik to‘g‘risida”gi Qonunining 79-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2022-yil 13-iyundagi 14/13-18-1055-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar qarzdor kontragentining shartnomalarni bajarishdan bir tomonlama voz kechish yoki shartnomani o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmasligi, ushbu holat bo‘yicha nizolar sud tomonidan ko‘rib chiqilishining huquq asoslarini o‘rnatishga imkon bergan.