Allakuliev Bolta Jumaboevichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida fan
doktori  (DSc) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “G.thurberi Tod. va G.raimondii Ulbr. turlari ishtirokida tezpishar va tola sifati yuqori bo‘lgan g‘o‘za navini yaratish”, 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1. PhD/Qx701.
Ilmiy maslahatchi: Xojambergenov Nasim Mamenovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti, PhD.05/27.02.2020.Qx.42.02.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: g‘ozaning S-9090 navi (NAP 00284).
II. Tadqiqotning maqsadi: g‘o‘zaning G.thurberi Tod. va G.raimondii Ulbr. turlari ishtirokida olingan amfidiploid tizmalari asosida tezpishar, tola chiqimi va sifati yuqori yangi g‘o‘za navini yaratish va ishlab chiqarishga joriy etishdan iborat.   
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
g‘o‘zaning G.thurberi Tod. va G.raimondii Ulbr. amfidiploid duragaylari va G.hirsutum L. turiga mansub S-4880 navi ishtirokida olingan oilalarni populyasiya biotiplari ko‘rinishida o‘rganish asosida S-9090 navi yaratilgan;
g‘o‘zaning G.thurberi Tod. va G.raimondii Ulbr. amfidiploid duragaylari va G.hirsutum L. turiga mansub S-4880 navi ishtirokida olingan oilalarni populyasiya biotiplari ko‘rinishida o‘rganish asosida amfidiploid T-4933 tizmasidan tola pishiqligi va V.dahliae Kleb. zamburug‘i chaqiruvchi vilt kasalligiga bardoshlilik, otalik sifatida ishtirok etgan S-4880 navidan tezpisharlik va tola chiqimi belgisi bir genotipga jamlangan rekombinant o‘simliklar ichidan qimmatli xo‘jalik belgilari ustun bo‘lgan yangi biotiplar ajratilgan va ular asosida tezpishar hamda tola sifati yuqori bo‘lgan seleksion navlar yaratish imkoniyatlari ilmiy asoslangan;
ajratilgan biotiplar ishtirokida olingan oilalarning belgi va xususiyatlarini baholash natijalari tola uzunligi belgisi oldingi avlodlarga nisbatan keyingi avlodlarda ijobiy tomonga o‘zgarib borishi va navdorlikni muttasil yaxshilanib borishida ahamiyatga ega ekanligi aniqlangan;
yangi yaratilgan navning gullash fazasini andoza navga nisbatan 2-5 kunga kechikishi, biroq ko‘saklarning ochilish sur'atining 3-4 kunga yuqori bo‘lganligi undagi tezpisharlik xususiyatining namoyon bo‘lishida muhim jihat ekanligi aniqlangan;
ishlab chiqarish sinovlari natijasida boshlang‘ich manba sifatida ishtirok etgan yovvoiy turlarning uzoq evolyusiya jarayonida orttirilgan qurg‘oqchilikka chidamlilik xususiyati yangi yaratilgan navning suvsizlikka chidamlilik xususiyatini namoyon etishida muhim jihat ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. G.thurberi Tod. va G.raimondii Ulbr. turlari ishtirokida olingan amfidiploid duragay o‘simliklar ichidan xo‘jalik uchun qimmatli belgilarning ijobiy majmuasi bo‘yicha farq qiluvchi yangi biotiplarni ajratish va tanlash, biotiplar asosida yaratilgan yangi oilalarda belgilarning shakllanishi va barqarorlashuvini o‘rganish asosida:
g‘o‘zaning yangi S-9090 navi 2020 yilda Farg‘ona ISda, g‘o‘zaning yangi navlar urug‘larini dastlabki ko‘paytiruvchi elita urug‘chilik xo‘jaligida 2,0 gektar maydonga joriy qilingan. Hosildorlik mos ravishda 40,5-45,0 sentnerni tashkil etgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 07 noyabrdagi 07/35-04/8213-son ma’lumotnomasi). Natijada 2021 yilda urug‘lik ko‘chatzorlaridan 1,6 tonna elita avlodi va R1 avlodiga mansub 10,8 tonna urug‘lik paxta jamg‘arilgan;
2021 yilda Jizzax viloyati Sh.Rashidov tuman “Jizzax industrial to‘qima” MChJ da 2,5 gektar maydonga ekib, ishlab chiqarish sinovidan o‘tkazilgan va hosildorligi 37,8 s/ga ni tashkil etgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 07 noyabrdagi 07/35-04/8213-son ma’lumotnomasi). Natijada nazorat navga nisbatan yuqori samaradorlikka erishilgan;
dastlabki urug‘ ko‘paytirish ishlari Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti maydonlarida 2017 yilda 0,25 ga, 2018 yilda 0,30 ga va 2019 yilda 0,60 ga maydonda olib borilgan. Hosildorlik mos ravishda 37,5-38,0-40,0 sentner bo‘lgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 07 noyabrdagi 07/35-04/8213-sonli ma’lumotnomasi). Natijada ishlab chiqarish sinovi uchun etarli navdor urug‘liklar tayyorlashga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish