Nematov Nurillo Abduraxim o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) Dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Anorni saqlashda ekologik xavfsiz tabiiy biologik faol moddalardan foydalanish texnologiyasi”, 06.01.11 – Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Qx763
Ilmiy rahbar: Abdullaev Faziljon Tursunovich, kimyo fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/29.04.2022.Qx.13.04
Rasmiy opponentlar: Dodaev Qo‘chqor Odilovich, texnika fanlari doktori, professor; Abdusattorov Baxtiyorjon Abdug‘appor o‘g‘li, qishloq xo‘jaligi fanlari falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Respublikamizning Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida etishtirilgan anor navlarining mevalarini saqlashda ekologik xavfsiz tabiiy biologik faol moddalar qo‘llashning saqlanuvchanlikka ta’sirini ilmiy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor anor mevalarini saqlashda xitozan va uning hosilalari asosidagi ekologik xavfsiz tabiiy biologik faol preparatlar bilan ishlov berilganda mevasining kimyoviy tarkibi va organoleptik ko‘rsatkichlarining saqlanib qolishi 6-8% ga oshganligi isbotlangan;
anor mevalarini saqlashda uning mexanik xossalari saqlanuvchanlik xususiyatini oshishiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilishi aniqlangan va po‘stining qalinligi 3,0 mm bo‘lgan mevalar 1,0-1,5 mm bo‘lganlariga qaraganda o‘rtacha 35 kun ortiq saqlanishi isbotlangan;
anor mevalarini saqlashda “Xitozan-0,2% va sirka kislota-0,1% (1:1)” va “Xitozan-0,2% va glitsirrizin kislota-0,1% (1:1)”larni qo‘llanilishi natijasida mevalarning sifat ko‘rsatkichlari, tovarbopligini 15% oshishi va tabiiy vazn kamayish darajasi 15 % dan 5,0 % ga pasayishi aniqlangan;
anor mevasini saqlashda “Xitozan-0,2% va sirka kislota-0,1% (1:1)” va “Xitozan-0,2% va glitsirrizin kislota-0,1% (1:1)” preparatlar yuqori antibakterial va antimikrobli xususiyatlari ta’sirida kasallik tarqatuvchi mikroorganizmlar rivojlanishini 15-20% ga kamayishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida etishtirilgan anorning navlarini sovitkichli omborlarda saqlashni ilmiy asoslash bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
anor etishtirish va saqlashga ixtisoslashgan fermer va dehqon xo‘jaliklari uchun “Anorni saqlash jarayonida ekologik xavfsiz tabiiy biologik faol moddalardan foydalanish texnologiyasi ilmiy asoslash” nomli tavsiyanoma ishlab chiqilgan. (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 7-avgustdagi №07/34-06/791-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma respublikamizning anorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari, sovitkichli omborlarida saqlashdagi soha mutaxassislari va ushbu yo‘nalishda tahsil olayotgan talabalar hamda ilmiy tadqiqotchilar uchun qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda.
Namangan viloyati Chust tumanidagi anorchilikka ixtisoslashgan “Rustamali Karimov” fermer xo‘jaligi 10,1 gektar maydonida etishtirilgan anor va Pop tumanidagi “Namangan Agro Logistic” fermer xo‘jaligiga tegishli 200 tonna sig‘imli sovitkichli omborda 100 tonna anor hajmiga nisbatan uzoq muddat saqlash bo‘yicha tajriba natijalari joriy etilgan. (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 7-avgustdagi №07/34-06/791-sonli ma’lumotnomasi). Natijada tavsiya etilgan texnologiya asosida saqlash jarayoni amalga oshirilganda 61380,0 ming.so‘m daromad olinib, rentabellik ko‘rsatkichi 51 % ga erishilgan.
Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi anorchilikka ixtisoslashgan “Lazizbek yosh bog‘bon” fermer xo‘jaligida 15,7 gektar maydonida etishtirilgan anor va “Uchtol meva sharbati” fermer xo‘jaligiga tegishli 300 tonna sig‘imli sovitkichli omborda 100 tonna anor hajmiga nisbatan uzoq muddat saqlash bo‘yicha tajriba natijalari joriy etilgan. (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 7-avgustdagi №07/34-06/791-sonli ma’lumotnomasi). Natijada tavsiya etilgan texnologiya asosida 78230,0 ming.so‘m daromad olinib, rentabellik ko‘rsatkichi 65% ni tashkil etgan.
Andijon viloyati Andijon tumanidagi “SPE va KITI Andijon ITS”da 10,3 gektar va ilmiy-tadqiqot stansiyasiga tegishli 150 tonna sig‘imli sovitkichli omborda 100 tonna anor hajmiga nisbatan uzoq muddat saqlash bo‘yicha tajriba natijalari joriy etilgan. (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 7-avgustdagi №07/34-06/791-sonli ma’lumotnomasi). Natijada tavsiya etilgan texnologiya asosida 69805,0 ming.so‘m daromad olinib, rentabellik ko‘rsatkichi 55% ni tashkil etgan.