Ochilov Musirmon Abduraximovichning
falsafa doktori (PhD) Dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Xitoydan introduksiya qilingan unabi (Ziziphus jujuba Mill.) ko‘chatlarini ko‘paytirish va mevalaridan sukat tayyorlash texnologiyalarini takomillashtirish”, 06.01.07 – “Mevachilik va uzumchilik” va 06.01.11 – “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash” (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Qx286
Ilmiy rahbar: Shaumarov Xikmat Baxramovich, qishloq xo’jaligi fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/29.04.2022.Qx.13.04
Rasmiy opponentlar: Muminov Najmiddin Shamsiddinovich, texnika fanlari doktori, professor; Xolmirzaeva Lola Baxromovna, qishloq xo’jaligi fanlari falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Akademik M.Mirzaev nomli Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Xitoydan introduksiya qilingan unabi (Ziziphus jujuba Mill.) ko‘chatlarini ko‘paytirish va mevalaridan sukat tayyorlash texnologiyalarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor O‘zbekistonda unabining 9 ta navi Xitoydan introduksiya qilingan va tashqi muhitga moslashuvchanligi bo‘yicha “Junzao”, “Xiangzao”, “Zanhuangdazao” va “Linyilizao” navlari bir xil 83 ball, “Dabailing” va “Dongzao” navlari mos ravishda 78 va 77 ball bilan istiqbolli nav, Tangzao” navi 66 ball, “Mayabaizao” va “Jixinzao” navlari esa 63 ball bilan past istiqbolli nav sifatida baholangan;
unabi urug‘larini ekishga tayyorlashda skarifikatsiya usulidan foydalanish orqali urug‘lar unuvchanligi 80-90 % ga oshirilgan va skarifikatsiya qilinmagan urug‘larga nisbatan 4,6 marta, stratifikatsiyalangan urug‘larga nisbatan 1,3 marta yuqori bo‘lishi aniqlangan;
mulchalashda shaffof polietilen plyonkadan foydalanish orqali urug‘lar unuvchanligini 90 % gacha etkazish hamda mulchalanmagan nazorat variantiga nisbatan 2,5 martaga oshirish mumkinligi aniqlangan;
unabi ko‘chatlarini etishtirishda iskana payvandlashdagi payvandtag va payvandust o‘lchamlarining bir xil bo‘lishi yoki 0,8-0,9 mm bo‘lganda komponentlarning tutish samaradorligi 88,2 % ni tashkil etib, payvandlash ishlarini mart oyining ikkinchi dekadasida amalga oshirish yuqori samara berishi isbotlangan;
unabi mevalaridan sukat tayyorlashda uch bosqichli shakarli qiyomda to‘yintirish texnologiyasini qo‘llash orqali mevalarni sorbsiyalanish jarayoni davomiyligi “Junzao” navida 4-5 soatni, boshqa navlarga nisbatan 2,2-2,4 martaga qisqartirilishiga erishilgan va eng maqbul shakarli qiyom konsentratsiyasi 50 % bo‘lishi aniqlangan;
qiyomda to‘yintirilgan unabi mevalarini konvektiv quritish usulda 12 soat vaqt davomida 4 soatlik interval bilan 3 bosqichda 40-50-60 oC haroratda quritish eng maqbul parametr ekanligi isbotlangan;
mevalarning sorbsiyalanish xususiyatlarini jadallashtirish maqsadida “Unabi mevalari sirtiga mexanik ishlov berish” uskunasi yaratilgan va ixtiroga patent olish uchun Intellektual mulk markaziga hujjat topshirilgan (№ IAP 20220041).
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Xitoydan introduksiya qilingan unabi (Ziziphus jujuba Mill.) ko‘chatlarini ko‘paytirish va mevalaridan sukat tayyorlash texnologiyalarini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari va qayta ishlash korxonalari uchun “Unabining yangi navlari biokimyoviy tarkibi va mevlaridan sukat tayyorlash texnologiyasi” nomli tavsiyanoma tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 3-avgustdagi 04/34-05/3855-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari va qayta ishlash korxonalarida unabidan (chilonjiyda) sifatli sukat mahsulotlari tayyorlashda qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
unabi urug‘ ko‘chatlarini etishtirishda “skarifikatsiyalash” va “mulchalash” usullaridan foydalanish ishlanmasi Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumani “Shoxrux Agro Tinchlik” fermer xo‘jaligida 1,0 ga maydonda joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 3-avgustdagi 04/34-05/3855-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida urug‘ ko‘chat unib chiqishi an’anaviy usulga nisbatan 51,3 % ga, o‘sish ko‘rsatkichlari esa 1,07-3,10 martaga oshgan. Olingan moliyaviy daromad gektariga 28799,0 ming so‘mni tashkil etgan;
iskana payvand qilishni standart ko‘chatlar chiqishiga ta’siri bo‘yicha ishlanmasi Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi “Boyqobul bobo asl bog‘lari” fermer xo‘jaligida 2,0 ga maydonda joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 3-avgustdagi 04/34-05/3855-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida 1 ga maydondan standart ko‘chatlarni chiqishi 32159 donani, ko‘chat ishlab chiqarishdan olinadigan daromad miqdori 93160 ming so‘mni, rentabellik ko‘rsatkichi esa 185,2 % ni tashkil etgan;
unabi mevalaridan sukat tayyorlash texnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha ishlanmasi Toshkent viloyati Zangiota tumani “Best Tastes Technology” mas’ulyati cheklangan jamiatida joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 3-avgustdagi 04/34-05/3855-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida gektar hisobidan olingan unabi hosili 19,6 tonna atrofida bo‘lib, undan ishlab chiqarilgan sukat mahsuloti realizatsiyasidan olingan iqtisodiy samaradorlik 147882,0 ming so‘mni, rentabellik ko‘rsatkichi esa 191,5 foizni tashkil etgan.