Ismoilov Bekjon Salixovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi “O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilishning nazariy-huquqiy asoslarini takomillashtirish: ta’lim tizimi misolida”, 12.00.01 – Davlat va huquq nazariyasi va tarixi. Huquqiy ta’limotlar tarixi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Yu1012.
Ilmiy rahbar: Muhitdinova Feruza Abdurashitovna, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.02.
Rasmiy opponentlar: Qodirov Eshmuhammat Omonturdievich, yuridik fanlar doktori, professor; Asadov Shavkat G‘aybullaevich, yuridik fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilishning nazariy-huquqiy asoslarini takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
nogironligi bo‘lgan shaxslarning jismoniy, aqliy, ruhiy yoki sensor nuqsonlari xususiyatlaridan kelib chiqib, barcha darajalardagi ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish va o‘z qobiliyatini yanada to‘liqroq rivojlantirish uchun butun umri davomida ta’lim olish huquqini ta’minlash zarurligi asoslantirilgan;
nogironligi bo‘lgan bolalarning ta’limiga oid huquq va qonuniy manfaatlarni ta’minlash bo‘yicha zarur shart-sharoitlar yaratishni ta’lim muassasalari bilan birga davlat organlari ta’minlashi shartligi asoslantirilgan;
maktabgacha ta’lim tashkilotlarida nogironligi bo‘lgan bolalarga nisbatan zarur reabilitatsiya va abilitatsiya qilish choralarini amalga oshirilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish lozimligi asoslantirilgan;
nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim olish va o‘z qobiliyatini yanada to‘liqroq rivojlantirish maqsadida ularning umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’limi, professional ta’limi zaruriyat bo‘lganda ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida amalga oshirilishi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan quyidagilarda foydalanilgan: Nogironligi bo‘lgan shaxslar ta’limi tizimini yanada takomillashtirish masalalari tadqiqotchi xulosalaridan olingan natijalar asosida:
nogironligi bo‘lgan shaxslarning jismoniy, aqliy, ruhiy yoki sensor nuqsonlari xususiyatlaridan kelib chiqib, barcha darajalardagi ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish va o‘z qobiliyatini yanada to‘liqroq rivojlantirish uchun butun umri davomida ta’lim olish huquqini ta’minlash zarurligiga oid taklifdan O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 15-oktyabrda qabul qilingan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘RQ-641-sonli Qonuni 38-moddasi birinchi qismini shakllantirishda hamda takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devoni yuridik boshqarmasining 2022-yil 17-noyabrdagi 1-11-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi nogironligi bo‘lgan shaxslarning butun umri davomida ta’lim olish huquqini amalga oshirishining huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qilgan;
nogironligi bo‘lgan bolalarning ta’limiga oid huquq va qonuniy manfaatlarni ta’minlash bo‘yicha zarur shart-sharoitlar yaratishni ta’lim muassasalari bilan birga davlat organlari ta’minlashi shartligiga oid taklifi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 38-moddasi ikkinchi qismini shakllantirishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devoni yuridik boshqarmasining 2022-yil 17-noyabrdagi 1-11-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy qilinishi orqali davlat organlari tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim olishi uchun ta’lim muassasalarida zaruriy shart-sharoit yaratilishiga masʻul etib belgilanishiga xizmat qilgan;
maktabgacha ta’lim tashkilotlarida nogironligi bo‘lgan bolalarga nisbatan zarur reabilitatsiya va abilitatsiya qilish choralarini amalga oshirilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish lozimligiga oid taklifidan 2020-yil 15-oktyabrdagi 641-son “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 39-moddasi ikkinchi qismini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining 2022-yil 18-avgustdagi 04/3-09-6963-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning amalda joriy etilishi har bir maktabgacha ta’lim tashkilotlarida nogironligi bo‘lgan bolalarga nisbatan zarur reabilitatsiya va abilitatsiya qilish choralarini amalga oshirilishi uchun muayyan standartlar joriy etilishiga xizmat qilgan;
nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim olish va o‘z qobiliyatini yanada to‘liqroq rivojlantirish maqsadida ularning umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’limi, professional ta’limi zaruriyat bo‘lganda ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida amalga oshirilishiga oid taklifdan 2020-yil 15-oktyabrdagi 641-son “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 40-moddasi birinchi qismini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining 2022-yil 18-avgustdagi 04/3-09-6963-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning amalda joriy etilishi nogironligi bo‘lgan shaxsning ta’lim olish huquqini amalga oshirishning egiluvchan mexanizmining belgilanishiga xizmat qilgan.