Abdig‘anieva Sitorabonu Murodulla qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston qurilish materiallari bozorini tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish», 08.00.13 – “Menejment” (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Iqt2814
Ilmiy rahbar: Yo‘ldoshev Nuritdin Qurbonovich, iqtisodiyot fanlari doktori,professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti DSc.03/30.12.2020.I.16.02
Rasmiy opponentlar: Raximova Dilfuza Nigmatovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Mirdjalilova Dildora Shuxratovnalar, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat arxitektura va qurilish instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi qurilish materiallari bozorini o‘rganib, O‘zbekiston qurilish materiallari bozorini davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish yo‘llarini ishlab chiqishga oid amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qurilish materiallarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirayotgan kichik tadbirkorlik subektlariga Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan investisiya loyihalarini amalga oshirish doirasida beriladigan bank kreditlari summasining 50 foizigacha miqdorida kafillik hamda mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga qimmat import qilinuvchi hom-ashyoni sotib olishda imtiyozlar berish taklifi asoslangan;
qurilish materiallari bozorini davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlarini mamlakatda ishlab chiqarilayotgan qurilish mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda pozisiyalash hamda qurilish materiallari bozorini barqarorlashtirish orqali takomillashtirish taklifi asoslangan;
mamlakatga 5 turdagi energiya tejamkor va ekologik (yashil) qurilish materiallari va xom ashyolarni import qilishda nol bojxona stavkasini qo‘llash asosida qurilish materiallari bozorida ekologik xom ashyolardan foydalanishni kengaytirish taklifi asoslangan;
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining iqtisodiy ko‘rsatkichlarining ekonometrik modellari va prognoz ssenariylari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston qurilish materiallari bozorini davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish yo‘llarini ishlab chiqishga oid taklif va tavsiyalar asosida:
qurilish materiallarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirayotgan kichik tadbirkorlik subektlariga Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan investisiya loyihalarini amalga oshirish doirasida beriladigan bank kreditlari summasining 50 foizigacha miqdorida kafillik hamda mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga qimmat import qilinuvchi hom-ashyoni sotib olishda imtiyozlar berish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6244-son “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida inobatga olingan (“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi 2023-yil 8-maydagi 05/15-1009-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy yangilikning amaliyotga joriy etilishi natijasida, yuqorida qayd etilgan farmon doirasida 14 turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqarish bo‘yicha tadbirkorlarga berilgan imtiyoz natijasida oxirgi yillarda ishlab chiqarish hajmi 23 foizga oshgan, yirik qurilish tashkilotlari tomonidan 2022-yilda amalga oshirilgan qurilish ishlari hajmi 12 114,5 milliard so‘mni tashkil etib, 2022 yilning mos davriga nisbatan qurilish-montaj ishlari hajmi 85,7 foizga oshgan;
qurilish materiallari bozorini davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlarini mamlakatda ishlab chiqarilayotgan qurilish mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda pozisiyalash hamda qurilish materiallari bozorini barqarorlashtirish orqali takomillashtirish taklifi “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan uyushma tarkibidagi korxonalar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi 2023-yil 8-maydagi 05/15-1009-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy yangilikning amaliyotga joriy etilishi natijasida mamlakatda qurilish materiallari ichki bozor hajmi o‘rtacha 1 foizga, tashqi bozor aylanmasi o‘rtacha 0,75 foizga oshib, qurilish materiallari mahalliy bozori sezilarli darajada barqarorlashgan;
mamlakatga 5 turdagi energiya tejamkor va ekologik (yashil) qurilish materiallari va xom ashyolarni import qilishda nol bojxona stavkasini qo‘llash asosida qurilish materiallari bozorida ekologik xom ashyolardan foydalanishni kengaytirish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-apreldagi PF-51-son “2023-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining 3-ilovasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining 2023-yil 22-iyundagi 21/05-23-0014-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy yangilikning amaliyotga joriy etilishi natijasida 5 turdagi energiya tejamkor qurilish materiallari va xom ashyolarga 2023-yil 1-maydan boshlab tegishli bojxona imtiyozlari berish orqali qurilish materiallari bozorida ekologik xom ashyolardan foydalanishni kengaytirishga erishilgan va mahalliy qurilish materiallari bozori jahon standartlariga mos ekologik qurilish materiallari bilan to‘yingan;
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi korxonalari iqtisodiy faoliyati asosiy tendensiyalarining ekonometrik modellari asosida 2030-yilga qadar ishlab chiqilgan prognoz ko‘rsatkichlaridan “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategik rejasini ishlab chiqishda foydalanilgan (2023-yil 8-maydagi 05/15-1009 sonli ma’lumotnoma). Mazkur ilmiy yangilikning amaliyotga joriy etilishi natijasida qurilish materiallari bozorini davlat tomonidan tartibga solish natijasida vujudga keluvchi istiqboldagi asosiy faoliyat ko‘rsatkichlarini o‘zaro muvofiqlashtirish imkoni yaratilgan.