Nodirov Alisher Avazovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Klinker usulda ekstraksion fosfat kislota olish va uni o‘g‘itlarga qayta ishlash texnologiyasi», 02.00.13 - Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/T3580.
Ilmiy rahbar: Sultonov Boxodir Elbekovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan muhandislik-texnologiya instituti, DSc.03/29.08.2023.K/T.66.02.
Rasmiy opponentlar: Turaev Zokirjon, texnika fanlari doktori, professor; Alimov Umar Kadirbergenovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: past sifatli MQ fosforiti – oddiy fosforit uni (OFU), undan olingan YuKFK va fosforli chiqindi bo‘lgan MM lardan sulfat kislota yordamida klinker usulda EFK olish va uning asosida ozuqa komponenti yuqori bo‘lgan samarali o‘g‘itlar olishning resurs tejamkor texnologiyalarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
turli fosfat xomashyolarini sulfat kislotasi bilan parchalash jarayoniga kislotaning turli xil me’yorlari va konsentrasiyalarining ta’sirlashish mexanizmlarining maqbul parametrlari aniqlangan;
sulfat kislota me’yori va konsentrasiyalarini ekstraksion fosfat kislota kattaliklariga ta’siri hamda fosfat kislotali klinkerdan suv va aylanma eritmalar orqali ekstraksion fosfat kislotani ajratib olish jarayonlarini maqbul kattaliklari topilgan;
klinker usulda EFK olishda hosil bo‘lgan fosfogipsni yuvish jarayonlarida uning tarkibidagi fosfat angidrid miqdorini eng kam miqdorga keltirishning maqbul sharoitlari topilgan, sifat va miqdor jihatidan qayta ishlash oson bo‘lgan fosfogips olish isbotlangan;
fosforitlardan klinker usulda ekstraksion fosfat kislota olish jarayonlarida ftorning fazalar taqsimoti va fosfat xomashyolaridan ekstraksion fosfat kislota olish jarayonini asosiy maqbul kattaliklari aniqlangan;
har xil fosforitlardan EFK olishda hosil bo‘lgan fosfogips va EFK asosida olingan o‘g‘itni zamonaviy fizik-kimyoviy tahlil usullari yordamida element va tuz tarkiblari aniqlangan;
MQ fosforitlaridan EFK olish va uning asosida ozuqa komponenti yuqori bo‘lgan oddiy fosforli va kompleks o‘g‘itlar olishni moddiy balansi va iqtisodiy samaradorligi hisoblangan va prinsipial texnoligiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Respublikamizdagi asosiy fosfat xomashyolari bo‘lgan MQ fosforitlari, ularni boyitish mahsulotlari (YuKFK) va chiqindilaridan (MM) klinker usulda EFK olish hamda uning asosida konsentrlangan oddiy fosforli va kompleks o‘g‘itlar olish texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
oddiy fosforit unidan (OFU) klinker usulda EFK olish texnologiyasi “Ifoda” QK MCHJning “2023-2024 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati”ga kiritilgan (“Ifoda” QK MCHJning 2023 yil 26 apreldagi 218-son ma’lumotnomasi). Natijada, tarkibida P2O5 ning miqdori katta va ftor qiymati kam bo‘lgan o‘g‘itlar ishlab chiqarish imkonini beradi;
oddiy fosforit unidan (OFU) klinker usulda olingan EFK asosida ammofos olish texnologiyasi “Ifoda” QK MCHJning “2023-2024 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati”ga kiritilgan (“Ifoda” QK MCHJning 2023 yil 26 apreldagi 218-son ma’lumotnomasi). Natijada, tarkibida ozuqa komponentlari (N+P2O5) yuqori bo‘lgan va ftor qiymati kichik bo‘lgan ammofos o‘g‘iti ishlab chiqarish imkonini beradi.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish