Karimov Erkin Qodirovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Sug‘oriladigan tuproqlar sifatini baholash ishlarini takomillashtirish (Buxoro viloyati Vobkent tumani misolida)», 03.00.13 – Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/V258.
Ilmiy rahbar: Artikova Hafiza Tuymurodovna, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universiteti Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.B.05.03.
Rasmiy opponentlar: Parpiev G‘ofurjon Toxirovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Uraimov Tojiddin, qishloq xoʻjalik fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sug‘oriladigan tuproqlar sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash, takomillashtirilgan dastur asosida baholash hamda tuproqlardan samarali foydalanishga doir ilmiy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sug‘oriladigan o‘tloqi-cho‘l, qumli-cho‘l, o‘tloqi-allyuvial va o‘tloqi-botqoq tuproqlaridagi oziqa moddalar, sho‘rlanish jarayonlarida sodir bo‘lgan o‘zgarishlar dinamikasi aniqlangan;
sug‘oriladigan qumli-cho‘l tuproqlarni o‘zlashtirish va sug‘orish ta’sirida gidromorf tartibotning jadallashishi, meliorativ holati salbiy tomonga o‘zgarishi hamda haydov qatlami mexanik tarkibi og‘irlashib borishi asoslab berilgan;
raqamli texnologiyalar asosida tuproq unumdorligini baholash usullarini takomillashtirishda tuproq xossa-xususiyatlari > tuproq eksplikatsiyasi > «Soil quality» dasturi ketma-ketligi mexanizmi asoslangan;
qumli-cho‘l tuproqlari uchun sug‘oriladigan tuproqlarni bonitirovkalashning bazaviy shkalasi takomillashtirilgan;
an’anaviy usulga nisbatan raqamli texnologiya yordamida tuproq unumdorligini baholashning samaradorlik ko‘rsatkichlari aniqlangan, vaqt sarfi va harajatlar miqdori har bir massiv uchun o‘rtacha 0,6 odam/oyga tejalishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Sug‘oriladigan tuproqlar sifatini baholash ishlarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
sug‘oriladigan tuproqlarning mexanik tarkibi, sho‘rlanish darajasi, gipsli, gleyli qatlam qalinligi, tuzlar miqdori, gumus, fosfor va kaliy bilan ta’minlanganlik darajalari va boshqa xususiyatlari asosida tuproq sifatini baholash bo‘yicha ishlab chiqilgan «Soil quality» dasturi «O‘zdaverloyiha» instituti «Buxvilerloyiha» bo‘linmasida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020‒yil 18‒dekabrdagi 02/022-4474-son ma’lumotnomasi). Natijada, tuproq ball bonitetini hisoblash axborot texnologiyasi asosida amalga oshirilib, vaqt va ishchi kuchidan tejashga, er kadastri ma’lumotlarini yangilash va ma’lumotlarni yagona bazada to‘planish imkonini bergan;
Vobkent tumani Al-Buxoriy massivi sug‘oriladigan er maydonlari uchun 1:10 000 miqyosdagi tuproq sifatini baholash hamda qishloq xo‘jalik ekinlarini joylashtirish xaritalari hududning 900 gektar sug‘oriladigan er maydonida amaliyotga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020‒yil 18‒dekabrdagi 02/022-4474-son ma’lumotnomasi). Natijada, sug‘oriladigan erlarning normativ qiymatini aniqlash, yagona er solig‘ini hisoblash, ekinlar hosildorligini belgilash, unumdorligi past bo‘lgan erlardan oqilona va samarali foydalanish va qishloq xo‘jalik ekinlarini joylashtirishda asos bo‘lib xizmat qilgan;
«Vobkent tumani tuproq-iqlim sharoitlari va unumdorligini hisobga olgan holda qishloq xo‘jalik ekinlarini joylashtirish bo‘yicha tavsiyalar» Buxoro viloyati tuproqlarida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020‒yil 18‒dekabrdagi 02/022-4474-son ma’lumotnomasi). Natijada, Vobkent tumani tuproq-iqlim sharoitlari va unumdorligidan kelib chiqib qishloq xo‘jalik ekinlarini joylashtirish orqali er resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilashda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan.