Masharipov Mansurbek Masharipovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Mahmudxo‘ja Behbudiy publisistikasining leksik xususiyatlari”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/Fil.2833.
Ilmiy rahbar: Normamatov Sultonbek Ermamatovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Guliston davlat universiteti, PhD.03/27.02.2020.Fil.91.02.
Rasmiy opponentlar: Mengliev Baxtiyor Rajabovich, filologiya fanlari doktori, professor; Pardaev Azamat Baxronovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Mahmudxo‘ja Behbudiy publisistik asarlari tili leksikasini o‘rganish, uning o‘ziga xos lug‘aviy, ma’noviy xususiyatlarini belgilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek adabiy tilining XX asr boshlaridagi me’yoriy murakkabligi va qorishiqligi, uni yuzaga keltirgan ijtimoiy, davriy, hududiy kabi nolisoniy hamda tilning sinxron holatidan iborat lisoniy birliklarning nutqiy voqelanishidagi lingvistik omillar adabiy tilning leksik, grammatik, imloviy me’yorlashuvidagi barqarorlik va beqarorlik jarayonlari misolida ochib berilgan;
Mahmudxo‘ja Behbudiy publisistikasi tilining lug‘aviy tarkibi hamda unda qo‘llangan leksik birliklarning semantik qirralari ijodining ma’rifatparvarlik, millatparvarlik, vatanparvarlik mavzulari bilan aloqador ekanligi, bu holat publisistik maqolalari tilining g‘oyaviy mazmunini ta’minlashda muhim o‘rin egallashi isbotlangan;
Behbudiy publisistikasida til ifodalari orasida sinonim, antonim, graduonimlar kabi leksik-semantik munosabatlarning o‘ziga xos tarzda voqelanishi, o‘zbek mumtoz adabiy tilida qo‘llangan leksemalarning metaforik, metonimik, sinekdoxik singari yangi ramziy ko‘chma ma’nolarda qo‘llanganligi dalillangan;
adibning tildagi mavjud lug‘aviy boylikdan mohirona foydalanishi bilan birga, uni yangi leksema va so‘z shakllari hisobiga boyitishga intilganligi publisistik asarlar matnida qo‘llangan okkazionalizmlar misolida asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mahmudxo‘ja Behbudiy publisistikasining leksik xususiyatlarini tadqiq qilish jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
o‘zbek adabiy tilining XX asr boshlaridagi me’yoriy murakkabligi va qorishiqligi, uni yuzaga keltirgan ijtimoiy, davriy, hududiy kabi nolisoniy hamda tilning sinxron holatidan iborat lisoniy omillar izohiga oid materiallardan, shuningdek, Mahmudxo‘ja Behbudiy publisistikasining ma’rifatparvarlik, millatparvarlik, vatanparvarlik g‘oyalari bilan aloqador bo‘lgan omillarning izohi, tavsifiga doir tadqiq natijalaridan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bajarilgan OT-F1-030 “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildlik monografiyani (7-jild) chop etish” fundamental loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 8-apreldagi 04/1-694-son ma’lumotnomasi). Natijada, monografiyaning XIX asr oxiri XX asr boshlariga oid qismi adabiy tur va janrlar takomili, adabiy an’ana va o‘ziga xoslik masalalarida yangi ma’lumotlar bilan boyishiga erishilgan;
M.Behbudiy publisistikasida qo‘llangan o‘zlashma til ifodalari orasidagi leksik-semantik munosabatning sinonim, antonim hamda graduonim kabi turlari, ularning publisistik matnda leksik-semantik jihatdan o‘ziga xos tarzda voqelanishiga oid materiallardan; leksema va obrazli ifodalarning metaforik, metonimik, sinekdoxik usulda ko‘chma ma’noda qo‘llanishi, ularga yangi real va ramziy ma’nolar yuklanganligiga oid misollardan BV-Atex-2018-(143)-raqamli “Ko‘zi ojiz shaxslar uchun kompyuter texnikasidan foydalanish, matnlarni o‘qish va yozish imkonini beruvchi o‘zbek tiliga asoslangan gapiruvchi dasturiy ta’minot va ovoz sintezatorini ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 8-apreldagi 01/10-688-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur grant loyihasi doirasida tayyorlangan o‘quv-uslubiy lug‘atda o‘zlashma so‘zlarning semantik tabiatini to‘laqonli tavsiflash, izohlashga erishilgan;
ma’rifatparvar jadid adibi Mahmudxo‘ja Behbudiyning tilshunoslik merosi, publisistik asarlarining til xususiyatlariga oid nazariy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston tarixi” telekanalida 2021-2022- yillarda efirga uzatilgan “Mavzu”, “Tarixiy savol”, “Manbalar so‘zlaganda” ko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanalining 2023-yil 13-apreldagi 02-06-562-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur teleko‘rsatuvlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukammallashgan holda ilmiy dalillarga boy bo‘lishi ta’minlangan.