Xusenov Naim Nutfilloevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «MAS texnologiyasi asosida fuzariozli vilt kasalligiga chidamlilik lokuslarining g‘o‘za genotiplariga introgressiyasi», 03.00.14 – Genomika, proteomika va bioinformatika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/V230.
Ilmiy rahbar: Kushanov Faxriddin Ne’matullaevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genomika va bioinformatika markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, DSc.02/30.12.2019.B.53.01.
Rasmiy opponentlar: Ubaydullaeva Xurshida Abdullaevna, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Boboev Sayfulla G‘afurovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi DNK-marker texnologiyasi usullaridan foydalanib g‘o‘za germoplazmasidagi namunalar orasidan fuzarioz vilt kasalligiga chidamli bo‘lgan genotiplarni aniqlash, ushbu patogenga chidamli va tola sifati yuqori bo‘lgan spesifik populyasiya yaratish, chidamlilik bilan genetik birikkan QTL lokuslarini molekulyar xaritalash, shuningdek chidamliligi, hosildorligi hamda tola sifati yuqori bo‘lgan yangi seleksion tizmalarni olishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekiston g‘o‘za germoplazma kolleksiyasidan tanlab olingan o‘rta tolali g‘o‘za namunalari Fusarium oxysporum f.sp. vasinfectum zamburug‘i 4-rasasiga chidamlilik darajasi sun’iy zararlantirish asosida tekshirilib, yuqori chidamlilik namoyon etgan genotiplar tanlab olingan;
fuzarioz vilt kasalligiga chidamlilik bilan genetik birikkan mikrosatellit markerlar ajratib olingan va ularning paneli yaratilgan;
MAS texnologiyasi usullari asosida maqsad qilingan QTL allellarini tutgan 20 ta turli kombinatsiyada bekkross duragaylari olingan;
DNK-markerlar texnologiyasidan foydalanib yaratilgan spesifik populyasiyada fuzarioz vilt kasalligiga chidamlilik bilan genetik assotsiatsiyalangan QTL lokuslari molekulyar xaritalashtirilgan;
g‘o‘zaning MAS seleksiyasi dasturida foydalanish uchun Assotsiatsiativ va QTL xaritalash asosida fuzarioz vilt kasalligiga chidamlilikka aloqador DNK-markerlari identifikatsiya qilingan;
fuzarioz vilt kasalligiga chidamli va tola sifati yuqori bekkross duragay tizmalari olingan;
Unipro UGENE (In silico PZR tahlili) bioinformatik dasturi, AUGUSTUS veb-ilovasi, shuningdek, NCBI ma’lumotlar bazasi BLAST global qidiruv tizimidan foydalanib FOV patogeniga chidamlilik belgilarining yuzaga chiqishida ishtirok etish ehtimoli bo‘lgan nomzod gen va oqsillar guruhi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
MAS texnologiyasi asosida fuzariozli vilt kasalligiga chidamlilik lokuslarining g‘o‘za genotiplariga introgressiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
g‘o‘zaning fuzarioz vilt kasalliklariga chidamli liniyalaridan FA-F-QX-2018-395 “Genom seleksiyasi” usulidan foydalanib g‘o‘zaning mahalliy navlariga tola sifati, vilt kasalliklari hamda g‘o‘zaning asosiy so‘ruvchi zararkunandalariga chidamlilik genlarini kiritish asosida g‘o‘zaning boshlang‘ich seleksion materiallari hamda liniyalarini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihaning bajarilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2023 yil 22 maydagi 4/1255-1086-son ma’lumotnomasi). Natijada, “Genom seleksiyasi” usulidan foydalanib, PD-648, Coker-124, Las Brenas-347, Mebane B1, DPZ- 554085 va Rex g‘o‘za tizmalaridagi fuzarioz vilt kasalligiga chidamli QTL lokuslarini mahalliy navlarga o‘tkazish orqali tola sifati yuqori, vilt kasalligi hamda so‘ruvchi zararkunandalarga chidamli boshlang‘ich seleksion materiallar olish imkonini bergan;
g‘o‘zaning fuzarioz vilt kasalligiga chidamli PD-648, Coker-124, Las Brenas-347, Mebane B1, DPZ-554085 hamda Rex donor genotiplari va BC3F2 [(R-M-2200×Las Brenas-347)×R-M-2200] bekkross duragay kombinatsiyasi tizmalari Genomika va bioinformatika markazining “Genom texnologiyalari asosida yaratilgan noyob g‘o‘za va boshqa ekinlar genofondi” noyob ob’ektiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2023 yil 22 maydagi 4/1255-1087-son ma’lumotnomasi). Natijada, MAS texnologiyasi asosida olingan tizmalar o‘rta tolali g‘o‘za kolleksiyasi genetik xilma-xilligini boyitish imkonini bergan;
g‘o‘zaning fuzarioz vilt kasalligiga chidamli donor (PD-648, Coker-124, Las Brenas-347, Mebane B1, DPZ- 554085 hamda Rex) genotiplari va BC3F2 [(R-M- 2200×Las Brenas-347)×R-M-2200] bekkross duragay kombinatsiyasi tizmalari Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot institutining VA-FA-F-5-020 “G‘o‘za va bug‘doy UAK-populyasiyalarida QTL lokuslarini genetik kartalashtirish va ularning o‘zgaruvchanlik qonuniyatlarini aniqlash” mavzusidagi fundamental loyihaning bajarilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 01 iyundagi 05/06-510-son ma’lumotnomasi). Natijada, MAS texnologiyasi asosida g‘o‘zaning tola sifati, hosildorlik va vilt kasalligiga chidamli QTL allellari bir genotipga jamlangan seleksion populyasiyalar olingan va ushbu populyasiyalar ichidan fuzarioz vilt kasalligiga 25-30 foiz chidamlilikni namoyon etgan tizmalarni tanlab olish imkonini bergan;
g‘o‘zaning fuzarioz vilt kasalligiga chidamli BC3F2 [(R-M- 2200×Las Brenas-347)×R-M-2200] bekkross duragay kombinatsiyasi tizmalari 2021-2022 yillar davomida Buxoro viloyati, Buxoro tumanidagi “Diyorbek Obod Zamini” fermer xo‘jaligining (tabiiy vilt bilan zararlangan) 1,5 gektar maydonida joriy etilgan (O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashining 2023 yil 01-iyundagi 01/03-1038 son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu duragay kombinatsiyasining viltga chidamli tizmalari hisobiga hosildorlikni 8-10 foizga oshirish imkonini bergan.