Norbekov Jurabek Kushbokovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «DNK-barkodlash usuli yordamida mahalliy bug‘doy navlarining genetik pasportini ishlab chiqish», 03.00.14 – Genomika, proteomika va bioinformatika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/V352.
Ilmiy rahbar: Kushanov Faxriddin Ne’matullaevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genomika va bioinformatika markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, DSc.02/30.12.2019.B.53.01.
Rasmiy opponentlar: Adilov Baxtiyor Shuxratovich, biologiya fanlari doktori; Djabborov Ibrohim Shodmonovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi mahalliy bug‘doy navlarining morfobiologik va genetik xilma-xilligini, navlar o‘rtasidagi filogenetik munosabatlarni aniqlash hamda DNK-barkodlash usuli asosida navlarning individual genetik pasportini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mikrosatellit markerlar bilan mahalliy bug‘doy navlarini PZR-skrining asosida ularning genetik xilma-xilligi va o‘zaro filogenetik munosabatlari aniqlangan;
bug‘doy navlari o‘rtasida yuqori darajada polimorfizmga ega bo‘lgan mikrosatellit markerlar paneli tuzilgan;
ilk bor polimorf markerlar asosida mahalliy bug‘doy navlari uchun genetik pasportlar ishlab chiqilgan;
verifikatsiya qilish asosida genetik pasportlashda foydalanilgan samarali allellar soniga ega mirosatellit markerlarning boshqa navlarda ham yuqori polimorfizm namoyon etganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
DNK-barkodlash usuli yordamida mahalliy bug‘doy navlarining genetik pasportini ishlab chiqish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
DNK-barkod usuli yordamida nav tozaligi amalga oshirilgan bug‘doy navlari urug‘chilik maqsadida 2022-yilda Janubiy dexqonchilik institutning markaziy tajriba xo‘jaligida “Xisorak” navi 10 gektar maydonda, Kasbi bo‘limida “Shams” navi 8 gektar maydonda, G‘uzor bo‘limida “Xazrati Bashir” navi 9 gektar maydonda, Qarshi bo‘limida “Bunyodkor” navi 6 gektar maydonda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 2 iyundagi 05/21-05/2681-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu bug‘doy navlari super elita avlodli urug‘larining navdorlik darajasi 99,9 foizni tashkil etgan, hamda “Xisorak” navida xosildorlikning 8 s/ga, “Shams” navida 5 s/ga, “Xazrati Bashir” navida 7 s/ga va “Bunyodkor” navida 6 s/ga yuqori xosil olish imkonini bergan;
bug‘doyning sariq zang kasalligiga chidamlilik bilan aloqador DNK markerlar paneli tuzilgan, hamda ushbu DNK-markerlar to‘plami FA-A-QX 2018-427 “MAS texnologiyasining “genlarni piramidalash” usulidan foydalanib, yumshoq bug‘doyda asosiy biotik va abiotik stress faktorlarga chidamlilik genlarini bir genotipga jamlash va shu asosda yangi liniyalar yaratish” mavzusidagi amaliy loyihasida bug‘doy namunalarining sariq zang kasalligiga chidamliligini o‘rganish uchun genetik jihatdan tavsiflashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2023 yil 26 maydagi 4/1255-1138-son ma’lumotnomasi). Natijada, seleksion jarayonlar bir qancha muddatga qisqargan hamda qimmatli xo‘jalik belgilariga ega namunalar tanlash imkonini bergan.