Turdiqulov Sherzod Duminovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
“Lingvomadaniy kodlarning onomastik birliklarda ifodalanishi (Surxondaryo teotoponimlari misolida)”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).  
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Fil1415.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.
Ilmiy rahbar: Maxmaraimova Shoxista Tuxtashevna, filologiya fanlari doktori, professor.
Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, Ilmiy kengash raqami: Termiz davlat universiteti, PhD.03/31.03.2021.Fil.78.04.
Rasmiy opponentlar: Mirsanov G‘aybulla Qulmurodovich, filologiya fanlari doktori, dotsent; Shukurov Otabek Ulashevich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi Surxondaryo teotoponimlarining lingvomadaniy xususiyatlarini tekshirish, ularning voqelanishida asos vazifasini o‘tagan lingvomadaniy kodlarni aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XX asr onomasiologiyasi kesimida teotoponimlar tadqiqi va tasnifiga doir yondashuvlarning etarli emasligi, o‘zbek toponimikasida teotoponimlarga bag‘ishlangan tadqiqotlarning mavjud emasligi hamda onomasiologik asosida teotoponim tushunchasining nekrotoponim, ekklezionim kabi toponimik onimlarning qiyosi asosida lingvistik maqomi ochib berilgan;
Surxondaryo teotoponimlarining yuzaga kelishida Markaziy Osiyo xalqlari mifologiyasida mavjud qal’a, tog‘, daraxt, suv, Qirqqiz, “etti pir”, sahobalar, avliyolar, so‘filar, valiylar kabi o‘nga yaqin kultlarning ishtiroki aniqlanib, teotoponimlar voqelanishida asos vazifasini o‘tovchi lingvomadaniy kodning  toponimik indikatorlar bilan lingvomadaniy vazifalar bajaruvchi kult ekanligi dalillangan;
Surxondaryo teotoponimikasiga mansub birliklar miqdori statistik jihatdan olinib, ularda fonetik, leksik ko‘pvariantliligi mavjudligi aniqlangan hamda ularda lingvomadaniy kodni belgilash jarayonida eng ko‘p sonli aholi yashovchi hududning teotoponimik ko‘rsatkichlari asos sifatida olinishi zarurati isbotlangan;
dialektal arealning toponimik arealga lokal va hududiy munosabati hamda lokal mifologik tizim unsurlarining hududlararo,  etimologik hamda areal  ta’siri asosida  hudud aholisining toponimik birlikka nisbatan milliy lingvomadaniyatga xos aqidaviy qarashlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Surxondaryo teotoponimlari lingvistik xususiyatlarining tasnifi, etimologiyasi, mazkur joy nomlarini areal va lingvomadaniy kesimda o‘rganishga doir xulosalardan:
XX asr onomasiologiyasi kesimida teotoponimlar tadqiqi va tasnifiga doir yondashuvlarning etarli emasligi, o‘zbek toponimikasida teotoponimlarga bag‘ishlangan tadqiqotlarning mavjud emasligi hamda onomasiologik asosida teotoponim tushunchasining nekrotoponim, ekklezionim kabi toponimik onimlarning qiyosi asosida lingvistik maqomi  ochib berilganligiga doir ma’lumotlardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida  bajarilgan “O‘zbek va ingliz tillarining elektron (inson qiyofasi, fe'l-atvori, tabiat va milliy timsollar tasviri) poetik lug‘atini yaratish” nomli innovatsion amaliy grant loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022-yil 5-sentyabridagi 04/1-2410-son ma’lumotnomasi). Natijada lug‘at tarkibidagi o‘zbek tilidagi onomastik  birliklar, xususan, o‘zbek tilidagi teotoponimlar etnolingvomadaniy  xususiyatlarining lingvomadaniy kodlarda ifodalanishi, teotoponimlar etimologiyasining o‘zbek tili izohli lug‘atlarida berilishiga doir nazariy bilimlarning mukammallashuviga erishilgan;
Surxondaryo teotoponimlarining yuzaga kelishida Markaziy Osiyo xalqlari mifologiyasida mavjud qal’a, tog‘, daraxt, suv, Qirqqiz, “etti pir”, sahobalar, avliyolar, so‘filar, valiylar kabi o‘nga yaqin kultlarning ishtiroki aniqlanib, teotoponimlar voqelanishida asos vazifasini o‘tovchi lingvomadaniy kod bilan ular tarkibida kelgan indikatorlar o‘rtasidagi etimologik (kelib chiqishi) jihatdan o‘xshash va farqli tomonlari dalillanganligiga oid xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot instituti tomonidan olib borilgan FA-A1-G007 “Qoraqalpoq naql-maqollari lingvistik tadqiqot obekti sifatida” mavzusidagi amaliy-ilmiy tadqiqotda foydalanilgan (O‘zR Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2022-yil 14-apreldagi 17.02/89-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek tilida onomastik birliklar, xususan, teotoponimlarning vujudga kelishida kognitiv tuzilmalarga mansub nazariy umumlashmalarning mukammallashuviga erishilgan;
dialektal arealning toponimik arealga lokal va hududiy munosabati hamda lokal mifologik tizim unsurlarining hududlararo etimologik hamda areal  ta’siri aniqlanganligiga oid xulosalardan Surxondaryo viloyat teleradiokompaniyasining “Til – millat ko‘zgusi”, “Kun mavzusi”, “Dialog” deb nomlangan ko‘rsatuvlar ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Surxondaryo viloyat teleradiokompaniyasining 2022-yil 11-noyabrdagi 01-01-125-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘lka toponimikasi, ziyoratgohlar turizmi, joy nomlarini tanlashda o‘zbek adabiy tili me’yorlariga amal qilish, bu haqdagi hukumat qarorlari ijrosining targ‘ibot ishlari mazmuni mukammallashgan.

 

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish