Xadjimuxametova Matluba Adilovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i):
“Saralash stansiyasining texnik va texnologik parametrlarini optimallashtirish asosida transport jarayonlarining innovatsion texnologiyalari”, 05.08.03 – “Temir yo‘l transportini ishlatish”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.DSc/T405
Ilmiy maslahatchining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Aripov Nazirjon Mukaramovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti, PhD.15/31.08.2022.T.73.01.
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Raxmangulov Aleksandr Nelevich – texnika fanlari doktori, professor; Fayzibaev Sherzod Sabirovich – texnika fanlari doktori, professor; Muxamedjanova Ayjan Vesmovna – texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi saralash stansiyasining texnik va texnologik parametrlarini optimallashtirish asosida transport jarayonlarining innovatsion texnologiyalarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
siqilgan havoni to‘plash hisobiga saralash stansiyasining qabul qilish parkiga kelgan poezdning yo‘qotgan kinetik energiyasini rekuperatsiya rejimini qo‘llash asosida elektr, shuningdek pnevmatik energiyaga o‘zgartirishning innovasion texnologiyasi yaratilgan;
Braxistoxron egriliklar asosida turli turkumdagi vagonlar mumkin bo‘lgan eng katta tezlikda saralash tepaligidan harakatlanishini hisobga olgan holda uning profilini optimallashtirish usuli takomillashtirilgan;
Bellman optimallik mezonlari asosida saralash tepaligi profilining vagonlar harakatini tezlatish elementlarini meyorlashning yangicha yondashuvi tushish qismi qiyaliklarining ketma-ketlikda pasayish shartini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan;
saralash parkida vagonlarni tormozlash qurilmasi saralanuvchi uzilmaning og‘irligi hamda qurilmaning harakatlantiruvchi dastagi roligida maksimal kuchlanishni hisobga olgan holda takomillashtirilgan;
saralash stansiyasining mahalliy vagon oqimlarini tashkil etish bo‘yicha faoliyatini matematik modellari uzatuvchi poezdlarning optimal sonini hisobga olgan holda keltirilgan xarajatlarni minimallashtrish asosida ishlab chiqilgan;
shahar logistikasi tizimida saralash va yuk stansiyalari hamkorligining ilg‘or usuli mahalliy yuklarni iste’molchilarga muddatida etkazib berish talablarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi quyidagilardan iborat:
Saralash stansiyasining texnik va texnologik parametrlarini optimallashtirish asosida transport jarayonlarining innovatsion texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
saralash tepaligi bo‘ylama profilining optimal parametrlarini izlashning algoritmlari va instrumental vositalari “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Transport Vazirligining 26-may 2023-yildagi 2/3463-sonli ma’lumotnomasi). Natijada tizim elementlarining qayta ishlash qobiliyatini oshirish bo‘yicha echimlarni optimal izlash hisobiga, saralash tepaligining, yuk terminallarining va turli transport vositalarining unumdorligini oshirishga imkoniyat beruvchi, ruxsat etilgan eng katta tezlikda turli turkumdagi vagonlarning saralash tepaligidan harakatlanishi uchun uning profilini optimallashtirishga erishilgan;
pnevmatik energiyani to‘plash tizimi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning Chuqursoy saralash stansiyasida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Transport Vazirligining 26-may 2023-yildagi 2/3463-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu tizim qabul qilish parkiga kelgan poezd tomonidan tormozlash jarayonida hosil qiladigan kinetik energiyasini to‘plash hisobiga tejamkorlikni oshiradi. Bunda bir yilda bitta poezd uchun 9977,3 ming so‘m iqtisod qilingan;
mahalliy ishlarga xizmat ko‘rsatish uchun saralash stansiyasida manyovr ishlarini modellashtirish usuli “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning Chuqursoy saralash stansiyasida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Transport Vazirligining 26-may 2023-yildagi 2/3463-sonli ma’lumotnomasi). Natijada saralash stansiyasining to‘planish nohiyasi uchun mahalliy poezdlarni tuzish va jo‘natishning modellari va algoritmlari ishlab chiqilgan, buning natijasida shahar ichida katta hajmli avtomobillarning harakat miqdori va masofasi kamayganligi hisobiga vagonlar va konteynerlarning shahar ichida joylashgan yuk terminallarigacha etib kelishi ta’minlanadi. Joriy etilishidan olingan iqtisodiy samaradorlik bir yilda 285000 ming so‘mni tashkil etgan.