Abdullaev Elnur Axmatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qayta tiklanuvchan energiya manbalariga ega korxonalarning yuklama grafiklarini optimallashtirish”, 05.05.02 – “Elektrotexnika. Elektr energiya stansiyalari, tizimlari. Elektrotexnik majmualar va qurilmalar” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/T1621.
Ilmiy rahbar: Gayibov Tulkin Shernazarovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.03/10.12.2019.T.03.03.
Rasmiy opponentlar: Mirzabaev Akram Maxkamovich, texnika fanlari doktori, dotsent; Sattarov Xurshid Abdishukurovich, texnika fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat transport universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi qayta tiklanuvchan energiya manbalariga ega korxonalarning yuklama grafiklarini optimallashtirish masalasining matematik modellari hamda uni echish usul va algoritmlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
quyosh fotoelektr stansiyasiga ega bo‘lgan korxonalarning yuklama grafiklarini barcha cheklovchi va ta’sir etuvchi faktorlarni eʼtiborga olib optimallashtirish masalasining chiziqli ko‘rinishidagi matematik modeli ishlab chiqilgan;
shamol qurilmasiga ega bo‘lgan korxonalarning yuklama grafiklarini optimallashtirishning egri chiziqli ko‘rinishdagi matematik modeli va uni chiziqli dasturlash masalasiga keltirish orqali echish algoritmi ishlab chiqilgan;
qayta tiklanuvchan energiya manbalarida ishlovchi gibrid elektr stansiyasiga ega bo‘lgan korxonalarning yuklama grafiklarini optimallashtirish masalasining matematik modeli va uni echishning chiziqli dasturlash masalasiga keltirishga asoslangan algoritmi barcha cheklovchi shartlarni hisobga olib yaratilgan;
qayta tiklanuvchan energiya manbalaridan foydalanuvchi elektr stansiyalarida ishlab chiqariluvchi elektr energiyasini sotish imkoniyatiga ega bo‘lgan korxonalarning yuklama grafiklarini optimallashtirishning egri chiziqli dasturlash masalasi ko‘rinishidagi matematik modeli va uni echishning chiziqli dasturlash masalasiga keltirishga asoslangan algoritmi taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qayta tiklanuvchan energiya manbalarida ishlovchi elektr stansiyalariga ega bo‘lgan korxonalarning yuklama grafiklarini optimallashtirishning matematik modellari va algoritmlarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
qayta tiklanuvchan energiya manbalaridan foydalanuvchi elektr stansiyalariga ega bo‘lgan korxonaning yuklama grafiklarini barcha cheklovchi va ta’sir etuvchi faktorlarni hisobga olib optimallashtirish uchun ishlab chiqilgan matematik model va algoritm “Do‘stlikdonmahsulotlari” AJga joriy etilgan (“O‘zdonmahsulot” AKning 2022-yil 17-noyabrdagi 6-1-2/292-1353-sonli ma’lumotnomasi). Natijada xarakterli sutkalik yuklama grafiklarini optimallashtirish yordamida sutka davomida elektr energiyasi isteʼmoli bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni 7,6 % gacha kamaytirish imkoniyati yaratilgan;
qayta tiklanuvchan energiya manbalaridan foydalanuvchi elektr stansiyalariga ega bo‘lgan korxonaning yuklama grafiklarini optimallashtirish masalasining chiziqli ko‘rinishidagi matematik modeli va algoritmi “Do‘stlikdonmahsulotlari” AJning yuklama grafiklarini optimallashtirishga joriy etilgan (“O‘zdonmahsulot” AKning 2022-yil 17-noyabrdagi 6-1-2/292-1353-sonli ma’lumotnomasi). Natijada elektr tarmog‘iga nisbatan korxona yuklama grafigini optimallashtirish hisobiga kutilayotgan iqtisodiy samaradorlik 152,17 mln. so‘mni tashkil etgan.