Xrojiddinova Muattar Mansurovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “O‘zbek tilida rang-tus bildiruvchi so'zlar konnotatsiyasi”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/Fil2051.
Ilmiy rahbar: Qurbonova Muhabbat Matyoqubovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi:Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qo‘qon davlat pedagogika instituti, PhD.03/04.06.2021.Fil.32.01.
Rasmiy opponentlar: Lutfullaeva Durdona Esonovna, filologiya fanlari doktori, professor; Abdurahmonov Shavkatjon Ashurovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tilidagi rang-tus bildiruvchi so‘zlarning lisoniy makrosistemadagi konnotativ xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek tilida sifat so‘z turkumiga, xususan, uning rang-tus bildiruvchi ma’no guruhlariga tegishli lug‘aviy birliklarning konnotatsiyani ifodalovchi maxsus leksik-grammatik, aksiologik, mazmuniy-meʼyoriy paradigmalari aniqlangan;
siyosiy, ijtimoiy, madaniy, iqtisodiy sohaga oid leksemalarning istiqlol yillarida qo‘llanish darajasi ko‘rsatilib, rang-tus semali shaxs, predmet, belgi va jarayon nomlarini anglatuvchi lug‘aviy birliklarning qo‘shimcha ma’no ottenkasi, uslubiy bo‘yog‘i kabi struktur-semantik belgilari asoslangan;
rang-tus bildiruvchi sifatlarning badiiy adabiyotning og‘zaki hamda yozma shakllari hisoblangan poetik nutq, xalq urf-odatlari aks etgan folklor materiallarida qo‘llanish me’yorlari dalillangan;
rang-tus bildiruvchi sifatlarning o‘xshatish, metafora, metonimiya va epitet kabi hodisalarga asoslangan funksiyalari ijobiy yoki salbiy maʼno anglatuvchi konnotatsiyani hosil qilishi va pragmatik sema vazifasini bajarishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tilidagi rang-tus bildiruvchi so‘zlarning tadqiqi yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
rang-tus bildiruvchi so‘zlarning derivatsion xususiyatlari bo‘yicha chiqarilgan xulosalardan “Qoraqalpoq tilining yangi alfavit va imlo qoidalariga muvofiq ona tili va adabiyotini rivojlantirish metodikasi” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Pedagogika ilmiy tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston filialining 2022-yil 19-avgustdagi 211-son ma’lumotnomasi). Natijada loyihadagi funksional so‘z yasalishi masalasiga doir xulosalar ilmiy-nazariy qarashlar bilan boyitilgan;
o‘zbek tilidagi rang-tus bildiruvchi so‘zlarning siyosiy, ijtimoiy, madaniy, iqtisodiy sohaga oid leksemalarning istiqlol yillaridagi qo‘llanilish darajasi haqidagi xulosalardan “Hozirgi qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Pedagogika ilmiy tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston filialining 2022-yil 19-avgustdagi 212-son ma’lumotnomasi). Natijada rang-tus bildiruvchi so‘zlar konnotatsiyasining struktur-semantik, funksional-pragmatik xususiyatlari bo‘yicha olingan xulosalardan oliy ta’lim muassasalarida ma’ruza hamda seminar mashg‘ulotlarida foydalaniladigan materiallar to‘ldirilib,uslubiy tavsiyalar ishlab chiqilgan;
rang-tus bildiruvchi sifatlarning badiiy adabiyotning og‘zaki hamda yozma shakllari hisoblangan poetik nutq, xalq urf-odatlari aks etgan folklor materiallarida qo‘llanish meʼyorlari haqidagi xulosalardan O‘zbekiston DUK “Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” muharririyatining “Bedorlik”, “Ma’naviyat va ma’rifat” mavzusidagi eshittirishlarini efirga tayyorlashda samarali foydalanilgan (“O‘zbekiston” teleradiokanalining 2021-yil 6-sentyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada mazkur teleradiokanal materiallari ilmiy va amaliy jihatdan boyigan, mazmunan mukammallashuvi ta’minlangan.