Mo‘minov Temur Abror o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Akademik Ibrohim Mo‘minovning O‘zbekistonda ijtimoiy fanlar rivojiga qo‘shgan hissasi”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi, 07.00.02 – Fan va texnologiyalar tarixi ixtisosliklari (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.PhD/Tar803.
Ilmiy maslahatchi: Rajabov Qahramon Kenjaevich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Ermetov Avaz Abdullaevich, tarix fanlari doktori, professor; Hasanov Jasur Mamatqodirovich, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot nomi: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi akademik Ibrohim Mo‘minovning hayot yo‘li, kasbiy va ilmiy faoliyatini o‘rganish orqali uning O‘zbekistonda ijtimoiy fanlar rivojiga qo‘shgan hissasini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Ibrohim Mo‘minovning sovet mafkurasi hukmronligi sharoitida ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasidagi ilmiy tadqiqot muassasalari, xususan adabiyotshunoslar, iqtisodchilar, huquqshunoslar, faylasuflar, tarixchilar va sharqshunoslardan iborat olimlar faoliyatini davr talablari va milliy manfaatlar bilan muvofiqlashtirib borgani ochib berilgan;
Ibrohim Mo‘minovning rahbarlik faoliyatida xalq manfaatlarining ustuvorligi, respublikaning ijtimoiy-siyosiy va madaniy rivojiga, xususan zamonaviy falsafa maktabiga asos solinishi, Hindiston, Afg‘oniston, Pokiston va boshqa davlatlarda keng tarqalgan Mirzo Abdulqodir Bedil ijodi, O‘zbekiston tarixining qadimgi davri, buyuk allomalar hayoti va faoliyati, shaharlar tarixi, Amir Temur va temuriylar davri, jadidchilik g‘oyasi va milliy-ozodlik harakatlari tarixiga doir tadqiqotlarning amalga oshirilishiga qo‘shgan hissasi dalillangan;
Ibrohim Mo‘minov ilmiy maktabi va uning milliy kadrlar tayyorlashdagi milliy va pragmatik yondashuvlari, nafaqat O‘zbekistonda, balki butun O‘rta Osiyo va Qozog‘iston mintaqasida birinchi Qomusni yaratishdagi tashabbuskorligi va tashkilotchiligi, xususan, O‘zbek Sovet Ensiklopediyasi Bosh tahririyatini tashkil etishdagi jonbozligi ochib berilgan;
Ibrohim Mo‘minovning Amir Temur shaxsini sovet tuzumi davrida xolis o‘rganish ishini boshlab berishdek ilmiy jasorati va unga bo‘lgan nohaq tazyiqlardan iborat kompaniyaning avj oldirilishi, xususan o‘zbek xalqining o‘rta asrlar tarixiga oid yozma manbalar va qo‘lyozmalarining nashr etilishining to‘xtatilishi va yo‘q qilinishi, faylasuf olimga qilingan xujumlar umrining oxirigacha davom etganligi arxiv hujjatlari, u kishi bilan birga mehnat qilgan zamondoshlarining xotiralari va og‘zaki tarix materiallari asosida ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Akademik Ibrohim Mo‘minovning O‘zbekistonda ijtimoiy fanlar rivojiga qo‘shgan hissasiga oid hujjatli manbalar, ilmiy adabiyotlar, dissertatsiyalar, risolalar, ilmiy va publisistik maqolalarda keltirilgan ma’lumotlarni tadqiq etish natijasida ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va natijalar asosida:
Ibrohim Mo‘minovning hayoti, kasbiy, ilmiy va jamoatchilik faoliyatiga oid hujjatli manbalar, ilmiy adabiyotlar va ishlarning tadqiq etilishi natijasida olingan ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Markaziy Osiyo xalqaro instituti tomonidan Ibrohim Mo‘minovning hayoti va ilmiy faoliyati bo‘yicha ma’lumotnoma tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Markaziy Osiyo xalqaro institutining 2021 yil 25-dekabrdagi 03/03-2-894-son ma’lumotnomasi). Ma’lumotlarining joriy etilishi Ibrohim Mo‘minovning hayoti yo‘li, ilmiy va ijtimoiy faoliyati, O‘zbekiston Fanlar akademiyaisi Falsafa va huquq institutining tashkil etilishidagi roli, birinchi O‘zbek qomusining yaratilishidagi o‘rni, O‘zbekiston fani va ta’limi rivojiga qo‘shgan hissasini kengroq ochib berishga xizmat qilgan;
Ibrohim Mo‘minov ilmiy maktabi va uning milliy kadrlar tayyorlashdagi milliy va pragmatik yondashuvlari, nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda birinchi Qomusni yaratishdagi tashabbuskorligi, tashkilotchiligi, xususan O‘zbek Sovet Ensiklopediyasi Bosh tahririyatini tashkil etishdagi tashabbuskorligi va uning faoliyatidagi jonbozligi O‘zME joriy arxivi hujjatlarida keltirilgan ma’lumotlarning tahlili va umumlashtirilishi orqali olingan natijalardan O‘zbekiston MTRK “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga o‘zatilgan “Taqdirlar” ko‘rsatuvining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zMTRK “O‘zbekiston” teleradiokanali DUKning 2022 yil 19 sentyabrdagi 02-30/1529-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarning joriy etilishi Ibrohim Mo‘minovning hayoti, kasbiy va ilmiy faoliyati, uning XX asrning ikkinchi yarmida o‘zbek ilm-fanining tashkilotchisi sifatidagi faoliyatini kengroq yoritishga xizmat qilgan;
Ibrohim Mo‘minovning Amir Temur shaxsini mustabid davrida xolis o‘rganish ishini boshlab berishdek ilmiy jasorati va unga bo‘lgan nohaq tazyiqlar, xususan ilmiy yangiliklarning joriy etilishiga bo‘lgan og‘zaki va yozma qarshiliklar, asarlarning nashrdan to‘xtalishi va yo‘q qilishini arxiv hujjatlari, u kishi bilan birga mehnat qilgan zamondoshlarning xotiralari va og‘zaki tarix materiallar asosida ochib beruvchi ma’lumotlardan Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondini boyitishda foydalanilgan (Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondining 2022 yil 16 dekabrdagi 04-60-son dalolatnomasi). Tadqiqot natijalarining joriy etilishi O‘zbekistonda Temurshunoslik maktabini boshlab bergan Ibrohim Mo‘minov faoliyatini chuqur tadqiq etish, fondni yangi ma’lumotlar bilan to‘ldirish imkoniyatini bergan.