Sattarov Akram Madaminovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): O‘zbekistonda aholini ko‘chirish siyosati (Farg‘ona vodiysi viloyatlari misolida, 1946-1991-yillar), 07.00.01 - O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.PhD/Tar632.
Ilmiy rahbar: Batirova Barno Nabievna, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/31.03.2021.Tar.05.05.
Rasmiy opponentlar: Abdullaev Muzrobjon G‘ulomovich, tarix fanlari doktori, professor; Haydarov Izzatilla Maxmutalievich, tarix fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi 1946-1991-yillarda Farg‘ona vodiysi aholisini yangi o‘zlashtirilgan erlarga ko‘chirish tadbirlari hamda aholi uning ijtimoiy-iqtisodiy hayotga ta’sirini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekistonda sovet hokimiyatining aholini ko‘chirish siyosatining to‘rtta asosiy bosqichi aniqlanib, birinchi bosqichda (1946-1949-yillar) yangi erlarda zarur sharoitlar yo‘qligi uchun ko‘chirilganlarning aksariyati avvalgi yashash joylariga qaytishga majbur bo‘lgani, ikkinchi bosqichda (1949-1963-yillar) respublikada aholini ko‘chirish bilan shug‘ullanuvchi alohida tuzilma vujudga kelgani, uchinchi bosqichda (1963-1980-yillar) yangi o‘zlashtirilgan hududlarda keng qamrovli qishloq infratuzilmasi yaratilgani, to‘rtinchi bosqichda (1980-1991-yillar) aholining ko‘chishi lokal va individual xususiyat kasb etgani asoslangan;
O‘zbekistonda yangi erlarni o‘zlashtirish va aholini ko‘chirish tadbirlari asosan paxtachilikni rivojlantirish maqsadida amalga oshirilgani, aholini ko‘chirish jarayonlarida Farg‘ona vodiysi viloyatlari asosiy obekt vazifasini bajargani dalillangan;
ko‘chirish siyosatining dastlabki davrida aholini yangi o‘zlashtirilgan erlarga ko‘chirish «ixtiyoriy-majburiy» usullarga asoslanganligi, bu davrda ko‘chirilgan aholining uy-joy bilan ta’minlash, ularga ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatish, imtiyozli kreditlar ajratish kabi zarur sharoitlar yaratilmagani bois ko‘chirish tadbirlari samarasiz bo‘lganligi asoslangan;
yangi o‘zlashtirilgan hududlarga Farg‘ona vodiysidan ko‘chirilgan aholining bu erlarda qishloq xo‘jaligini yo‘lga qo‘yish, xususan, paxtachilikni rivojlantirishda yetakchi ahamiyatga ega bo‘lganligi, bu borada respublikaning boshqa hududlaridan kelgan aholiga katta tajriba bo‘lganligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 1946-1991-yillarda Farg‘ona vodiysi aholisini yangi o‘zlashtirilgan erlarga ko‘chirilishi tarixiga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
1946-1991-yillarda amalga oshirilgan aholini ko‘chirish siyosatining huquqiy asoslari, amalga oshirish mexanizmlari, ko‘chirish tamoyillarining buzilishi, ko‘chirilganlarning mehnat faoliyati va yangi erlarga moslashuvi murakkab kechganligi, kadrlar muammosi, yangi erlarni o‘zlashtirish va paxtachilikni rivojlantirishda Farg‘ona vodiysi aholisining asosiy mehnat resursi bo‘lganligiga oid materiallardan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Davlat muzeyi ekspozisiyalari bo‘limlarini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2022-yil 9-noyabrdagi 10/2112-son ma’lumotnomasi). Taqdim etilgan ilmiy natijalar muzeyga tashrif buyuruvchilarda sovet hukumatining aholini ko‘chirish siyosati va uning oqibatlari, xalqimizning yangi erlarni o‘zlashtirishdagi fidokorona mehnati, ko‘chirilgan aholining ijtimoiy hayotidagi murakkab o‘zgarishlar va ziddiyatlar haqidagi tasavvurlarini boyitishga xizmat qilgan;
aholi ko‘chirilgan yangi hududlarda kolxoz va sovxozlarning tashkil etilishi, ko‘chib borgan aholining qishloq xo‘jaligidagi mehnat faoliyati va yangi erlarga moslashishidagi murakkablik va qiyinchiliklarni yorituvchi materiallardan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining 2017-2020-yillarda bajarilgan OT-F1-95 raqamli «Fanlararo yondashuvning murakkab tizimlarini tadqiq etishdagi imkoniyat va istiqbollari» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy universitetining 2022-yil 15-dekabrdagi 04/11-8217-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar fundamental grant loyihasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash asosida mamlakatimiz fuqarolarining aholini ko‘chirish siyosati yuzasidan tasavvurlarini kengaytirishga xizmat qilgan;
Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda O‘zbekistonda paxtachilikni yanada rivojlantirish, yangi erlarni o‘zlashtirish, o‘zlashtirilgan erlarda kolxoz va sovxozlarning tashkil etilishi, ko‘chirish siyosatining huquqiy-me’yoriy asoslari, Farg‘ona vodiysi aholisini ko‘chirish jarayonida hamda uy-joy bilan ta’minlanishida yuzaga kelgan qiyinchiliklarga oid ma’lumotlardan, ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston tarixi» telekanalining «Taqdimot» ko‘rsatuvi senariysini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston teleradiokanali» davlat muassasasining 2022-yil 16-dekabrdagi 02-31-2086-son ma’lumotnomasi). Taqdim etilgan materiallar ko‘p sonli teletomoshabinlarning 1946-1991-yillarda Farg‘ona vodiysi aholisining yangi erlarni o‘zlashtirish maqsadida ko‘chirilishi to‘g‘risida yangi ilmiy ma’lumotlarga ega bo‘lishiga xizmat qilgan.