Abdulhakimov Salim O‘ralovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Yoshlar kasbiy intellektual salohiyatini oshirishning sotsial asoslari», 22.00.02 – Ijtimoiy tuzilish, ijtimoiy institutlar va turmush tarzi (sotsiologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/S21.
Ilmiy rahbar: Latipova Nodira Muxtarjanovna, sotsiologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, DSc.20/30.12.2019.S.23.02.
Rasmiy opponentlar: Seitov Azamat Pulatovich, sotsiologiya fanlari doktori; Yunusov Alisher Bobomurodovich, sotsiologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonda yoshlar kasbiy intellektual salohiyatini oshirish hamda rivojlantirishning sotsial asoslarini aniqlash va uni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yoshlarda intellektual mehnat mentalitetini rivojlantirishda shaxsning xulq-atvor, ijtimoiy fikr hamda o‘zaro harakat va munosabatlar doirasida kechadigan virtual olamning sotsial transformatsion hamda sotsiosinergetik xususiyatlari ochib berilgan;
jamiyat hayotida ma’lum bir kasb, malaka va yosh kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlar o‘rtasidagi optimal muvozanatga erishishda yoshlarning qobiliyatlaridan kelib chiqib kasbiy o‘zini o‘zi anglashiga qaratilgan ko‘pfunksionalli, murakkab va uzlyuksiz ijtimoiy imtiyozlarni e’tiborga olish mexanizmi sotsiologik asoslantirilgan;
yoshlarda intellektual salohiyatni rivojlantirishda ularning kuchli, kuchsiz tomonlarini va imkoniyatlarini e’tiborga olib, ta’limda innovatsion muhitni yo‘lga qo‘yilishi orqali kasbiy mas’uliyatni oshirishga yo‘naltirilgan «kasbiy aql»ni mehnat bozorida raqobatbardosh mahsulot sifatida mustahkamlanishi sotsiologik asoslantirilgan;
jamiyatdagi ijtimoiy o‘zgarishlar jarayonida yoshlarni kasbiy javobgarlik dasturlariga jalb qilishning ijtimoiy mazmunini aniqlashga yo‘naltirilgan intellektual kapital, bilimlarni tizimli boshqarish, axborot ta’minoti kabi tarkibiy qismlarini bajaradigan asosiy sotsiologik vazifalari ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Yoshlar kasbiy intellektual salohiyatini oshirish tizimini takomillashtirish g‘oyalarini o‘rganish asosida:
yoshlarda intellektual mehnat mentalitetini rivojlantirishda shaxsning xulq-atvor, ijtimoiy fikr hamda o‘zaro harakat va munosabatlar doirasida kechadigan virtual olamning sotsial transformatsion hamda sotsiosinergetik xususiyatlarini ochib berish bo‘yicha xulosalardan 2019 yil 10 sentyabr kuni «Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!» bosh g‘oya asosida «Mustaqillik karvoni» targ‘ibot aksiyasi va turli ko‘rik tanlovlarni o‘tkazishda foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2019 yil 26 sentyabrdagi 0209-1302-son dalolatnomasi). Natijada yoshlarning kasbiy intellektual salohiyatidan ma’naviy-ma’rifiy sohani boshqarish tizimini ilmiy asoslab berishga xizmat qilgan;
jamiyat hayotida ma’lum bir kasb, malaka va yosh kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlar o‘rtasidagi optimal muvozanatga erishishda yoshlarning qobiliyatlaridan kelib chiqib, kasbiy o‘zini o‘zi anglashiga qaratilgan ko‘p funksionalli, murakkab va uzlyuksiz ijtimoiy imtiyozlarni e’tiborga olish lozimligi bo‘yicha xulosalardan 2019 yil 18 iyunda maktabgacha ta’lim muassasalaridagi tarbiyalanayotgan 5-7 yoshli tarbiyalanuvchilar o‘rtasida «Kitobxon-bolajon» ko‘rik-tanlovida foydalanilgan (O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi markaziy kengashining 2019 yil 13 sentyabrdagi 04-13/4189-son dalolatnomasi). Natijada yoshlar ittifoqi tashkilotlarida sohalarni innovatsion rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni ishlab chiqish va kasbiy intellektual salohiyatni oshirishga xizmat qilgan;
yoshlarda intellektual salohiyatni rivojlantirishda ularning kuchli, kuchsiz tomonlarini va imkoniyatlarini e’tiborga olib, ta’limda innovatsion muhitni yo‘lga qo‘yilishi orqali kasbiy mas’uliyatni oshirishga yo‘naltirilgan «kasbiy aql»ni mehnat bozorida raqobatbardosh mahsulot sifatida mustahkamlanishi yuzasidan, shuningdek, «Mahallalarda istiqomat qiluvchi iste’dodli yoshlarning iqtidorlarini namoyon etishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish» bo‘yicha xulosa va tavsiyalaridan Andijon shahridagi «Samarqand» va «Chorguzar» mahalla fuqarolar yig‘inlarida, «Yoshlar kasbiy intellektual salohiyati va bandlik masalalari» mavzusida targ‘ibot tadbirlari tashkil etishda foydalanilgan (Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashining 2019 yil 17 oktyabridagi 02-03/700-son dalolatnomasi). Natijada mahallalarda yoshlarning kasbiy intellektual salohiyatidan kelib chiqqan holda, ularning muammolarini o‘rganishga oid loyihalarni ilmiy asoslash imkonini bergan;
jamiyatdagi ijtimoiy o‘zgarishlar jarayonida yoshlarni kasbiy javobgarlik dasturlariga jalb qilishning ijtimoiy mazmunini aniqlashga yo‘naltirilgan intellektual kapital, bilimlarni tizimli boshqarish, axborot ta’minoti kabi tarkibiy qismlarini bajaradigan asosiy sotsiologik vazifalari bo‘yicha xulosa va tavsiyalardan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti Kengashining 2018 yil 30 noyabrdagi 4-sonli bayonnomasi bilan ma’qullangan «Sotsiologiya» nomli o‘quv qo‘llanmada «Sotsiologik tadqiqotlar natijalarini tahlil qilish va umumlashtirish» deb nomlangan IX bobning 4-paragrafini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 4 oktyabrdagi 89-03-3727-son ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqotga oid to‘plangan ma’lumotlarni tahlil qilish va umumlashtirish orqali empirik sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazish imkoni kengaydi.