Ismoilova Nodirabegim Usmonjon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Qur’oni Karim tafsiridagi o‘xshatishlarning lingvistik xususiyatlari (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Tafsiri Hilol” asari misolida)”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/Fil2163.
Ilmiy rahbar: Nurmanova Dilfuza Abduhamidovna, filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi: Qo‘qon davlat pedagogika instituti, PhD.03/04.06.2021.Fil.32.01.
Rasmiy opponentlar: Jamoliddinova Dilnoza Mirhojiddinovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor; Raupova Laylo Raximovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tilshunosligida ilk bor muqaddas diniy manba – Qur’oni Karimni teolingvistikaning tadqiq ob’ekti sifatida tavsiflash hamda uning tafsiridagi o‘xshatish konstruksiyalarining lingvistik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘xshatish amaliyotida uni bajaruvchi birgina inson emasligi dalillanib, o‘xshatish amali Alloh taalo insoniyat va borliq, inson insoniyat va borliq kabi ikki bosqichda amalga oshirilishi asoslangan;
o‘xshatish konstruksiyalarining shakliy-mazmuniy qurilish mexanizmi ochib berilib, u to‘rt komponentdan iborat bo‘lgandagina ob’ektni to‘laqonli tavsiflashi dalillangan;
Qur’oni Karim tafsiridagi o‘xshatishlar ikki bosqichda ochib berilib, til bosqichida o‘zbek tilshunosligida mavjud o‘n to‘rtta o‘xshatish turi to‘rt komponent asosida tavsiflangan, nutq bosqichida ilk bor pragmatik o‘xshatish turi mavjud ekani isbotlangan;
o‘zbek tilshunosligida diniy matn muallifining roli belgilangan hamda shu asosda ikkita - muqaddas diniy manbalar va diniy matnlar farqlanib, ularning tarkibiy qismlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘xshatish konstruksiyalarining shakliy-mazmuniy qurilish mexanizmi tadqiqi bo‘yicha erishilgan ilmiy xulosalar asosida:
o‘xshatish konstruksiyalarining shakliy-mazmuniy tuzilishi borasidagi jahon va o‘zbek olimlarining qarashlari sharhi, o‘xshatish to‘rt komponentdan iborat bo‘lgandagina tadqiq ob’ektini to‘laqonli tavsiflay olishi yuzasidan keltirilgan dalillar; o‘xshatish konstruksiyalari tadqiqidagi ikki xil nazariy bosqich, xususan, til bosqichida o‘zbek tilshunosligida mavjud o‘xshatish turlarini to‘rt komponent asosidagi tavsifi, nutq bosqichida pragmatik o‘xshatish turi mavjud ekani bo‘yicha ilmiy-nazariy yondashuvlardan O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston filiali tomonidan olib borilgan F3-2016-0908165532-raqamli “Qoraqalpoq tilining yangi alfavit va imlo qoidalariga muvofiq ona tili va adabiyotini rivojlantirish metodikasi” (2017-2020) mavzusidagi fundamental loyihani bajarishda foydalanilgan (T.N.Qori-Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston filialining 2022 yil 17 noyabrdagi 327-raqamli ma’lumotnomasi). Natijada loyihadagi nazariy qarashlarning qimmati ortishi va boyitilishiga erishilgan;
Qur’oni Karim tafsiridagi o‘xshatishlarning lingvistik tadqiqi yuzasidan erishilgan ilmiy natijalaridan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bajarilishi 2018-2020-yillarga mo‘ljallangan BV-Atex-2018-(143) raqamli “Ko‘zi ojiz shaxslar uchun kompyuter texnikasidan foydalanish, matnlarni o‘qish va yozish imkonini beruvchi o‘zbek tiliga asoslangan gapiruvchi dasturiy ta’minot va ovoz sintezatorini ishlab chiqish” nomli amaliy grant loyihasi doirasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022 yil 28 oktyabrdagi 04/1-3546-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘xshatish konstruksiyalarining shakliy-mazmuniy tuzilishi, yondosh hodisalar bilan integral va differensial jihatlari borasidagi qarashlar mukammallashgan;
“Tafsiri Hilol” asarida keltirilgan o‘xshatish konstruksiyalarining lingvistik tadqiqi bo‘yicha erishilgan ilmiy xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston 24” teleradiokanali DM “O‘zbekiston 24” radiokanalining “Radiomuloqot” va “Muhim mavzu” dasturlari ssenariylarini (2021-2022 yillar) tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali Davlat muassasasining 2022-yil 21-noyabrdagi 03-09-636-son ma’lumotnomasi). Natijada radioeshittirishlarning ilmiy metodologik va amaliy dolzarbligini ta’minlashga erishilgan;
o‘xshatish amaliyotining ikki bosqichi yuzasidan chiqarilgan ilmiy xulosalardan Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida “jaholatga qarshi ma’rifat” ulug‘vor g‘oya asosida dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ezgulik, tinchlik va insoniylik kabi fazilatlarning azaliy qadriyatlarimizning ifodasi ekanligini keng yoritishda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali DM “Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” muharririyatining “Ta’lim va taraqqiyot”, “O‘zbekiston yoshlari”, “Hidoyat sari” dasturlari ssenariylarini (2021-2022 yillar) tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali Davlat muassasasining 2022 yil 17 noyabrdagi 04-36-1903-son ma’lumotnomasi). Natijada radioeshittirishlarning ilmiy metodologik va amaliy dolzarbligini ta’minlashga erishilgan.