Esanov Husniddin Qurbonovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Janubi-G‘arbiy Qizilqum florasi”, 03.00.05 - Botanika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘ yxatga olingan raqam: B2022.3.DSc/B173.
Ilmiy maslahatchi: Tojibaev Komiljon Sharobitdinovich, biologiya fanlari doktori, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Botanika instituti, DSc.02/30.12.2019.V.39.01.
Rasmiy opponentlar: Xasanov Furqat Orunboevich, biologiya fanlari doktori, professor; Mavlanov Xudargan, biologiya fanlari doktori; Haydarov Xislat Qudratovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy-amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Janubi-g‘arbiy Qizilqum  yuksak o‘simliklar florasining konspektini tuzish, floraning kompleks tahlil qilish va aborigen hamda adventiv fraksiyalarning qiyosiy tavsifini amalga oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Janubi-G‘arbiy Qizilqum florasining zamonaviy tarkibi 68 oila, 346 turkumga mansub 795 turdan tashkil topgan konspekti tuzilgan va o‘ziga xos xususiyatlari aniqlangan;
boshlang‘ich ma’lumotlar bilan qiyoslaganda olib borilgan izlanishlar tadqiqot hududi florasini 215 dan ortiq turlar bilan boyitilishiga xizmat qildi. Ulardan 7 tur O‘zbekiston florasi uchun ilk bor keltirilmoqda;
O‘zbekistonda floristik tadqiqotlar amaliyotida birinchi marta o‘rganilayotgan hudud florasi aborigen va adventiv fraksiyalarga bo‘linib, ularning qiyosiy tahlili amalga oshirilgan;
floraning transformatsiya yo‘llari o‘rganilgan va antropogen omillar ta'sirida adventiv turlar sonining ko‘payishi asoslangan, adventiv turlarning tarqalish xaritalari tuzilgan;
tabiiy hududlarda geologik qazilma ishlarining ortib borishi va chorva mollarining ko‘p boqilishi ta’siri ostida kamyob va yo‘qolib borayotgan turlarning davlat kadastri yaratilgan;
tadqiqot hududida muhofaza qilinadigan Qizilqum davlat qo‘riqxonasi va Buxoro ixtisoslashgan Jayron pitomnigi florasining zamonaviy konspekti tuzilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Janubi-G‘arbiy Qizilqum florasini o‘rganish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
68 oila, 346 turkumga mansub 795 tur yuksak o‘simliklar konspekti, em-xashak (384 tur), dorivor (227), zaharli o‘simliklarning (80) yangi ro‘yxati, shuningdek, 23 tur kamyob va endem o‘simliklar hamda ular tarqalishining GAT xaritalari O‘zdaverloyiha davlat ilmiy-loyiha instituti Buxoro viloyat bo‘linmasining amaliy faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 23 iyundagi №06/26-05/3093-son ma’lumotnomasi). Taqdim etilgan natijalar cho‘l o‘simliklari turlarining ilmiy-amaliy monitoringini tashkil etish va Buxoro viloyatining bir qator em-xashak, dorivor, zaharli, shuningdek, kamyob va endemik o‘simlik turlarining yangi tarqalish joylarini aniqlashga xizmat qilgan;
chetdan kirib kelgan invaziv o‘simliklarning 228 turdan tashkil topgan ma’lumotlari Bioxilma-xillik to‘gʻrisidagi global ma’lumotlar tizimiga (www.gbif.org, GBIF) kiritilgan (Global bioxilma-xillik ma’lumotlar bazasining 2023-yil 31-martdagi guvohnomasi). Taqdim etilgan natijalar asosida O‘zbekistonda birinchi marta invaziv turlar ro‘yxati tuzildi va keyinchalik GBIF portalida e’lon qilindi;
muallif tomonidan yig‘ilgan 62 oila, 584 turga mansub 5000 dan ortiq gerbariy namunalari O‘zbekiston Milliy gerbariysi (TASh) fondiga topshirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2023 yil 06 apreldagi 4/1255-716-son ma’lumotnomasi). Ushbu materiallar Qizilqum turlarining so‘nggi 30 yilda tadqiqot hududidan yig‘ilgan eng boy kolleksiyasi bo‘lib, noyob ilmiy fondni boyitish, shuningdek, O‘zbekiston florasi haqidagi axborot-tahlil tizimini kengaytirish imkonini bergan;
Botanika institutining Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan O‘zbekiston florasining yangi jildlarini tayyorlash bo‘yicha fundamental loyihaga tadqiqot hududidan to‘plangan Plumbaginaceae, Gentianaceae, Boraginaceae, Caprifoliaceae va Apiaceae oilalar turlari bo‘yicha yangi ma’lumotlar, shuningdek, o‘simlik turlarining tarqalishiga oid 1500 dan ortiq geobog‘langan ma’lumotlar joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2023 yil 06 apreldagi 4/1255-716-son ma’lumotnomasi). Natijalar O‘zbekiston florasining (2016-2023) dastlabki besh jildini yangi ma’lumotlar bilan boyitishga imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish