Samiev Kamoliddin A’zamovichning
texnika fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Passiv quyosh isitish tizimlarining issiqlik samaradorligi”, 05.05.06– « Qayta tiklanadigan energiya turlari asosidagi energiya qurilmalari».
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.DSc/T344. 
Ilmiy maslahatchi: Avezova Nilufar Rabbanakulovna, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Fizika-texnika instituti, DSc.02/27.02.2020.FM/T.110.01.
Rasmiy opponentlar: Kenjaev Idirisbek Gulamovich, texnika fanlari doktori, professor; Raximov Rustam Xakimovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Urishev Boborahim Urishevich, texnika fanlari doktori, professor. 
Yetakchi tashkilot: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi passiv quyosh isitish tizimiga ega turar-joy binolarining asosiy konstruktiv va issiqlik-texnikaviy parametrlarining ratsional qiymatlarini O‘zbekiston iqlimi sharoitida aniqlash uchun mazkur tizimlarda sodir bo‘ladigan issiqlik jarayonlarining matematik modelini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
“To‘g‘ridan-to‘g‘ri nurlanish” turdagi passiv quyosh isitish tizimlariga ega bo‘lgan turar-joy binolarining issiqlik xususiyatlarini hududning iqlim sharoitini hisobga olgan holda aniqlash imkonini beruvchi bino issiqlik rejimining matematik modeli taklif etilgan;
umumiy fasad yuzasining 24% Tromb devori bo‘lgan “Massiv devor” tipidagi passiv quyosh isitish tizimiga ega turar joy binosining issiqlik rejimini hamda foydalanish muddatining narxini inobatga olib, turli passiv elementlarni qo‘llash samaradorligini hududning iqlimiy ko‘rsatgichlarini hisobga olgan holda baholash imkonini beruvchi matematik model ishlab chiqilgan;  
turar-joy binosiga birlashtirilgan “Issiqxona” tipidagi passiv quyosh isitish tizimlarida sodir bo‘ladigan nostatsionar issiqlik jarayonlarini hududning aktinometrik va iqlimiy ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda, hisoblash imkonini beruvchi matematik model ishlab chiqilgan;
Tromb devori bilan passiv quyosh isitish tizimlariga ega turar-joy binolarining solishtirma issiqlik xossalarini bino fasadining yo‘nalishi, shaffof to‘siqning solishtirma isiqlik qarshiligi, Tromb devori yuzasining fasad yuzasiga nisbati va massa sarfi orqali aniqlash imkonini beruvchi approksimatsiyalovchi ifoda olingan;
ko‘p parametrli optimallashtirish va faktorli tahlil usulidan foydalangan holda, bino fasadining yo‘nalishi, shaffof to‘siqning solishtirma issiqlik qarshiligi, Tromb devori yuzasining fasad yuzasiga nisbati va massa sarfining optimal kombinatsiyasi aniqlangan;
“To‘g‘ridan-to‘g‘ri nurlanish” va “Massiv devor” turdagi passiv quyosh isitish tizimlari uchun tizimning issiqlik yo‘qotilishini mavjud analoglarga nisbatan 23,8% dan 61,4% gacha kamaytirish imkonini beruvchi energiya tejovchi oyna bloki ishlab chiqilgan;
Gradus-sutka usulidan foydalangan holda, O‘zbekistonning besh hududi uchun passiv quyosh isitish tizimiga ega turar-joy binolarining tashqi devorlari izolyasiya qatlami qalinligining optimal qiymati aniqlangan. Bunda, passiv quyosh isitish tizimlariga ega binolar uchun energiya tejamkor va iqtisodiy jihatdan maqbul devor issiqlik izolyasiyasi qatlamining qalinligi passiv element sifatida qaralib, isitish va sovutish davrining gradus-sutkasi qiymatlariga ko‘ra 1,9 sm dan 5 sm gacha bo‘lishi aniqlangan. 

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Respublika bino va inshootlarida foydalanish uchun passiv quyosh isitish tizimlari parametrlarini o‘rganishda olingan natijalarga asosan:
FAP 01883 “Energiya tejovchi oyna bloki” asosida ishlab chiqilgan qurilma “Tashelektromash” MChJdagi “Mir-solar” MChJ ma’muriy binosida amaliyotga joriy etilgan (“O‘zeltexsanoat” AJning 2022-yil 21-noyabrdagi 04-3/2404-son ma’lumotnomasi). Energiya tejovchi oyna blokiga ega passiv quyosh isitish tizimidan foydalanish natijasida, yilning isitish davrida, birlamchi yoqilg‘i-energetika resurslarini 30 % dan ortiq tejash imkonini bergan;
 Passiv quyosh isitish tizimlari uchun energiya tejovchi oyna blokida o‘tkazilgan tajriba natijalari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika institutida bajarilgan YoFA-Ftex-2018-13 «Singulyar integral tenglamalarni taqribiy-analitik echish uchun optimal algoritmlar» loyihasini bajarishda foydalanilgan (O‘zR FA V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika institutining 2023 yil 17 maydagi ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish loyiha doirasida amalga oshirilgan tadqiqotlarni yuqori aniqlikda amalga oshirish imkonini bergan; 
«Issiqxona» tipidagi passiv quyosh isitish tizimining issiqlik xarakteristikalari va samaradorligini o‘rganish natijalari bir qator xorijiy tadqiqotlarda qo‘llanilgan [Sustainability, 12, 2794, 2020, IF: 5.0; Acta Mathematica Sinica, English Series, 37(7), 1066-1088, 2021, IF:1,2; Applied Solar Energy, 51(2), 107-111, 2015, IF:2.5 va boshqalar], natijada, turli xil konstruksiyalarni tahlil qilish, “issiqxona” tipidagi passiv quyosh isitish tizimlarining texnik va iqtisodiy xususiyatlarini optimallashtirish imkonini bergan.


 

Yangiliklarga obuna bo‘lish