Yakubova Dilafruz Murodovnaning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori  (PhD) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Noan’anaviy karamning kolrabi (brassica oleracea var. gongylodes) turini yangi serhosil istiqbolli navlarini yaratish”, 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Taqdimot mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/Qx964.
Ilmiy rahbar: Amanova Maxfurat Eshmurodovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: kolrabi karamining “Qizil toj” navi (NAP 00407). O‘zbekiston Respublikasi Intelektual mulk agentligining 2022 yil 31 avgustdagi NAP 20210006-son xulosasi.
II. Tadqiqotning maqsadi Kolrabi karamining Toshkent viloyati iqlim-sharoitida mos yuqori hosildor namunalarni tanlash, istiqbolli namunalarni seleksiyaga jalb etish, maqbul ekish muddatlarini aniqlash va ishlab chiqarishga joriy etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ilk bor respublikamiz iqlim sharoitida kolrabi karamining chetdan introduksiya qilingan Venskaya belaya 1350, VIR K-214, VIR K-206, VIR K-41, Fioletovaya, Gigant, Sirenoviy tuman, Pikant, Delikatesnaya belaya, Violetta, Smak va Nejenka nav-namunalarini morfobiologik va qimmatli xo‘jalik belgilari o‘rganilgan;
kolrabi karamining kolleksiya namunalarini ertapisharligi bo‘yicha 4 ta (VIR k-41, (Fransiya), Pikant, Nejenka va Smak (Rossiya), hosildorligi bo‘yicha 6 ta (Gigant, Delikatesnaya belaya, Smak, Fioletovaya, Sireneviy tuman va Violetta) nav va namunalari ajratib olingan, hamda ushbu namunalarning hosildorligi andoza Amokashi naviga nisbatan 10-80 foizgacha yuqori ekanligi aniqlangan;
poyamevaning tovarbopligi bo‘yicha VIR K-41 (93%), Fioletovaya (92%), Venskaya belaya 1350 (92%), Pikant (90%) va Violetta (90%) nav namunalari tanlab olingan bo‘lib, ushbu nav va namunalarda tovarbop poyamevalar miqdori Amokashi naviga nisbatan 2-5% gacha yuqori ekanligi aniqlangan;
kolrabi karami boshqa karamlar kabi respublikamiz iqlim sharoitiga tez moslasha olishi, yil davomida uch martagacha (2 marta ochiq dalada, 1 marta issiq xonada) sifatli parhezbop mahsulotlar etishtirish mumkin ekanligi tajribalar orqali isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kolrabi karamining jahon genofondini kompleks o‘rganish asosida morfobiologik va qimmatli xo‘jalik belgi va xususiyatlariga ega navlarni yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
kolrabi karamining ertapishar, serhosil, yorilishga bardoshli yangi “Qizil toj” navi yaratilgan va O‘zbekiston Respublikasi Intelektual Mulk agentligi tomonidan seleksiya yutug‘i sifatida patent (NAP 00407) berilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 05-yanvardagi № 07/23-11-son ma’lumotnomasi). Natijada, karam genofondi ertapishar, serhosil, yorilishga bardoshli yangi kolrabi karam navi bilan boyitilgan.
kolrabi karamining “Qizil toj” navi Toshkent viloyatining Qibray tumanida 0,32 gektar, Andijon viloyatining Oltinko‘l va Andijon tumanlarida 0,37 gektar, Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida 0,24 gektar sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari hamda Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi Axborot-maslahat markazi (Extension Center) DUK tajriba dalasida 0,18 gektar, shuningdek, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida 0,10 gektar, jami 1,21 gektar maydonga asosiy va takroriy ekin sifatida ekilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 05-yanvardagi № 07/23-11-son ma’lumotnomasi). Natijada, kolrabi karamining “Qizil toj” navidan o‘rtacha 40-45 tonna/ga hosil olingan va O‘zbekiston respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan “Amokashi” naviga nisbatan hosildorligi 22 % ga yuqori bo‘lgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish