Islamov Soxib Yaxshibekovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Olmaning (Malus Mill) klon payvandtaglarida intensiv bog‘dorchilik uchun sertifikatlangan ko‘chat etishtirish texnologiyasining ilmiy asoslari», 06.01.07– Mevachilik va uzumchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc./Qx22.

Ilmiy maslahatchi: Buriev Xasan Chutbaevich, biologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand qishloq xo‘jalik instituti, PhD.27.06.2017.Qx.12.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.

Rasmiy opponentlar: Kayimov Abduxalil Kayimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Ostonaqulov Toshtemir Eshimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor;  Kojaxmetov Sovetbek Kojaxmetovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot nomi: Akademik M.M.Mirzaev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: olmaning intensiv tipdagi sanoat bog‘larini barpo qilishda uning vegetativ ko‘payishini ta’minlovchi klon payvandtaglaridan foydalangan holda sertifikatlangan ko‘chatlarini etishtirishning samarali texnologiyasini ishlab chiqish.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor Ist-Molling va Molling-Merton kolleksiyasining vegetativ yo‘l bilan ko‘paytiriluvchi olma payvandtaglari tiplari o‘sishi va rivojlanishining morfo-biologik xususiyatlari aniqlangan;

payvandtaglar er ustki qismining o‘sish kuchi bo‘yicha guruhlarga ajratilib, mintaqaviy tasniflangan;

payvandtaglar novdalari, kurtaklari va ildiz tizimining sovuqqa chidamliligi aniqlandi; o‘simliklarning suv va ozuqa bilan ta’minlanganlik darajasiga bog‘liq ravishda olmaning ona payvandtaglarini yoshiga xos mahsuldorligi aniqlangan;

payvandtaglarni yog‘ochlashgan novdalaridan o‘stirishning qulay sharoitlari aniqlandi; olma payvandtaglarini mikroiqlimi boshqariladigan maxsus inshootda sun’iy substratlarda yarim yog‘ochlashgan yashil qalamchalaridan etishtirishning yangi  texnologiyasi ishlab chiqilgan;

payvandtag va payvandust kombinatsiyalarida hujayralarning kambial faollik sur’atining mos tushishidan kelib chiqib, kurtak payvand qilishning qulay muddatlari aniqlangan;

kurtak payvand qilish muddatlari, payvandust kurtaklarining yaxshi tutishi va sertifikatlangan olma ko‘chatlari chiqishi o‘rtasida yuqori darajadagi bog‘liqlik (r=0,93-1,00) aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

Olmaning (Malus Mill) klon payvandtaglarida intensiv bog‘dorchilik uchun sertifikatlangan ko‘chat etishtirish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:

bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklari uchun «Kuchsiz o‘suvchi payvandtaglarda intensiv bog‘larni barpo qilish» mavzusida tavsiyanoma ishlab chiqilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 22 avgustdagi 15/09-874-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma olma etishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida qo‘llanma sifatida keng foydalanilmoqda.

olmaning vegetativ yo‘l bilan ko‘payadigan klon payvandtaglarini yog‘ochlashgan va yashil qalamchalaridan ko‘paytirish, payvandtag materiali etishtirish, kurtak payvand qilish hamda sertifikatlangan ko‘chat etishtirish texnologiyalari 2011–2016 yillar davomida Sirdaryo viloyatida 6,0 ga, Toshkent viloyatida 9,5  ga, Jizzax viloyatida 4,0 ga, Samarqand viloyatida 3,5 ga, jami 23 ga bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 11 avgustdagi 02/22-418-son ma’lumotnomasi). Mazkur texnologiyalarning joriy etilishi natijasida fermer xo‘jaliklarida olma bog‘larini sug‘orish 2 martagacha qisqarishi, mineral o‘g‘itlar me’yorining 25 foizgacha tejalishi, begona o‘tlarni o‘sishining 50 foizgacha  kamayishi va xo‘jaliklarda sertifikatlangan ko‘chatlar etishtirish hajmini ikki martagacha oshirishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish