Pardaev Abdiqodir Abdiraimovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi):
“Alouddin Buxoriyning “Risala fi-l-e’tiqod” asaridagi kalom ilmi masalalari tahlili”, 24.00.03 – Fiqh, kalom ilmi. Ilohiyot (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/Tar974.
Ilmiy rahbar: Sagdiev Habibullo Yodgorovich, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, DSc.35/30.12.2019.Isl/Tar/F.57.01.
Rasmiy opponentlar: Muxamedov Ne’matullo Asatullaevich, tarix fanlari doktori, dotsent; Muratov Abdishukurjon Abdiqodirovich, islomshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Alouddin Buxoriyning “Risala fi-l-e’tiqod” asaridagi kalom ilmiga oid masalalarni, ularning ilmiy-amaliy ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Alouddin Buxoriy insonlar Allohni tanish (معرفة الله) aql yoki naql vositasida vojib bo‘lishi masalasida “Allohni tanish naql bilan lozim bo‘ladi” degan qarashga moyil bo‘lgani va buning natijasida naql etib bormagan insonlar oxiratda uzrli sanalishi haqidagi hukmni ma’qullagani dalillangan;
“Risala fi-l-e’tiqod” asarida insonlardagi bilish vositalarining uch asos (sog‘lom his qilish sezgilari, rost xabar va aql)ga taqsimlanishi mantiq ilmidagi “istiqro” (استقراء – tekshirib bilish) qoidasiga tayangan holda yoritib berilgani aniqlangan;
Abulhasan Ash’ariyning “takvin (التكوين) mukavvanning ayni o‘zidir”, ya’ni “yaratish yaratilganning ayni o‘zi bo‘ladi”, degan fikrini Alouddin Buxoriy “Yaratuvchining yaratishi faqat yaratilgan narsa orqaligina tushuniladi, ma’nosida aytilgan”, deb izohlashi bilan ash’ariya maktabining fe’liy sifatlar borasidagi qarashlari mohiyatiga aniqlik kiritgani isbotlangan;
Alouddin Buxoriy kalom ilmida ixtiloflarga sabab bo‘lgan inson taqdiridagi baxtlilik (سعادة) va baxsizlik (شقاوة) masalasida Allohning ilmiga ko‘ra har ikkisi o‘zgarmaydi, degan qarash tarafdori bo‘lgani bois bandadagi zohiriy o‘zgarish uning asliy sifati haqidagi hukmga ta’sir etmasligini ochiqlagani dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Alouddin Buxoriyning “Risala fi-l-e’tiqod” asaridagi kalom ilmi masalalari bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijasida ishlab chiqilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar asosida:
Abulhasan Ashʼariyning “takvin (التكوين) mukavvanning ayni o‘zidir”, yaʼni “yaratish yaratilganning ayni o‘zi bo‘ladi”, degan fikrini Alouddin Buxoriy “Yaratuvchining yaratishi faqat yaratilgan narsa orqaligina tushuniladi, maʼnosida aytilgan”, deb izohlashi bilan ashʼariya maktabining feʼliy sifatlar borasidagi qarashlari mohiyatiga aniqlik kiritgani O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy diniy taʼlim muasssalarida foydalanilgan (O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2023-yil 22-iyundagi 1846-son ma’lumotnomasi). Natijada, kalom ilmiga doir xulosaviy yangi maʼlumotlar ilmiy jamaotchilikka etib borishiga xizmat qilgan;
mutakallim olim Alouddin Buxoriy “Risala fi-l-eʼtiqod” asarida insonlarning bilish vositalari uch asos (sog‘lom his qilish sezgilari, rost xabar va aql)ga taqsimlanishi mantiq ilmidagi “istiqro” (استقراء – tekshirib bilish) qoidasiga tayangan holda yoritib bergani aniqlangani borasidagi xulosalar “Eʼtiqod durdonalari” nomli kitob mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2023-yil 23-iyundagi 02-02/1-4934-son ma’lumotnomasi). Natijada, Alouddin Buxoriyning ilmiy-nazariy tahlillari turli aqidaparast oqimlarga raddiya berishda asosli manba bo‘lib xizmat qilgan;
Alouddin Buxoriy insonlar Allohni tanish (معرفة الله) aql yoki naql vositasida vojib bo‘lishi masalasida “Allohni tanish naql bilan lozim bo‘ladi”, degan qarashga moyil bo‘lgani va buning natijasida naql etib bormagan insonlar oxiratda uzrli sanalishi haqidagi hukmni maʼqullagani haqidagi ilmiy xulosalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan “Dinimiz ahkomlari” nomli kitob mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2023-yil 22-iyundagi 02/295-son ma’lumotnomasi). Natijada, “Risala fi-l-eʼtiqod” asarining o‘ziga xos jihatlari ochib berilishiga xizmat qilgan;
Alouddin Buxoriy kalom ilmida ixtiloflarga sabab bo‘lgan inson taqdiridagi baxtlilik (سعادة) va baxsizlik (شقاوة) masalasida Allohning ilmiga ko‘ra har ikkisi o‘zgarmaydi, degan qarash tarafdori bo‘lgani bois bandadagi zohiriy o‘zgarish uning asliy sifati haqidagi hukmga taʼsir etmasligini ochiqlagani haqidagi xulosalardan “Madaniyat va maʼrifat” telekanalida efirga uzatilgan “Maʼrifiy suhbatlar” ko‘rsatuvining “Aqida ilmi”ga bag‘ishlangan ko‘rsatuv ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2023-yil 22-iyundagi 01-02-09/142-son ma’lumotnomasi). Natijada, ajdodlar ilmiy merosiga doir yangi ilmiy maʼlumotlarning ommaga taqdim etilishi, tarixiy bilimlarining oshishi va xalqimizda milliy g‘urur tuyg‘usining mustahkamlanishiga asos bo‘lgan.