Yusupov Shakir Xaitbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: Amir Temur va Temuriylar davrida Xorazmdagi tarixiy-madaniy jarayonlar (XIV-XV asrlar), 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Tar145.
Ilmiy rahbarining F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Abdullaev Utkir Ismailovich, tarix fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Urganch davlat universiteti, PhD.03/30.06.2021.Tar.55.05.
Rasmiy opponentlarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Koshanov Baxitbay Abdikerimovich, tarix fanlari doktori, professor; Yaxshiev Anvar Jo‘raqulovich, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Amir Temur va Temuriylar davrida Xorazmning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Xorazmning Amir Temur va Temuriylar davridagi madaniy rivojlanish jarayoni mustaqillikkacha bo‘lgan ilmiy adabiyotlarda, ayniqsa, sobiq sovet tarix¬shunosligida o‘zining haqqoniy aksini topmaganligi, Amir Temurning Xorazmga hujumlari natijasida voha madaniyati er bilan yakson qilinganligiga doir fikrlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi isbotlab berilgan;
Xorazmning XIV–XV asrlardagi siyosiy va iqtisodiy holati, shaharlar madaniyati va ularning moddiy madaniyat komplekslari, shu davr ma’naviy hayoti Xorazmning shu davrlarda Amir Temurning ulkan saltanati tarkibiga kirganligi hamda Amir Temur va Temuriylar davrida amalga oshirilgan bir qator tadbirlar yagona saltanatning boshqa hududlari qatori Xorazmning ham madaniy rivojlanishi yo‘lidagi omillardan bo‘lganligi aniqlangan;
Amir Temur va temuriylarning boshqa davlatlar bilan olib borgan elchilik munosabatlari, yozishmalarida mamlakatlar o‘rtasida savdo-sotiqni rivojlantirish masalasi alohida ta’kidlangani zamirida ham obodonchilik, ayniqsa, shaharlarni yuksaltirish istiqbolli rejasi mavjudligi va shu davrda qadimgi Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishlari bo‘ylab savdo aloqalarining tiklanishi orqali Xorazm ham ushbu tizim doirasida amal qilganligi hamda shu tariqa bu davrlarda saltanatning boshqa hudud va shaharlari qatori Xorazmning ham xalqaro mavqei yuksalganligi isbotlangan;
XIV–XV asrlarda ilm-fan yuksak darajada (ilohiyot, fiqh, tibbiyot, falsafa, tarix, adabiyot, xattotlik va musiqa) keng rivojlanganligi yozma manbalar hamda arxeologik tadqiqotlar natijalari Xorazmning ijtimoiy-madaniy va etnik munosabatlar markazlari Gurganj, Qiyot, Zamaxshar va Jampiqqal’ada topilgan moddiy ashyolar asosida ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Amir Temur va Temuriylar davrida Xorazmdagi tarixiy-madaniy jarayonlar (XIV-XV asrlar) masalasini tadqiq etish bo‘yicha ishlab chiqilgan taklif va xulosalar asosida:
Xorazmning XIV–XV asrlardagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayoti Amir Temurning ulkan saltanati tarkibiga kirganligi hamda Amir Temur va temuriylar davrida amalga oshirilgan bir qator tadbirlar yagona saltanatning boshqa hududlari qatori vohaning ham madaniy rivojlaninshi bilan bog‘liq xulosalardan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida 2020–2022-yillarda bajarilgan №FZ–202002146 “Markaziy Osiyo mutafakkirlari asarlari asosida buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi ma’rifiy, tarbiyaviy kurash asoslarini o‘zida jamlagan multimedia dasturi hamda mobil ilovasini yaratish” nomli amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan berilgan 2023-yil 28-martdagi 02–292-son dalolatnomasi). Tadqiqot natijalaridan foydalanish innovatsion loyihaning ilmiy ahamiyatini oshirib, ayrim nazariy masalalarning echimi sifatida xizmat qilgan;
yozma manbalarning yangicha tahlili hamda ularni yangi arxeologik tadqiqotlar ma’lumotlari asosida Xorazmning Amir Temur va Temuriylar davridagi madaniy rivojlanish jarayoni mustaqillikkacha bo‘lgan ilmiy adabiyotlarda, ayniqsa, sobiq sovet tarix¬shunosligida o‘zining haqqoniy aksini topmaganligi, Amir Temur hujumlari natijasida Xorazm madaniyati er bilan yakson qilinganligiga doir fikrlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi va chiqarilgan xulosalarning xolis emasligi kabi ma’lumotlardan Qurolli Kuchlar Davlat muzeyidagi ekspozisiyalarning bo‘limlarini shakllantirishda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida 2021–2022-yillarda bajarilgan “O‘zbek harbiy san’ati tarixi” mavzusidagi fundamental loyihani tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2023-yil 29-martdagi 10/559-son dalolatnomasi). Natijalar muzey ekspozisiyasini boyitishda, to‘plam, dastur va qo‘llanmalar tayyorlashga xizmat qilgan.