Yusupov Azizjon Qahramonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): Harakatlanuvchi tarkiblar to‘xtatish tizimlarini avtomatlashtirish asosida temir yo‘l stansiyalari transport jarayonlari xavfsizligini oshirish, 05.08.03 – Temir yo‘l transportini ishlatish (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/T3370
Ilmiy rahbar: Boltaev Sunnatillo Tuymurodovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti huzuridagi PhD.15/31.08.2022.T.73.01 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Ilesaliev Daurenbek Ixtiyarovich, texnika fanlari doktori, professor; Urokov Olimjon Xikmatulloevich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘z-o‘zidan harakatlanib ketib qolgan harakatlanuvchi tarkiblar to‘xtatish tizimlarini avtomatlashtirish asosida temir yo‘l stansiyalari transport jarayonlari xavfsizligini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘z-o‘zidan harakatlanib ketib qolgan harakatlanuvchi tarkibning to‘xtatish nuqtasidagi tezligi va zaruriy boshmoqlar sonini aniqlash usuli ularning kinematik parametrlarini hisobga olgan holda takomillashtirilgan;
temir yo‘l stansiyasida o‘z-o‘zidan harakatlanib ketib qolgan harakatlanuvchi tarkiblarni avtomatik tarzda to‘xtatish tizimi signallashtirish, markazlashtirish va blokirovka qurilmalari bilan bog‘langan holda ishlab chiqilgan;
avtomatik tarzda to‘xtatish qurilmasi yordamida o‘rnatilgan boshmoqlar ta’sirida harakatlanuvchi tarkibning to‘xtash masofasini aniqlash matematik modeli vagonlar soni va ularning yuklanganlik holatini e’tiborga olib ishlab chiqilgan;
avtomatik tarzda to‘xtatish tizimining ishonchliligi va xavfsizligini baholash matematik modeli yarim markov zanjirlari asosida uning to‘xtovsiz ishlash ehtimolligini aniqlash hisobiga ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Harakatlanuvchi tarkiblar to‘xtatish tizimlarini avtomatlashtirish asosida temir yo‘l stansiyalari transport jarayonlari xavfsizligini oshirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
o‘z-o‘zidan harakatlanib ketib qolgan harakatlanuvchi tarkibning to‘xtatish nuqtasidagi tezligini aniqlash usuli, avtomatik tarzda to‘xtatish qurilmasini o‘rnatish joyining tanlash sxemasi, harakatlanuvchi tarkiblarni o‘z-o‘zidan ketib qolgan holatlarida ularni avtomatik tarzda to‘xtatish tizimining ishonchliligi va xavfsizligini baholashning matematik modeli hamda temir yo‘l stansiya yo‘llarida o‘z-o‘zidan harakatlanib ketib qolgan harakatlanuvchi tarkiblarni avtomatik tarzda to‘xtatish tizimi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning Texnik va texnologik nazorat boshqarmasi va O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi “Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchi tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi”da joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2023-yil 27-apreldagi 2/2629-sonli ma’lumotnomasi). Natijada harakatlanuvchi tarkiblar o‘z-o‘zidan ketib qolish hodisasining sodir bo‘lishidan kelib chiqadigan zararni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda o‘rtacha 30,6%ga, sanoat korxonalarining temir yo‘llarida o‘rtacha 14,3%ga kamaytirish imkoni yaratilgan.