Yodgorov Normumin G‘ulomovichning
Fan doktori (DSc) Dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tog‘ oldi va cho‘l mintaqasi tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doy etishtirish agrotexnikasining ilmiy asoslari (Qashqadaryo viloyatining tipik bo‘z, och tusli bo‘z va taqirsimon tuproqlari sharoitida)”, 06.01.08 – O‘simlikshunoslik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.DSc/Qx165
Ilmiy maslahatchi: Xalikov Bahodir Meylikovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01
Rasmiy opponentlar: Atabaeva Xalima Nazarovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Oripov Razzoq, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Bobomirzaev Pirnazar Xursanovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Qashqadaryo viloyatining sug‘oriladigan cho‘l mintaqasi taqirsimon va och tusli bo‘z hamda tog‘ oldi tipik bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi yumshoq bug‘doy navlaridan yuqori va sifatli don hosili olishni ta’minlaydigan maqbul ekish muddati, ma’dan o‘g‘itlar me’yori va sug‘orish tartibini ilmiy asoslash hamda ishlab chiqarishga tavsiyalar berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Qashqadaryo viloyatining sug‘oriladigan cho‘l mintaqasi taqirsimon va och tusli bo‘z hamda tog‘ oldi tipik bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi yumshoq bug‘doy navlarini parvarish qilish, mo‘l va sifatli hosil olish agrotexnikasi ilmiy asoslangan;
kuzgi yumshoq bug‘doy navlarida sug‘oriladigan cho‘l mintaqasi taqirsimon tuproqlari sharoitida ma’dan o‘g‘itlarning NPK 250:175:125 kg/ga hamda och tusli bo‘z va tog‘ oldi tipik bo‘z tuproqlari sharoitida 180:120:90 kg/ga me’yorlarini qo‘llanilishi maqbul ekanligi, natijada qishlov davrida tuproq turlariga mos ravishda bir m2da 4,2-7,7; 5,0-7,6; 3,2-10,1% gacha ko‘proq o‘simlik saqlanib qolinganligi, mahsuldor poyalar soni esa 86,6-95,9; 201,4-209,7; 195,2-204,7 m2/donaga yuqori bo‘lganligi aniqlangan;
cho‘l mintaqasi taqirsimon va och tusli bo‘z hamda tog‘ oldi tipik bo‘z tuproqlar sharoitlarida sug‘orishni ChDNSga nisbatan 75-80-70% tartibda o‘tkazilishi mutanosib ravishda kuzgi bug‘doyni 40-80; 50-60; 30-50 oS miqdorida foydali haroratni ko‘proq talab qilganligi, mazkur sug‘orish tartibida bitta o‘simlikdagi barg sathi 4,0-5,0; 6,5-7,0; 5,0-6,0 sm2 gacha, fotosintez sof mahsuldorligi 0,2-0,4; 0,16-0,24; 0,4-0,6 g/m2* kungacha ortganligi aniqlangan;
kuzgi yumshoq bug‘doy navlari taqirsimon tuproqlar sharoitida 15-20.10 muddatiga nisbatan 10 kun erta muddatda, ya’ni 01-05.10 muddatida ekilganda boshoq uzunligi 0,3-1,2 sm.gacha, boshoqdagi don soni 1,2-1,6 donagacha, boshoqdagi don og‘irligi 0,07-0,09 g gacha, 1000 dona don og‘irligi esa 0,7-0,9 g gacha yuqori bo‘lganligi, don hosili 3,5-5,0 s/ga ortganligi, dondagi oqsil miqdori 12,8-15,1% ga, kleykovina 25,6-29,1% ga, shishasimonligi 59,2-76,0% ga, naturasini 599,3-763,8 g/l gacha ortib borishi ilmiy isbotlangan;
sug‘oriladigan cho‘l mintaqasi taqirsimon tuproqlar sharoitida kuzgi bug‘doyda ma’dan o‘g‘itlarning NPK 180:120:90 va 250:175:125 kg/ga me’yorlari qo‘llanilganda NPK 100:75:50 kg/ga me’yori qo‘llanilganga nisbatan don hosili gektar hisobiga 15,1-16,8 s ga, och tusli bo‘z tuproqlarda NPK 180:120:90 kg/gadan 240:160:120 kg/ga ga oshirilishi o‘g‘it berilmagan nazoratga nisbatan gektariga 35-39 s ga, tog‘ oldi tipik bo‘z tuproqlari sharoitida esa 36-37 s gacha ortganligi aniqlangan;
cho‘l mintaqasi sug‘oriladigan taqirsimon tuproqlar sharoitida dondagi oqsil eng yuqori 14,6-15,1% va kleykovina 29,1-30,3% 01-05.10 muddatida ekib, ma’dan o‘g‘itlarni NPK 250:175:125 kg/ga me’yorini qo‘llab, sug‘orish 70-75-60% tartibida olib borilgan «G‘ozg‘on» navida, och tusli bo‘z tuproqlarda eng yuqori oqsil 15,7-16,6 % va kleykovina 30,6-32,5 % bo‘lganligi NPK 240:160:120 kg/ga me’yorini qo‘llab, 70-70-60% sug‘orish tartibida sug‘orilgan «Alekseeich» navida, tipik bo‘z tuproqlarda eng yuqori oqsil 15,4-16,3% va kleykovina 29,7-31,5% NPK 240:160:120 kg/ga me’yorini qo‘llab, sug‘orishni 70-70-60% tartibida o‘tkazilgan «Bunyodkor» navida aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qashqadaryo viloyatining sug‘oriladigan cho‘l mintaqasi taqirsimon va och tusli bo‘z hamda tog‘ oldi tipik bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi yumshoq bug‘doy navlarini ekish muddatlari, ma’dan o‘g‘itlar me’yori va sug‘orish tartiblarini ilmiy asoslash bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
Qashqadaryo viloyatining sug‘oriladigan cho‘l mintaqasi taqirsimon va och tusli bo‘z hamda tog‘ oldi tipik bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi yumshoq bug‘doy («Zimnitsa», «G‘ozg‘on», «Alekseeich», «Bunyodkor» va «Shams») navlarini maqbul ekish muddatlari, ma’dan o‘g‘itlar me’yori va sug‘orish tartiblari bo‘yicha “Qashqadaryo viloyatining cho‘l mintaqasi taqirsimon va och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doydan mo‘l va sifatli don hosili olish agrotexnikasi bo‘yicha tavsiyanoma” va “Qashqadaryo viloyatining tog‘ oldi mintaqasi tipik bo‘z tuproqlar sharoitida kuzgi bug‘doydan mo‘l va sifatli don hosili olish agrotexnikasi bo‘yicha tavsiyanoma” nomli tavsviyanomalar tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 30 dekabrdagi №07/21-21/9948-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu tavsiyanomalar bugungi kunda qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat olib borayotgan ilmiy xodimlar va fermer xo‘jaliklariga kuzgi bug‘doydan yuqori va sifatli don hosili etishtirishda qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
kuzgi bug‘doyning «Zimnitsa», «G‘ozg‘on», «Alekseeich», «Bunyodkor» va «Shams» navlarini sug‘orish oldi tuproq namligi ChDNSga nisbatan 75-80-70 % tartibida sug‘orish, ma’dan o‘g‘itlarning NPK 180:120:90 kg/ga me’yorda qo‘llash texnologiyasi Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Yakkabog‘, Ko‘kdala tumanlarining tipik bo‘z tuproqlari sharoitida 264,5 gektar maydonda, Nishon, Qarshi tumanlari va Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti Qarshi tuman agrouchastkasining och tusli bo‘z tuproqlari sharoitida 325,0 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 30 dekabrdagi №07/21-21/9948-son ma’lumotnomasi). Natijada, kuzgi yumshoq bug‘doy navlarini parvarishlashda maqbul ma’dan o‘g‘itlar me’yori va sug‘orish tartibini joriy etilishi hisobiga o‘rtacha 56,7-58,3 s/ga don hosili olinib, ma’dan o‘g‘itlar qo‘llanilmagan nazorat variantiga nisbatan 37,2-49,7 s/ga qo‘shimcha don hosili olingan;
kuzgi bug‘doyning «Zimnitsa», «G‘ozg‘on», «Alekseeich», «Bunyodkor» va «Shams» navlarini erta 01-05.10 muddatda ekib, ma’dan o‘g‘itlarning NPK 180:120:90 kg/ga me’yorini qo‘llab, sug‘orish ishlarini tuproq namligiga nisbatan ChDNS 75-80-70% tartibida olib borish texnologiyasi Qashqadaryo viloyatining Mirishkor, Kasbi tumanlari va Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti Kasbi tuman agrouchastkasining taqirsimon tuproqlari sharoitida 363,1 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 30 dekabrdagi №07/21-21/9948-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, kuzgi bug‘doyning «Zimnitsa», «G‘ozg‘on», «Alekseeich», «Bunyodkor» va «Shams» navlari o‘rta (15-20.10) muddatda ekilib, parvarishlashda ma’dan o‘g‘itlarning NPK-100:75:50 kg/ga me’yori, sug‘orishni ChDNS 70-75-60 % tartibi qo‘llanilganga nisbatan 26,1-30,4 s/ga miqdorida qo‘shimcha don hosili olingan.