Abdumalikov Ulug‘bek Ziyodilla o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) Dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘rta tolali g‘o‘zaning ayrim qimmatli xo‘jalik belgilari bo‘yicha yangi donorlarni aniqlash”, 06.01.05 – Seleksiya va urug‘chilik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/Qx1009
Ilmiy rahbar: Namazov Shadman Ergashovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01
Rasmiy opponentlar: Amanova Maxfurat Eshmurodovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Xalikova Malohat Babamurodovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Turli genotipga ega g‘o‘za navlarining qimmatli xo‘jalik belgilari bo‘yicha donorlik qobiliyatini topkross uslubida baholash hamda genetik va ekologo-geografik uzoq duragaylash asosida tezpishar, tola sifati va chiqimi yuqori, viltning agressiv irqlariga bardoshlilikni o‘zida mujassamlashtirgan genetik ashyolarni yaratish va amaliy seleksiyaga tavsiya etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk marotoba turli genotipga ega «Andijon-36», «Andijon-37», «O‘zPITI-201», «Namangan-34», «Namangan-77», «Omad», «Turon», «Kelajak» hamda «Sulton», «Jarqo‘rg‘on» va «Buxoro-102» g‘o‘za navlarining qimmatli xo‘jalik belgilar bo‘yicha umumiy (UKQ) va maxsus kombinatsion qobiliyati (MKQ) aniqlangan;
topkross duragaylash usulida yaratilgan F1 duragaylarida aksariyat o‘rganilgan xo‘jalik uchun qimmatli belgilarning ijobiy va salbiy oraliq, to‘liq dominantlik hamda geterozis tarzda irsiylanish yuz berishi aniqlangan;
o‘rganilgan F2-F3 topkross duragaylarida tola chiqimi, tola uzunligi va bir dona ko‘sakdagi paxta vazni belgilari bo‘yicha keng transgressiv o‘zgaruvchanlik yuz berishi hamda ushbu belgilarning ijobiy majmuasiga ega rekombinantlarni tanlash orqali qimmatli seleksion ashyolarni yaratish mumkinligi tasdiqlangan;
topkross tizimida yaratilgan F4 duragaylarining laboratoriya sharoitida Fusarium oxysporum f.sp.vasinfectum zamburug‘iga tolerantligi 70-90%, Fusarium solani zamburug‘iga -70-100% va Verticillium dahliae Kleb. zamburug‘iga tolerantligi 70-100 % ekanligi aniqlangan;
genetik va ekologo-geografik uzoq duragaylash asosida yaratilgan g‘o‘za tizmalarining laboratoriya sharoitida Fusarium oxysporum f.sp.vasinfectum mikotoksiniga tolerantligi 10-30%, Fusarium solani ga tolerantligi 20%-70% hamda barcha tizmalarning Verticillium dahliae Kleb. ga tolerantligi 40%-90% ekanligi tasdiqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘rta tolali g‘o‘zaning ayrim qimmatli xo‘jalik belgilari bo‘yicha yangi donorlarni aniqlash bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
qishloq xo‘jaligida qimmatli xo‘jalik belgilarning yuqori majmuasiga ega va aksariyat belgilar bo‘yicha ishlab chiqarishda ekilayotgan g‘o‘za navlaridan ustun bo‘lgan T-105/21 (tola chiqimi 38,2%, tola uzunligi 33,0 mm, mikroneyr ko‘rsatkichi 4,2-4,3, bir dona ko‘sakdagi paxta vazni 5,8 gr, 1000 dona chigit og‘irligi 115 gr, tezpisharligi 118-120 kun), T-118/21 (tola chiqimi 39,6%, tola uzunligi 32,6 mm, mikroneyr ko‘rsatkichi 4,4-4,5, bir dona ko‘sakdagi paxta vazni 6,0 gr, 1000 dona chigit og‘irligi 110 gr, tezpisharligi 122-124 kun) va T-135/21 (tola chiqimi 41,2%, tola uzunligi 34,5 mm, mikroneyr ko‘rsatkichi 4,3-4,4, bir dona ko‘sakdagi paxta vazni 5,5 gr, 1000 dona chigit og‘irligi 110 gr, tezpisharligi 124-125 kun) tizmalari yaratilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 29 avgustdagi №07/22-04/6098-son ma’lumotnomasi). Natijada, yangi yaratilgan g‘o‘za tizmalaridan genetik tadqiqotlar va qimmatli xo‘jalik belgilari majmuiga ega navlar seleksiyasi jarayonida boshlang‘ich ashyo sifatida foydalanilmoqda;
qimmatli xo‘jalik belgilarning yuqori majmuasiga ega, Verticullium dahliae Kleb. kasalligiga bardoshli, hosildor va tola chiqimi yuqori bo‘lgan yangi S-7317 g‘o‘za navi Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining «Andijon tajriba xo‘jaligi» maydonlariga 3,8 gektar maydonga joriy etilib, birlamchi urug‘chiligi tashkil etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 29 avgustdagi №07/22-04/6098-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur navning o‘rtacha paxta hosildorligi 37,2 s/ga.ni tashkil etib, andoza S-6524 naviga nisbatan 4,0-5,5 s/ga yuqori hosil olingan va  rentabellik darajasi 25,5-30,0 foizga oshgan;
o‘rta tolali S-7317 g‘o‘za navi 2021 yilda Qishloq xo‘jalik ekinlari navlarini sinash Markazining «Gruntnazorat» nav sinovida o‘rganilib, nav tozaligi 96% dan yuqori bo‘lganligi uchun 2022 yildan Markazning turli tuproq-iqlim sharoitlarida joylashgan nav sinash stansiya va uchastkalarida foydali belgilari bo‘yicha konkurs nav sinoviga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 29 avgustdagi №07/22-04/6098-son ma’lumotnomasi). Natijada, g‘o‘za genofondini qimmatli xo‘jalik belgilarning ijobiy majmuasiga ega hamda tola sifati IV-tipga mansub va hosildorligi yuqori bo‘lgan nav bilan boyitish imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish