Xolmuminov Xusan Eshmuminovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Buxoro amirligi janubiy hududlaridagi tarixiy demografik jarayonlar (XIX asr ikkinchi yarmi - XX asr boshlari. Surxondaryo va Qashqadaryo vohalari misolida))”, 07.00.01. – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.DSc/Tar103.
Ilmiy maslahatchi: Murtazaeva Raxbar Xamidovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Musaev Nuriddin Umrzoqovich, tarix fanlari doktori, professor; Hayitov Shodmon Axmadovich, tarix fanlari doktori, professor; Ochildiev Fayzulla Boboqulovich, tarix fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XIX asr ikkinchi yarmidan 1920 yillar oralig‘ida Surxondaryo va Qashqadaryo vohalaridagi demografik jarayonlarni ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Buxoro amirligi janubiy hududlaridagi etnik jarayonlarda aholi soni va milliy tarkibining ortishi, migratsion jarayonlarning jadallashuvidagi asosiy omillar (o‘zbek oilalariga xos o‘zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik, milllatlararo totuvlik) aholining demografik jarayonlariga ta’sir qilib, turkiy, forsiyzabon va boshqa etnik guruhlarning assimilyasisiga yo‘l ochib berganligi asoslangan;
Qashqadaryo va Surxondaryo vohalari aholisining demografik holatidagi (demografik holatning hududlarning geografik tuzilishiga bog‘liqligi, faol ichki migratsiya, etnik guruhlarning xilma-xilligi), lokal farqlar (oilalardagi ko‘pfarzandlilik, o‘zaro totuvlik va hamjihatlik hamda hududiy qo‘shnichilik)ning mavjudligi o‘ziga xos mahalliy-hududiy xususiyatlarni shakllanishiga ta’sir ko‘rsatganligi aniqlangan;
Rossiya imperiyasi davrida amalga oshirilgan aholini ko‘chirish siyosati davomida turli millatga mansub bo‘lgan insonlar o‘lkaning serunum hududlariga joylashtirishgani, shuningdek, vohadagi arzon ishchi kuchi evaziga mahalliy aholi mehnatidan foydalanish maqsadlari ko‘zlanganligi asoslangan;
voha aholisining ijtimoiy turmush darajasini yaxshilash, mehnat resurslarini iqtisodiyotdagi faolligini rag‘batlantirish, sanoat sohalarida band bo‘lgan mahalliy kadrlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi, tibbiy xizmat ko‘rsatish ishlari etarli darajada olib borilmaganligi aholining reproduktiv salomatligiga salbiy ta’sir qilganligi hamda shahar va qishloqlarda notekis demografik rivojlanishga olib kelganligi ochib berilgan;
aholini ro‘yxatga olish tadbirlarining o‘tkazilishi vohadagi shahar va qishloqlar o‘rtasidagi tafovutni ochib berib, demografik jarayonlarni tartibga solish hamda janubiy hududlarda sanoat shaharlarini barpo qilishga qaratilgan urbanizatsiya siyosatini olib borish jarayonida katta rol o‘ynaganligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XIX asrning ikkinchi yarmi–XX asr boshlarida Buxoro amirligi janubiy hududlaridagi tarixiy demografik jarayonlarini tadqiq etish bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
Buxoro amirligi janubiy hududlaridagi etnik jarayonlarda aholi soni va milliy tarkibining ortishi, migratsion jarayonlarning jadallashuvidagi asosiy omillar (o‘zbek oilalariga xos o‘zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik, milllatlararo totuvlik) aholining demografik jarayonlariga ta’sir qilib, turkiy, forsiyzabon va boshqa etnik guruhlarning assimilyasisi uchun yo‘l ochib berganligiga oid natijalardan Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Surxondaryo viloyat bo‘limining 2020-2021 yillardagi targ‘ibot tadbirlarida keng foydalanilgan (Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashi ma’naviyat va ma’rifat markazining 2021 yil 16 noyabrdagi 02/08/1456-raqamli dalolatnomasi). Qo‘llanilgan natijalar XIX asr oxiri XX asr boshlarida janubiy vohalardagi demografik jarayonlar haqidagi tasavvurlarni boyitish imkonini bergan;
Buxoro amirligi janubiy vohalaridagi demografik jarayonlarning hududiy jihatlari (demografik holatning hududlarning geografik tuzilishiga bog‘liqligi, faol ichki migratsiya, etnik guruhlarning xilma-xilligi), lokal farqlar (oilalardagi ko‘pfarzandlilik, o‘zaro totuvlik, hududiy qo‘shnichilik hamda o‘zaro hamjihatlik, kindik qoni to‘kilgan joyga nisbatan chuqur hurmat belgisi)ning mavjudligi hududning o‘ziga xos mahalliy-hududiy xususiyatlarini shakllanishiga olib kelganligiga oid natijalardan Surxondaryo viloyatning madaniyat muassasalari (muzey madaniyat va istirohat bog‘lari, milliy-madaniy markazlari hamda ta’lim muassasalari)da mavzu bilan bog‘liq tadbirlarni o‘tkazishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2022 yil 16 martdagi 04-12-08-999-son ma’lumotnomasi). Natijada bu ma’lumotlar muzeyga tashrif buyuruvchilarning mustamlakachilik va sovet davridagi Surxondaryo va Qashqadaryo vohalaridagi ijtimoiy-demografik jarayonlar haqidagi muhim ma’lumotlarga ega bo‘lish imkonini yaratgan;
Rossiya imperiyasi hamda sovet hukmronligining dastlabki yillarida amalga oshirilgan aholini ko‘chirish ishlari mustamlakachilik siyosati nuqtai nazaridan–turli millatga mansub bo‘lgan aholini o‘lkaning aholisi kam hududlariga joylashtirilishi, shuningdek, arzon ishchi kuchi evaziga mahalliy aholi mehnatidan foydalanish maqsadlari ko‘zlanganligi bo‘yicha natijalardan O‘zbekiston tarixi telekanalidagi “Taqdimot” ko‘rsatuvi ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2021 yil 23 noyabrdagi 01-40-1771-son ma’lumotnomasi). Ko‘rsatuvda tomoshabinlarga Surxondaryo va Qashqadaryo vohalarining tarixiy-demografik jarayonlari xususida yangi ma’lumotlar etkazilib, ularning hududdagi demografik holat va aholi milliy tarkibidagi o‘zgarishlar xususidagi bilimlarini oshishiga xizmat qilgan;
Buxoro amirligi janubiy hududlarida kechgan tarixiy demografik jarayonlar masalasi yangi fakt va ma’lumotlar asosida, shuningdek, o‘zbek halqiga xos azaliy qadriyatlar turli xalqlar va millatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik an’analarga oid ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyining sovet va mustaqillik davri ekspozisiyalarini to‘ldirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyining 2022 yil 17 oktyabrdagi 170/1-son ma’lumotnomasi). Natijalar janubiy vohalardagi demografik jarayonlar, aholining migratsiyasi masalalari, urbanizatsiya jarayonlarining o‘ziga xos xususiyatlariga oid ma’lumotlarni tadqiq etish hamda muzey fondlarini noyob va qimmatli materiallarni boyitishga xizmat qilgan;
XIX asr ikkinchi yarmi - XX asr boshlarida Buxoro amirligi janubiy vohalaridagi bekliklar aholisining tarixiy demografik holatiini ilmiy tadqiq etish asosida dissertatsiyada keltirilgan ilmiy natijalar “Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi”da “Buxoro amirligi tarixi”ga doir, xususan, Buxoro amirligi janubiy hududlaridagi bekliklarning ma’muriy tuzilishi, boshqaruv tartibi, amloklik tizimlari, amirlikning janubiy hududlaridagi aholining etnik tarkibi haqidagi ma’lumotlar asosida yangi taqdimotlar qilindi. Madaniy meros agentligi Buxoro viloyati boshqarmasida, Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi Buxoro viloyat muassasasida amirlik janubiy hududlari aholisining etnik va demografik tarixini o‘rganishda foydalanilgan (Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondining 2022 yil 24 oktyabrdagi 01-37-son ma’lumotnomasi). Natijada bu ma’lumotlar asosida XIX asr oxiri XX asr boshlarida Buxoro amirligi janubiy hududlari aholisining demografik tarixi haqidagi ma’lumotlarni kengaytirish va tasavvurlarni boyitish imkonini bergan.