Solijonov Xayrulla Xabibulla o‘g‘lining 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Farg‘ona vodiysi zuluklari (Hirudinea)ning tur tarkibi va ekologik xususiyatlari (O‘zbekiston)», 03.00.10 – Ekologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/B493.
Ilmiy rahbar: Izzatullaev Zuvayd, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, PhD.03/28.02.2023.B.60.06.
Rasmiy opponentlar: Eshova Xolisa Saidovna, biologiya fanlari doktori, professor; Sheraliev Baxtiyor Maxmutali o‘g‘li, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Zoologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: Farg‘ona vodiysi zuluklarining tur tarkibi va ekologik xususiyatlarini aniqlash hamda noyob turlarni muhofaza qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Farg‘ona vodiysida 13 tur zuluklarning taksonomik tarkibi shakllantirilgan hamda O‘zbekiston faunasi uchun ilgari ma’lum bo‘lmagan zuluklarning 5 turi (Alboglossiphonia hyalina, A. lata, Hirudo verbana, Hr. orientalis, Erpobdella nigricollis) va ushbu turlarga qo‘shimcha ravishda tadqiqot hududi uchun 3 tur (Hemiclepsis marginata, Piscicola geometra, Limnatis paluda) aniqlangan;
Farg‘ona vodiysi hududidan fan uchun yangi bo‘lgan 1 tur (Glossiphonia ferghanensis Solijonov, Izzatullaev & Kuchboev, 2022) aniqlangan va uning mitoxondrial DNK (COI) geni nukleotidlari asosida molekulyar identifikatsiyalangan;
ilk bor Farg‘ona vodiysi zuluklarining GIS-xaritasi yaratilgan, suv havzalari bo‘yicha bioxilma-xillik ko‘rsatkichlari ekologik baholangan;
abiotik omillarning zuluklar tarqalishiga va populyatsion zichligiga ta’sir etishi isbotlangan; 
zuluklarning ekologik guruhlari tavsiflangan, suv ekotizimlaridagi bioindikatorlik va parazitlik xususiyatlari ochib berilgan;
kamyob va noyob zuluk turlarining qisqarish sabablari asoslangan, ularni muhofaza qilishga oid tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Farg‘ona vodiysi zuluklarining tur tarkibi va ekologik xususiyatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: 
Farg‘ona vodiysi zuluklarining bioxilma-xilligi va noyob turlarni muhofaza qilishga oid ishlab chiqilgan tavsiyalar (mobil ilova) Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi (hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi)ning Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyati hududiy boshqarmalarida, xususan Qo‘rg‘ontepa, Xo‘jaobod tuman bo‘limlari va Quvasoy shahar bo‘limi faoliyatida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2022-yil 1-avgustdagi 03-02/7-1858-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, hududda tarqalgan chuchuk suv zuluklarining tur tarkibini, areallarini, noyob, muhofazaga muhtoj zuluk turlarini aniqlash va saqlab qolish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, suv havzalarining saprob holatini ekologik baholash, geoaxborot ma’lumotlari bazasini shakllantirish, hayvonot dunyosi bioxilma-xilligining davlat monitoringi hamda davlat kadastrini yuritish imkonini bergan;
noyob tibbiyot zuluk turlari (Hirudo verbana, Hr. orientalis)ning morfo-ekologik tavsifi, ularga ekologik omillarning ta’siri va ekologik xususiyatlariga oid yangi ma’lumotlar Andijon viloyatining Izboskan tumanidagi “Tasir” zulukchilik fermer xo‘jaligi faoliyatida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasining 2022-yil 29-avgustdagi 10-10/2163-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur zulukchilik fermer xo‘jaligida tibbiyot zuluklari turlarini aniqlash, parvarish qilish, ko‘paytirish hamda zuluk etishtirishda samaradorlikka erishish imkonini bergan;
ilk bor fan uchun yangi Glossiphonia ferghanensis zulugining mtDNK COI geni nukleotidlar ketma-ketligi fragmentlari aniqlangan va Biotexnologik axborotlar milliy markazi GenBanki bazasi ma’lumotlari bilan solishtirilgan va yangi tur ekanligi isbotlanib, ON759154 inventar raqami orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan (Biotexnologik axborotlar milliy markazining 2022 yil 19 iyundagi ma’lumotnomasi, blast.ncbi.nlm.nih.gov). Ushbu sekvens ma’lumotlaridan dunyoning turli mintaqalarida tarqalgan zuluk turlarining filogeniyasini o‘rganishda global darajada foydalanish imkonini bergan.
 

Yangiliklarga obuna bo‘lish