Obidov Tolibjon Avazxonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ayblov hukmining qaror qismiga qo‘yilgan talablar”, 12.00.09 – Jinoyat protsessi. Kriminalistika. Tezkor-qidiruv huquqi va sud ekspertizasi ixtisosligi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Yu768.
Ilmiy rahbar: To‘laganova Gulchehra Zaxitovna, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/13.05.2020.Yu.22.03.
Rasmiy opponentlar: Suyunova Dilbar Joldasbaevna, yuridik fanlar doktori, professor; Astanov Istam Rustamovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi jinoyat protsessida ayblov hukmining qaror qismiga nisbatan qo‘yilgan talablarni realizatsiya mexanizmlarini yanada takomillashtirish hamda sudlanuvchining buzilgan huquq va manfaatlarini to‘liq tiklashga oid umumnazariy qoidalar, shuningdek jinoyat-protsessual qonunchilikni rivojlantirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iboratdir.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sudlanuvchi jinoyatga daxldor emasligi sababli oqlanganda oqlov hukmining qaror qismida jinoyat sodir etgan shaxslarni aniqlash va ularni jinoiy javobgarlikka tortish uchun ish prokurorga yuborilishi lozimligiga oid qoidani qonunchilikka kiritish zarurati asoslangan;
sudlanuvchiga nisbatan u aybli deb topilgan har bir jinoyati uchun alohida jazo tayinlab, so‘ngra jinoyatlar majmui bo‘yicha uzil-kesil jazo tayinlanishi shartligi to‘gʻrisidagi talablar, sudlanuvchiga nisbatan asosiy jazo bilan birga qo‘shimcha jazo tayinlash tartibiga taalluqli ekanligi to‘gʻrisidagi tartibni belgilash zarurligi asoslangan;
jinoyat ishi bo‘yicha keltirilgan da’vo arizasi yuzasidan uni batafsil hisoblash imkoni bo‘lmaganda sud fuqaroviy da’vogarga fuqaroviy da’vo talablarini qanoatlantirish talabi bilan fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqini qoldirishi masalasi hukmning qaror qismida hal qilinishi zarurligi asoslangan;
mol-mulkning xatlanganligi bekor qilinganda garov reestridan mol-mulkni xatlash to‘gʻrisidagi yozuvni chiqarish lozimligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarini joriy qilinishi. Jinoyat protsessida ayblov hukmining qaror qismini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalaridan quyidagilarda foydalanilgan:
sudlanuvchi sodir etilgan jinoyatga daxldor emasligi sababli oqlangan taqdirda, oqlov hukmining qaror qismida jinoyat sodir etgan shaxslarni aniqlash va ularni jinoiy javobgarlikka tortish uchun ish prokurorga yuborilishiga oid taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 470-moddasi 2-qismini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2022-yil 28-dekabrdagi
04/2-09/6214-son dalolatnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi sudlanuvchi sodir etilgan jinoyatga daxldor bo‘lmaganda jinoyat sodir etgan shaxslarni aniqlash va ularni jinoiy javobgarlikka tortishni kafolatlashga xizmat qilgan;
ayblov hukmining qaror qismida, yaʼni JPK 468-moddasida belgilab qo‘yilgan tartibga ko‘ra, sudlanuvchiga nisbatan u aybli deb topilgan har bir jinoyati uchun alohida jazo tayinlab, so‘ngra jinoyatlar majmui bo‘yicha uzil-kesil jazo tayinlanishi shartligi to‘gʻrisidagi talablar, sudlanuvchiga nisbatan asosiy jazo bilan birga qo‘shimcha jazoga tayinlash tartibiga taalluqli ekanligi to‘gʻrisidagi tartibni belgilab qo‘yish maqsadga muvofiqligi to‘gʻrisidagi takliflari O‘zbekiston Respublikasi Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘gʻrisida”gi 1-sonli qarorining 46 va 50-bandlarini shakllantirishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi 2022-yil 16-noyabr 08/769-22-son dalolatnomasi). Ushbu takliflarning joriy qilinishi sudlanuvchiga nisbatan u aybli deb topilgan har bir jinoyati uchun alohida jazo tayinlab, so‘ngra jinoyatlar majmui bo‘yicha uzil-kesil jazo tayinlanishi shartligi talablarini asosiy jazo bilan birga qo‘shimcha jazoga tayinlash tartibiga ham taalluqli ekanligini ta’minlashga xizmat qilgan;
jinoyat ishi bo‘yicha keltirilgan da’vo arizasi yuzasidan sud muhokamasini qoldirmasdan turib, da’vo arizasini batafsil hisoblash imkoni bo‘lmagan hollarda, sud fuqaroviy da’vogarga fuqaroviy da’vo talablarini qanoatlantirish talabi bilan fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqini qoldirishi masalasi hukmning qaror qismida hal qilinishi zarurligiga doir taklifi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2014-yil 23-maydagi “Sud hukmi to‘gʻrisida”gi 7-sonli qarorining 10-bandini takomillashtirishda o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi 2022-yil 16-noyabr 08/769-22-son dalolatnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi jinoyat ishi doirasida fuqaroviy da’voni to‘liq hisoblash imkoni bo‘lmaganda fuqarolik tartibida sudga murojaat qila olish imkoniyatini yaratishga xizmat qilgan.
mol-mulkning xatlanganligi bekor qilinganda garov reestridan mol-mulkni xatlash to‘gʻrisidagi yozuv chiqarilishi lozimligiga doir taklif O‘zbekiston Respublikasining “Kreditorlarni huquqiy jihatdan himoya qilish kuchaytirilishi hamda tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘gʻrisida”gi O‘RQ–572-sonli Qonunining 3-moddasi 2-bandini ishlab chiqishda hamda Jinoyat-protsessual kodeksining 295-moddasini takomillashtirishda o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2023-yil 16-fevral 06-13/17-son dalolatnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi mol mulkni xatlash bekor qilinganda uni o‘z egasiga qaytarib berilishini o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlashga xizmat qilgan.