Oripov Sobirzoda Sobir o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ishni sudga qadar yuritish bosqichida axborot texnologiyalaridan foydalanishni takomillashtirish”,
12.00.09 – Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquq va sud ekspertizasi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/Yu612.
Ilmiy rahbar: Murodov Baxtiyorjon Baxodirivich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.31/30.12.2019.Yu.25.02.
Rasmiy opponentlar: Rajabova Mavjuda Abdullaevna, yuridik fanlar doktori, professor; Astanov Istam Rustamovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat yuridik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ishni sudga qadar yuritishda axborot texnologiyalaridan foydalanishni yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
shaxsni ushlash videoyozuv orqali qayd etilmagan holatlarda, ushlangan shaxs yaqin oradagi ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib kelinganidan so‘ng vakolatli shaxs tomonidan videoyozuvdan foydalangan holda uning protsessual huquqlarini tushuntirishi hamda videoyozuvni namoyish qilish orqali tanishtirishining shartligi asoslab berilgan;
protsessual harakatlarni o‘tkazishda qonun va tegishli normativ-huquqiy hujjatlar talablariga qat’iy rioya etilishi hamda protsess ishtirokchilarining huquqlari poymol etilmasligi, shuningdek qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va boshqa noqonuniy harakatlar sodir etilishining oldini olish uchun ichki ishlar organlarining barcha hududiy tergov bo‘linmalari xizmat xonalarini audio va videoyozuvda qayd etish tizimlari bilan jihozlash zarurati asoslantirilgan;
ushlanayotgan shaxsda qurol borligi yoki u jinoyat sodir etganligini fosh qiluvchi dalillardan qutulish niyatida ekanligini taxmin qilishga etarli asoslar mavjud bo‘lgan hollarda, ushbu dalillarni yo‘q qilishini, o‘ziga yoki boshqa shaxslarga tan jarohati etkazishining oldini olish hamda tezkorlikni ta’minlash maqsadida, ushlayotgan vakolatli shaxs shaxsiy tintuv yoki olib qo‘yishni videoyozuv orqali qayd etmasdan ham amalga oshirishi mumkinligi asoslantirilgan;
odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning jinoiy faoliyatini aniqlash va unga chek qo‘yish, odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish hamda mazkur yo‘nalishdagi ma’lumotlarni yagona markazlashtirilgan axborot bazasida jamlash, ishlash, umumlashtirish va ularni ruxsatsiz foydalanishdan himoya qilish, shuningdek, ularni masʼul organlarga taqdim etish tartibini kelgusida turli amaliyot shakllanishining oldini olish maqsadida belgilash zarurati asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ishni sudga qadar yuritishda axborot texnologiyalaridan foydalanishni takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
shaxsni ushlash videoyozuv orqali qayd etilmagan holatlarda, ushlangan shaxs yaqin oradagi ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib kelinganidan so‘ng vakolatli shaxs tomonidan videoyozuvdan foydalangan holda uning protsessual huquqlarini tushuntirishi hamda videoyozuvni namoyish qilish orqali tanishtirishining shartligi haqidagi takliflaridan O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 14-maydagi O‘RQ-617-son «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga jinoyat protsessida ishtirok etuvchi fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi Qonuni 1-moddasi to‘rtinchi bandi o‘n birinchi xatboshisini takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2022-yil 20 maydagi 04/2-10/1930-son dalolatnomasi). Bu taklif jinoyat-protsessual munosabatlarda shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilgan;
protsessual harakatlarni o‘tkazishda qonun va tegishli normativ-huquqiy hujjatlar talablariga qatʼiy rioya etilishi hamda protsess ishtirokchilarining huquqlari poymol etilmasligi, shuningdek qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va boshqa noqonuniy harakatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida ichki ishlar organlarining barcha hududiy tergov bo‘linmalari xizmat xonalarini audio va videoyozuvda qayd etish tizimlari bilan jihozlash zarurati yuzasidan bergan taklifi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-oktyabrdagi 645-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tizimiga axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 24-bandini shakllantirishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 16-apreldagi 12/21-23-son dalolatnomasi). Bu taklif protsessual harakatlarni amalga oshirishda tergov bo‘linmalari xodimlari tomonidan fuqarolar bilan g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalada bo‘lishi, shuningdek shaxsdan jinoyat sodir etganligiga iqrorlik ko‘rsatuvi olish maqsadida, ularni qo‘rqitish, urish, do‘pposlash, qiynash, azob berish yo‘li bilan yoki qonunga xilof boshqa harakatlarni sodir etishining oldini olishga xizmat qilgan;
ushlanayotgan shaxsda qurol borligi yoki u jinoyat sodir etganligini fosh qiluvchi dalillardan qutulish niyatida ekanligini taxmin qilishga etarli asoslar mavjud bo‘lgan hollarda, ushlayotgan vakolatli shaxs shaxsiy tintuv yoki olib qo‘yishni videoyozuv orqali qayd etmasdan ham amalga oshirishi mumkinligi haqidagi takliflaridan O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 14-maydagi O‘RQ-617-son «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga jinoyat protsessida ishtirok etuvchi fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi Qonuni 1-moddasi ikkinchi bandi 12-xatboshisini takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2022-yil 20-maydagi 04/2-10/1930-son dalolatnomasi). Bu taklif ishni sudga qadar yuritish bosqichida protsess ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlanishiga xizmat qilgan;
odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning jinoiy faoliyatini aniqlash va unga chek qo‘yish, odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish hamda mazkur yo‘nalishdagi ma’lumotlarni yagona markazlashtirilgan axborot bazasida jamlash, ishlash, umumlashtirish va ularni ruxsatsiz foydalanishdan himoya qilish, shuningdek, ularni masʼul organlarga taqdim etish tartibini belgilash lozimligi to‘g‘risidagi taklifidan Vazirlar Mahkamasining “Odam savdosi sohasidagi jinoyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yagona axborot bazasini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2021-yil 22-noyabrdagi 708-son qarorining 3 va 5-bandlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 16-apreldagi 12/21-23-son dalolatnomasi). Bu taklif odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilishda jinoyatlarni ochish, aybdor shaxslarni aniqlash va ularning aybini isbotlashda axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini yanada oshirishga xizmat qilgan.