Kanimkulov Olimjon Sheralievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Akademik Yahyo G‘ulomov  va uning O‘zbekistonda tarix hamda arxeologiya fanlari taraqqiyotidagi o‘rni”, 07.00.01– O‘zbekiston tarixi, 07.00.02 – Fan va texnologiyalar tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.PhD/Tar613.
Ilmiy rahbar: Ishoqov Mirsodiq Mirsultanovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04 raqamli ilmiy kengash asosida tuzilgan bir martalik Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Mavlanov O‘ktam Maxmasabirovich, tarix fanlari doktori, professor; Saidboboeva Gulzora Ne’matjonovna, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi akademik Yahyo G‘ulomovning O‘zbekistonda tarix va arxeologiya fanlari taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, moddiy-madaniyat yodgorliklarini himoya qilishi hamda respublikada mahalliy kadrlar tayyorlash borasida qilgan ishlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XX asr 20-30-yillaridan boshlab O‘zbekistonda tarix, arxeologiya fanlarining rivojlanishi, bunga qadar havaskor o‘lkashunoslik izlanishlari bosqichidan ilmiy-nazariy tadqiqotlar darajasiga ko‘tarilishi hamda bu jarayonda birinchi o‘zbek arxeolog olimi Yahyo G‘ulomovning arxeologiya va tarix sohalarida salohiyatli etuk tarixchilar ilmiy maktabini yaratish borasidagi ijobiy ahamiyati dalillangan;
Yahyo G‘ulomovning eng qadimgi davrlardan O‘zbekistonda sug‘orma dehqonchilik madaniyatining shakllanishi, davlatlarning vujudga kelishida sug‘orma dehqonchilikning muhim omil ekanligi, qadimgi sug‘orish tizimlarini o‘rganish jarayonida orttirilgan tajriba asosida berilgan amaliy takliflari natijasida Quyi Amudaryo hududlarida va Buxoro vohasida 50 ming gektar yangi erlarni minimal xarajatlar bilan o‘zlashtirilib, qishloq xo‘jaligi maqsadlarida foydalanishga topshirilgani isbotlangan;
1930-50-yillarda Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspedisiyasi, Moxondaryo arxeologik ekspedisiyasi, Farg‘ona, Toshkent viloyatlarida olib borilgan ekspedisiyalar natijasida aniqlangan juda ko‘plab arxeologik va arxitektura yodgorliklari, shuningdek, jahonga mashhur Axsikent, Quva singari yodgorliklarning paxta yakkahokimligi siyosati oqibatida yo‘q bo‘lib ketishidan saqlanib qolinganligi aniqlangan;
Buxoro shahrining vujudga kelishi, uning joylashgan o‘rni va mudofaa devorlari, arxeologik va me’moriy obidalari, san’at asarlari va mehnat qurollarining Yahyo G‘ulomov va uning safdoshlari tomonidan arxeologik jihatdan aniqlanishsi asosida ko‘hna Buxoro shahrining yoshi aniq belgilanganligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Akademik Yahyo G‘ulomov  va uning O‘zbekistonda tarix hamda arxeologiya fanlari taraqqiyotidagi o‘rni mavzusida olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
O‘zbekistonda tarix, arxeologiya fanlarining rivojlanishi, xususan, sug‘orma dehqonchilik madaniyatining vujudga kelishi va rivojlanishi, uning davlatchiligimiz taraqqiyotidagi o‘ziga xos o‘rni, mamlakatimiz bo‘ylab moddiy-ma’naviy merosimizni o‘rganish, asrab-avaylash va kelajak avlodga etkazish, vatan tarixini xolisona o‘rganish yo‘lida olib borgan jasoratlari, mahalliy ilmiy kadrlar tayyorlash borasida qilgan ishlariga doir ilmiy natijalar “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Taqdimot” (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2022-yil 13-maydagi 06-31-617-son ma’lumotnomasi) hamda “Taqdirlar” ko‘rsatuvlari ssenariylarini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2022-yil 11-avgustdagi 06-28-1298-son ma’lumotnomasi). Natijada akademik Yahyo G‘ulomov  hayoti va faoliyatiga oid shu paytgacha fanga kiritilmagan yangi hujjatli ma’lumotlar, akademik olimning ijodiy, ilmiy, tashkiliy, ijtimoiy faoliyati, olim haqida zamondoshlar, shogirdlar va u kishini yaqindan bilgan insonlarning xotiralari, og‘zaki tarix materiallari tadqiqot doirasiga tortilgani tadqiqot doirasida yanada ko‘proq tushunchalar hosil bo‘lishida yordam bergan;
bugungi kunda jahonga mashhur Afrosiyob, Axsikent, Quva, Qalai Zahoki Moron singari yodgorliklarning o‘z vaqtida yo‘q bo‘lib ketishidan qay tariqa saqlanib qolinganligi va bunda Yahyo G‘ulomovning jasorati yangi faktik materiallar asosida maxsus tadqiq qilinishi, Yahyo G‘ulomov  xonadonida saqlangan olimning shaxsiy arxivi (olim dastxati bilan yozilgan ko‘plab maqolalari, tarixning va arxeologiyaning turli muammolari haqidagi qaydlari, nashrlarga kiritilgan qismlarning qo‘lyozmalari, maktub yozishmalari, turli ilmiy tadqiqotlarga yozilgan taqrizlari, fotografik materiallar) Xalqaro “Oltin Meros” xayriya jamoat fondi faoliyatidaa foydalanilgan (Xalqaro “Oltin Meros” xayriya jamoat fondining 2022-yilning 17-avgustdagi 01-32-son ma’lumotnomasi). Natijalarining qo‘llanishi tarixiy moddiy-madaniy merosimizni umumiy holati, mustaqillik davrida amalga oshirilgan islohatlar, olimning arxeologiya sohasini rivojlantirishda tutgan o‘rni, umuman, ijtimoiy fanlarning asosiy yo‘nalishlarini yoritib berishda muhim ahamiyat kasb etgan;
akademik Yahyo G‘ulomovning ilmiy faoliyati, olimning moddiy-ma’naviy merosimizni o‘rganish va muhofaza qilishdagi o‘rni xususidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Turizm va Madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm va Madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining 2022-yilning 28-sentyabrdagi berilgan 04-12/3066-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning joriy qilinishi yosh avlodni madaniy merosga hurmat ruhida tarbiyalashga yordam bergan.

 

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish