Axtamova Munira Tuychievnaning
falsafa doktori (PhD) Dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Turli texnologiyalarda o‘stirilgan golshtin zotli birinchi tug‘im sigirlarining sut mahsuldorligi”, 06.02.03-Xususiy zootexniya. Chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyasi (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/Qx1043
Ilmiy rahbar: Amirov Shavkat Kuzibaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti, PhD05/30.12.2019.Qx.75.01.
Rasmiy opponentlar: Turganbaev Ruzimbay Urazbaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Xujamov Jurabek Naimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi podani to‘ldirish uchun mo‘ljallangan golshtin zotli urg‘ochi tanalarni o‘stirishda ozuqaviy qo‘shimchalardan foydalanish, g‘unajinlar elinini massaj qilish orqali ularni laktatsiyaga tayyorlash yoʻli bilan yuqori sut mahsuldorligiga ega bo‘lgan, sanoat texnologiyasiga yaxshi moslashgan sigirlar guruhlarini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Qashqadaryo vohasi sharoitida podani to‘ldirish uchun mo‘ljallangan goshltin zotli tanalarni o‘stirishda “Imnamak” ozuqaviy qo‘shimchasidan foydalanish natijasida tanalarning o‘sish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lib, 18 oylikdagi tirik vazni 337,2 kg ni tashkil qilishi va nazorat guruhiga nisbatan 16,5 kg (5,1%) ga yuqori bo‘lishi aniqlangan;
tanalarni birinchi urug‘lantirishdan otalanish darajasi “Imnamak” ozuqaviy qo‘shimchasi berilgan qoramollarda urug‘lanish indeksi nazoratga nisbatan 7,9-12,1% ustun, servis-davri 83 kunni tashkil qilib, 7,6-9,8% ga qisqarganligi aniqlangan;
g‘unajinlar elinini bo‘g‘ozligining 7-8-oylarida faol massaj qilish elinning morfofunksional xususiyatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, elinning shartli hajmi 249,0 sm3 yoki 8,6% ga kattaroq bo‘lishi, sut berish tezligi 1,49 kg/daqiqani tashkil qilishi aniqlangan;
ratsioniga “Imnamak” ozuqaviy qo‘shimchasi kiritib o‘stirilgan va elini bo‘g‘ozligining 7-8-oylarida faol massaj qilingan birinchi tug‘im yoshidagi sigirlarda sut mahsuldorligining 5,6% ga oshishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Turli texnologiyalarda o‘stirilgan golshtin zotli birinchi tug‘im sigirlarning sut mahsuldorligini o‘rganish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar asosida:
podani to‘ldiruvchi tanalarni o‘stirishda “Imnamak” ozuqaviy qo‘shimchasidan foydalanish va g‘unajinlar elinini massaj qilish texnologiyasi Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi “Karpat-ola chashmasi” fermer xo‘jaligida joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2023 yil 28 apreldagi 02/23-171-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida sut ishlab chiqarishdan olingan sof foyda “Imnamak” preparati qabul qilgan sigirlarda nazorat guruhiga nisbatan 545,9 ming so‘mga, elini massaj qilingan sigirlarda esa 1134,4 ming so‘m ko‘proqni tashkil qilgan, sut ishlab chiqarishning rentabellik darajasi 3,4-7,6% ga oshgan;
“Imnamak” ozuqaviy qo‘shimchasidan yosh qoramollarni o‘stirishda foydalanish va g‘unajinlar elinini faol massaj qilish usullari Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Humo - R” fermer xo‘jaligida joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2023 yil 28 apreldagi 02/23-171-son ma’lumotnomasi). Natijada sigirlarning sut mahsuldorligining oshishi hisobiga har bir bosh hisobiga 478300 so‘m qo‘shimcha sof foyda olishga erishilgan, rentabellik darajasi 6,8% ga oshgan;
sigirlar podasini to‘ldirish uchun qoldirilgan tanalar ratsionida “Imnamak” ozuqaviy qo‘shimchasidan foydalanish va g‘unajinlar elinini bo‘g‘ozligining 7-8- oylarida massaj qilish usuli Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidagi “Mustafoqul polvon dalasi” fermer xo‘jaligida joriy qilingan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2023 yil 28 apreldagi 02/23-171-son ma’lumotnomasi). Natijada sigirlarning 305 kunlik laktatsiyadagi sut mahsuldorligining oshishi hisobiga har bir bosh sigirdan olingan qo‘shimcha sof foyda 197 000 so‘mni tashkil qilgan, rentabellik darajasi 5,2% ga oshgan.