Zakirova Zilola Azamovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “O‘zbekistonning madaniy va ma’naviy hayotida musiqa san’atining o‘rni: tarixiy tahlil (Surxondaryo viloyati misolida)”, 07.00.01 – “O‘zbekiston tarixi” (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Tar1195.
Ilmiy rahbar: Tursunov Saypulla Narzullaevich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Termiz davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Tar.78.02.
Rasmiy opponentlar: G‘afforov Shokir Safarovich, tarix fanlari doktori, professor; To‘raeva Matluba Xoliqulovna, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi musiqa san’atida jamlangan milliy g‘oya va ijod namunalarini madaniy va ma’naviy hayotga ta’sirini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Surxon vohasidagi Zarautsoy, Ayritom, Xolchayon, Dalvarzin kabi arxeologik yodgorliklardan topilgan musiqa asboblari tasvirlangan manbalarning mamlakatimizda musiqa san’ati shakllanishi va rivojida muhim o‘rin tutganligi dalillangan;
Surxon vohasi aholisining xalq og‘zaki ijodi namunalari hisoblangan termalar, aytishuvlar, laparlar, baxshilik, topishmoqlar, dehqon, hunarmand, chorva qo‘shiqlarining musiqa san’ati ravnaqida muhim ahamiyat kasb etganligi aniqlangan;
musiqa san’atida yurtsevarlik, insonsevarlik, mardlik, jasurlik, mehnatsevarlik, mehr-muhabbat bilan bog‘liq qo‘shiqlar va musiqa san’ati namunalarining inson shaxsini ulug‘lovchi madhiyalar, bahodirlik qiyofasini bo‘rttirib ko‘rsatadigan e’tiqodlar va xalq qo‘shiqlari bilan bog‘liq jihatlarining hududda yuqori darajada ifodalanganligi dalillangan;
mustaqillik yillarida milliy mentalitetni tarannum etuvchi xalq qo‘shiqchiligiga oid maqom, terma, lapar, doston usullarining qayta tiklanib, takomillashib borganligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekistonning madaniy va ma’naviy hayotida musiqa san’atining o‘rni xususida amalga oshirilgan tarixiy tahlil bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
mamlakatimizda shakllangan musiqa san’atining nodir manbalarini Surxon vohasi misolida yoritib berishga bag‘ishlangan ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatida foydalangan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2022 yil 16 dekabrdagi 03-12-08-5402-son ma’lumotnomasi). Bu esa, ta’lim muassasalarida musiqa materiallaridan samarali foydalanish va uni takomillashtirish uchun xizmat qilgan;
Surxon vohasidagi xalq og‘zaki ijod manbalari hisoblangan termalar, aytishuvlar, laparlar, baxshilik, topishmoqlar, dehqonchilik, hunarmandchilik, chorvachilik va harbiylarga xos qo‘shiqlar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi qoshidagi ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti faoliyatida foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutining 2022-yil 21-dekabrdagi 398-son ma’lumotnomasi). Bu esa, jamoatchilik o‘rtasida milliy musiqamizning juda boy merosga ega ekanligi namoyon etishga xizmat qilgan;
Surxon vohasining Zaravutsoy, Ayritom, To‘palangdaryo havzasi, Xolchayon, Dalvarzintepa kabi tarixiy obidalaridan topilgan ud, friz, arfa, daf, doira kabi musiqa asboblari namunalari asosida Surxondaryo hududida musiqa san’atining qadimdan yuksak taraqqiy etganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar “O‘zbekiston tarix” kanalida “Musiqa-moziydan aks etgan qo‘shiqlar” turkumidagi teledasturida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2022 yil 27 dekabrdagi 02-31-2146-son ma’lumotnomasi). Natijalar, mamlakatimiz aholisi o‘rtasida madaniy va ma’naviy hayotda muhim o‘rin tutgan musiqa tarixiga oid ma’lumotlarni tarqatishga xizmat qilgan.