Ahmedov Sardor Sayriddin o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Surxon vohasi tojiklarining etnomadaniy jarayonlardagi o‘rni (XX asrning oxiri va XXI asrning birinchi yarmi)”, 07.00.07-Etnografiya, etnologiya va antropologiya (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Tar1151.
Ilmiy rahbar: Tursunov Saypulla Narzullaevich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Termiz davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Tar.78.02.
Rasmiy opponentlar: Doniyorov Alisher Xudayberdievich, tarix fanlari doktori, professor; Qurbonova Manzila Bakievna, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonning janubiy hududlarida tojik xalqining ijtimoiy hayoti, madaniyati, urf-odati, an’analari, marosimlari, xalq xo‘jaligi va o‘yinlarining o‘ziga xos xususiyatlarining ma’naviy madaniyatida kechgan transformatsion jarayonlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Surxon vohasining tog‘li qishloqlarida yashovchi tojiklarning tojik-qatag‘on, tojik-chig‘atoy kabi etnik va ijtimoiy guruhlardan tashkil topganligi, tojik-qatag‘onlarning Sina, Langar, Sangardak, Chorbog‘, Xufar, Dashtikaltatoy qishloqlarida, tojik-chig‘atoylarning esa Panjob, Darband, Sayrob qishloqlarida o‘rnashganliklari aniqlangan;
tojiklarning xo‘jalik hayoti dehqonchilikka asoslanganligi va bug‘doyning muslimka, qiltiqli, qayroqli, qizil bug‘doy navlarini, bog‘dorchilikda yong‘oq, bodom, do‘lana, pista daraxtlarni madaniylashtirganligi, bog‘lar va ekinzorlarni qo‘riqlashda ov qushlaridan foydalanishlari dalillangan;
Surxon vohasi tojiklari jundan mato to‘qishda “g‘o‘rim” deb ataluvchi to‘quv uskunasini ishlatishlari, Boysun do‘ppilarini tikishda to‘rt va sakkiz qirrali naqsh bilan bezash usullarini qo‘llaganliklari, zargar ustalar bilauzuk, besh barmoq, silsila va tillaqosh, xapabandon kabi taqinchoqlarni yasaganliklari dalillangan;
tojiklarga xos ichki nikoh asosida kelinni ota uyida turishi, nikoh bilan bog‘lik soch turmaklash, kelin kiyimlaridagi kashta bezaklarining o‘ziga xos usullari, chaqaloqlar bilan bog‘liq it ko‘ylak kiyintirish, isiriqqa cho‘miltirish, 3-5-7-9 yoshida aqiqa o‘tkazish, yosh bilan bog‘liq muchal va sunnat to‘ylari, xalq o‘yinlari, og‘zaki ijod namunalari va dafn bilan bog‘liq marosimlar aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Surxon vohasi tojik qishloqlari aholisi moddiy va nomoddiy madaniyatining etnik va lokal xususiyatlari mavzusi bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijasi asosida:
Surxon vohasining tog‘li qishloqlarida yashovchi tojiklarning tojik-qatag‘on, tojik-chig‘atoy kabi etnik va ijtimoiy guruhlardan tashkil topganligi, tojiklarning mahalliy o‘zbek aholisi bilan o‘zaro etnoslararo aloqalari natijasida Surxon vohasida o‘zbek-tojik ikki tillilik hodisasi ro‘y berganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlardan O‘zbekiston tarixi kanalida “Tojiklarning moddiy-ma’naviy madaniyatidagi o‘ziga xos etnografik tahlillar” eshittirishida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2022 yil 13 maydagi 06/31/615-son ma’lumotnomasi). Bu esa, mamlakatimiz aholisi, xususan, yoshlar ongiga insoniylik g‘oyalarini singdirish, teleradio ko‘rsatuv va eshitirishlari orqali an’anaviy xalq marosimlari va milliy qadriyatlarni targ‘ib qilishga xizmat qilgan;
Surxon vohasi tojiklarining an’anaviy marosimlari, urf-odatlar, taqvimlar hamda ularning etnik va hududiy o‘ziga xosligi, milliy o‘yinlarning yosh avlod tarbiyasida tutgan o‘rni to‘g‘risidagi ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazi faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2022 yil 1 avgustdagi 02/02/1235-son ma’lumotnomasi). Natijalar milliy an’analar va qadriyatlarni asrab-avaylash, keng targ‘ib qilish, shuningdek yoshlar ko‘nglida yurtsevarlik, madaniy va ma’naviy merosga hurmat tuyg‘ularini kuchaytirishga xizmat qilgan.