Dustmurodov Ma’rufjon Mansur o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi: “O‘rxun-Enisey bitigtoshlaridagi harbiy terminlar tadqiqi”, 10.00.05 – Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Fil2223.
Ilmiy rahbar: Dadaboev Hamidulla Aripovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/30.2019.Fil/Tar.21.01.
Rasmiy opponentlar: Sodiqov Qosimjon Pozilovich, filologiya fanlari doktori, professor; Kurganov Anvar Muxtorovich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘rxun-Enisey bitigtoshlari matnida qo‘llanilgan harbiy terminlarni lingvostatistik, semantik-funksional, tarixiy-etimologik aspektlarda ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
turkiy xalqlar davlatchiligining ilk davrlari harbiy tizimini o‘zida aks ettirgan O‘rxun-Enisey bitigtoshlaridagi harbiy terminlar ochib berilib, turkiy xalqlarning qadimgi davr va ilk o‘rta asrlarda o‘ziga xos harbiy ish hamda mudofaa tizimiga ega bo‘lgani 117 ta harbiy termin asosida isbotlab berilgan;
bitigtoshlarda o‘rin olgan harbiy terminlar, xususan, unvonlar, lavozim nomi va epitet (sifat)lar funksional va semantik jihatdan asoslanib, qadimgi turklarda harbiy, siyosiy, ma’muriy, ijtimoiy va diniy xususiyatlarga ega o‘ziga xos boshqaruv tizimi mavjud bo‘lganligi, ular orasida harbiy soha bilan bog‘liq terminlar ustuvor bo‘lganligi aniqlangan;
qadimgi turklarda, xususan, Birinchi Turk xoqonligi (552-630) va Ikkinchi Turk xoqonligi (682-744) davrida harbiy ish va mudofaa bilan bog‘liq amaliyotlar joriy qilinar ekan, xususan, harbiy amaldor, qo‘shin boshlig‘i va askarlarning darajasi oshirilishida muayyan tartiblarga amal qilingani, vazifadorning maqomi oshirilayotganda ma’lum bir unvon berish yoki mavjud unvonning oldiga epitet (sifat) qo‘shilishi shaklida amalga oshirilgani dalillangan;
bitigtoshlarda uchraydigan harbiy terminlarning genezisi ochib berilib, ularning eski turkiy til, eski o‘zbek adabiy tili, hozirgi o‘zbek adabiy tili va o‘zbek xalq shevalari hamda ayrim turkiy tillarda saqlanish holati o‘nlab misollar (alp, baγatur, čör / cörä, ön bašï, yuz bašï, bïŋ bašï, tuman, bäg, bašlïγ va boshqa) asosida tasdiqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘rxun-Enisey bitigtoshlaridagi harbiy terminlar tadqiqidan olingan ilmiy-nazariy natijalar asosida:
O‘rxun-Enisey bitigtoshlarida qo‘llangan harbiy terminlarning genezisi yoritilganligi, ularning eski turkiy til, eski o‘zbek adabiy tili, hozirgi o‘zbek adabiy tili va o‘zbek xalq shevalari hamda ayrim turkiy tillarga munosabati asoslanganligiga oid xulosalardan “Qadimgi davrlardan XIII asrgacha bo‘lgan turkiy yozma manbalar tadqiqi” mavzusidagi PZ-20170927147 amaliy loyihasining uchinchi bosqichidagi rejalar ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022-yil 21-noyabrdagi 04/1-3198-son ma’lumotnomasi). Natijada bitigtoshlar harbiy terminologiyasini semantik-funksional jihatdan tadqiq etish orqali soha terminlarining ma’noviy-vazifaviy taraqqiyotiga oid ma’lumotlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan;
bitigtoshlardagi harbiy terminlarning bir qanchasi Turk xoqonligi davrigacha bo‘lgan turkiy va g‘ayriturkiy sulolalar qo‘shinida mavjud bo‘lganligi, xoqonlik davriga kelib, semantik-funksional jihatdan yanada faollashganiga oid xulosalardan “O‘zbek davlatchiligi tarixida sug‘diy til va yozuvining tutgan o‘rni (mil.av. II – milodiy XII asrlar)” mavzusidagi OT-F1-029 fundamental loyihasining uchinchi bosqichidagi rejalar ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2022-yil 21-noyabrdagi 04/1-3197-son ma’lumotnomasi). Natijada loyihaning sug‘diy til va uning turkiy til taraqqiyotida tutgan o‘rniga oid ma’lumotlari yangi materiallar, ilmiy asoslangan dalillar bilan boyitilgan;
bitigtoshlardagi harbiy terminlar tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy-nazariy xulosalardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Taqdimot” nomli 2 sondagi, “Manbalar so‘zlaganda” nomli 1 sondagi, “Tarix va talqin” nomli 1 sondagi hamda “Bir asar tarixi” nomli 2 sondagi ko‘rsatuvlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2022-yil 16-fevraldagi 01-06-391-son ma’lumotnomasi). Natijada teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar yangi materiallar, ilmiy asoslangan dalillar bilan boyitilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish