Xaydarov G‘ayratbek Mirzapo‘latovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.    Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiva mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy hayotida xorijiy investisiyalarning o‘rni (Farg‘ona vodiysi viloyatlari misolida, 1991–2020 yillar)”, 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.DSc/Tar29.
Ilmiy maslahatchi: Murtazaeva Raxbar Hamidovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyai ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti. DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Oblomuradov Naim Xalimovich, tarix fanlari doktori, professor; Ishquvvatov Valiqul Turdievich, tarix fanlari doktori (DSc); Egamberdiev Farmonqul To‘raqulovich, iqtisod fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi 1991-2020-villar xronologik chegarasida mavzuga oid birlamchi va tarixiy, ilmiy manbalar tahlili asosida O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy–iqtisodiy hayotida xorijiy investisiyalarni tatbiq etilishi bosqichlari, sohalari, amalga oshirilgan chora-tadbirlarning natijalari va ahamiyatini Farg‘ona vodiysi viloyatlari misolida tarix fani nuqtai nazaridan ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
xorijiy investisiyalarni jalb etilishida Toshloq, Buvayda, Beshariq, Andijon, Qo‘rg‘ontepa, Xo‘jaobod, Pop, Chust va To‘raqo‘rg‘on kabi tumanlarda mahalliy hokimiyat organlarining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to‘g‘ri, to‘laqonli bajarilishi natijasida ularda bevosita o‘sish ko‘rsatkichlari kuzatilganligi, biroq, Yozyovon, So‘h, Mingbuloq, Yangiqo‘rg‘on, Uchqo‘rg‘on, Ulug‘nor, Bo‘ston (Bo‘z) tumanlarida esa investisiya bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishda sohaga doir yuqori malakali, etuk kadrlarning etishmasligi bilan bog‘liq muammolar mavjudligi ochiqlangan;
vodiy viloyatlarida Davlat investisiya siyosati rivojlanishi uch bosqichni qamrab olganligi, birinchi bosqich (1991-1994 yillar)da turli mulkchilik shakllari qaror topishi, ikkinchi bosqich (1995-2016 yillar)da sohaga doir me’yoriy-huquqiy bazaning yaratilishi va hududlarda amalga oshirilishi, uchinchi bosqich (2016 yilning so‘nggi choragidan hozirgi kungacha)da valyuta munosabatlarining erkinlashtirilishi bilan bog‘liq jarayonlarni kechganligi dalillangan;
Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlariga chet el sarmoyalarining kiritilishi “Qo‘qon”, “Namangan” va “Andijon-Farm” kabi erkin iqtisodiy zonalarning asos solinishiga sabab bo‘lganligi, hududda kichik sanoat zonalarining tashkil qilinishi natijasida jahon mamlakatlari bilan integratsiya jarayonlari rivojlanganligi hamda ular bilan investision hamkorlik munosabatlari kuchayganligi dalillangan;
istiqlol yillari vodiy viloyatlarida xalq xo‘jaligining muhim tarmoqlariga doir korxonalarning barpo etilishi hamda ularning ishlab chiqaruvchilik faoliyatida zamon talablariga mos ravishda transformatsion va modernizatsion islohotlar kuzatilganligi, aksar holatlarda mintaqada dunyo bozori uchun eksportbop, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga erishilganligi va eng avvalo mazkur tovarlarning aholi ichki ehtiyojlarini to‘la qondirishiga xizmat qilganligi aniqlangan;
mintaqada iqtisodiy taraqqiyot uchun yo‘naltirilgan xorijiy investisiyalarning faollashuv jarayonlari kuzatilganligi, viloyatlarda qabul qilingan investisiya dasturlarini to‘la tatbiq etilishi sohalar liberalizatsiyasiga turtki bo‘lganligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 1991-2020 yillar davriy chegarasida Farg‘ona vodiysining ijtimoiy-iqtisodiy hayotida xorijiy investisiyalarning o‘rni masalasiga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
Farg‘ona vodiysida xalqaro oliy o‘quv yurtlari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi hamda ular sonining yilma-yil o‘sib borishiga doir materiallardan Germaniya Federativ Respublikasining Bremen shahridagi «A&A Ausbulding und Arbeit Plus GmbH» nomli ilmiy va malaka oshirish markazining yillik hisobotlarini statistik manbalar ma’lumotlari bilan to‘ldirishga ko‘mak bergan (Germaniya Federativ Respublikasi Bremen shahridagi A&A Ausbulding und Arbeit Plus GmbH ilmiy va malaka oshirish markazining 2021 yil 4 noyabrdagi tegishli ma’lumotnomasi). Natijada bu O‘zbekiston, qolaversa Farg‘ona vodiysining Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari iqtisodiy hayotida muhim o‘rin tutgan investisiyalar bo‘yicha ma’lumotlarni oydinlashtirishga hissa qo‘shgan;
respublikadagi innovatsion faoliyatni yanada shakllantirilishi natijasida Andijon viloyatida xorijiy investorlar sonining ortib borganligi to‘g‘risidagi tadqiqot xulosalari va statistik materiallar hamda arxiv hujjatlaridagi ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi Andijon viloyati statistika boshqarmasining «Andijon viloyatining investision muhiti va uning shakllanishi» deb nomlangan hisobotini tegishli materiallar bilan boyitishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining 2022 yil 31 martdagi 01/3-08-15/3-178-sonli ma’lumotnomasi). Qo‘llanilgan natijalar respublika, jumladan, Andijon viloyatidagi qo‘shma korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yilishi, shakllanishi va rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan ma’lumotlarni umumlashtirishga xizmat qilgan;
Respublikadagi o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini rivojlantirish, oilalarni kambag‘allikdan chiqarish maqsadida hukumat tomonidan ularga investisiyalarning berilishi, mahallalarda yoshlar sanoat zonalarining tashkil etilishi, «temir daftar», «ayollar daftari» va «yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalardagi yoshlarni jalb etish bilan bog‘liq tadqiqot natijalaridan «Mahallalarda oilalarni kambag‘allikdan chiqarishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish» mavzusidagi JHBL-59-son ilmiy loyiha hisobotlarini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutining 2022-yil 23-iyundagi 01-09/971-son ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy natijalardan loyiha doirasida mahallalarga taalluqli tarixiy-tahliliy materiallarni tayyorlashda atroflicha foydalanilgan;
Farg‘ona vodiysi ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga xorijiy investisiyalarning joriy etilishi tarixi bilan bog‘liq dissertatsiya xulosalaridan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan Andijon viloyati hududiy boshqarmalari amaliy faoliyatiga doir dasturlar ishlab chiqishda va tahliliy tarixiy materiallar tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining 2022-yil 9-dekabrdagi 02/39-3-6/326-son ma’lumotnomasi). Vazirlikka taqdim etilgan ushbu birlamchi va tarixiy materiallar vodiy ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga doir tarixiy bilimlarni shakllantirishga yordam bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish