Nurmamatov Furqat Abdug‘anievichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Rayhon (Ocimum basilicum L.) seleksiyasi uchun boshlang‘ich manbani morfobiologik o‘rganish va tanlash”, 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/Qx1012.
Ilmiy rahbar: Aramov Muzaffar Xoshimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: rayhonning “Gulchaman” navi (№ NAP 00405). O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2022 yil 26 avgusdagi NAP 20200052-son xulosasi.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda rayhonning nav namunalari to‘plamini morfologik, qimmatli xo‘jalik belgilari bo‘yicha baholash, seleksiya ishlari uchun boshlang‘ich manba yaratish va istiqbolli namunalarni ajratish, rayhon o‘simligining urug‘ mahsuldorligini aniqlash, istiqbolli namunalarni Intellektual mulk agentligiga topshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor O‘zbekiston janubida binafsha rangli rayhonning 22 ta va yashil rayhonning 9 ta nav namunalari o‘rganilgan va seleksiya ishlari uchun qimmatli boshlang‘ich manba sifatida ajratilgan;
binafsha rangli rayhon nav namunalaridan Fioletoviy gigant, Qora rayhon, Fioletoviy blesk, Purpurniy korol №1, Purpurniy korol №4, Pyat aromatov smes, Bakinskiy dvorik va yashil rangli rayhon nav namunalaridan Vostochniy bazar (smes), Bazilik limonniy aromat nav namunalari seleksiya ishlari uchun boshlang‘ich manba sifatida va sabzavotchilik xo‘jaliklarida, shaxsiy tomorqalarda etishtirish uchun ajratib olingan;
analitik seleksiya uslubi asosida istiqbolli Vz-001 nav namunasidan tizmalar ajratib olingan va rayhonning xushbo‘y hidli, uy sharoitida tuvakchalarda o‘stirish, dala hovlilarda manzarali ekin sifatida etishtirish uchun mo‘ljallangan yangi Gulchaman navi yaratilgan;
binafsha rangli rayhonning Fioletoviy krupnolistniy, Purpurniy korol №1, Fioletoviy gigant, Pyat aromatov smes kabi nav namunalarida urug‘ mahsuldorligi (944,4-1055,6 kg/ga) yuqori ekanligi aniqlangan;
yashil rayhonning Baxt, Feervek vkusa (smes), Vostochniy bazar (smes) nav namunalarida urug‘ hosildorligi (1028,5-1055,5 kg/ga) yuqoriligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Rayhonning nav namunalari to‘plamini morfologik, xo‘jalik qimmatli belgilari bo‘yicha baholash, seleksiya ishlari uchun boshlang‘ich manba yaratish va istiqbolli namunalarni ajratish, rayhon o‘simligining urug‘ mahsuldorligini aniqlash, qurg‘oqchilikka chidamli, aholi xonadonlarida manzarali ekin sifatida etishtirishga mo‘ljallangan va eksport talablariga javob beradigan navlarni yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
intensiv tipda o‘sishga moslashgan, xushbo‘y hidli, bargi kichkina va ko‘rkam, jozibador, uy sharoitida tuvakchalarda o‘stirish, dala hovlilarda manzarali ekin sifatida etishtirish uchun muljallangan, o‘rtapishar (o‘suv davri 125-135 kun) yangi Gulchaman navi yaratilgan va O‘zbekiston Respublikasi Intelektual mulk agentligi tomonidan ushbu navga patent (NAP 00405, 26.08.2022) olingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 17 yanvardagi № 07/23-06/58-son ma’lumotnomasi). Natijada, rayhonning yangi mayda bargli, xushbo‘y hidli Gulchaman navida o‘simlikning bo‘yi 20 - 25 sm, gulshodasining uzunligi 3 sm, bitta o‘simlikdagi novdalar soni 50-58 dona, barglar soni 4500-5000 dona, urug‘ hosildorligi 103 g /m2, 1000 ta urug‘ vazni 0,94 g, tarkibida quruq modda miqdori 9,6-10,5 %, qand miqdori 2-3%,oqsil miqdori 3-4%, vitamin S miqdori 9-10%, ko‘k massa hosildorligi 2,0-2,3 kg/m2, quritilgan massa hosildorligi 0,1-0,2 kg/m2 ni tashkil etgan;
intensiv tipdagi rayhonning Gulchaman navi 2022 yilda Surxondaryo viloyatining obodonlashtirish tashkilotlarida shahar ko‘chalarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish maqsadida Termiz shahrida 0,90 ga, Termiz tumanida 0,70 ga, Surxondaryo viloyati O‘rmon xo‘jaligida 0,45 ga, “Surxondaryoyo‘lko‘kalam” tashkilotida viloyat xududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘llarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishda 1,5 ga, viloyat bo‘yicha jami 3,55 ga maydonga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 17 yanvardagi № 07/23-06/58-son ma’lumotnomasi). Natijada, intensiv tipda o‘sishga moslashgan, xushbo‘y hidli, bargi kichkina va ko‘rkam, jozibador, uy sharoitida tuvakchalarda o‘stirish, dala hovlilarda manzarali ekin sifatida etishtirish uchun muljallangan rayhonning Gulchaman navidan olinadigan sof daromad 25849 - 37314 ming so‘m/ga ni, rentabellik darajasi esa 86,3-115,9 % ni tashkil etgan;
rayhonning Gulchaman navi 2022 yilda Surxondaryo viloyati Termiz tumanidagi fermer va dexqon xo‘jaliklarida iste’mol maqsadida “Murod Madina” fermer xo‘jaligida 0,35 ga, “Qoraxon Paxtakor” fermer xo‘jaligida 0,20 ga, “Davralay Bog‘i” fermer xo‘jaligida 0,30 ga, Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutida 0,02 ga maydonga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 17 yanvardagi № 07/23-06/58-son ma’lumotnomasi). Natijada, rayhonning Gulchaman navidan sug‘oriladigan maydonlarda o‘rtacha 20,0-23,0 t/ga ko‘k massa hosili olinib, sof daromad 35849 - 46314 ming so‘m/ga ni, rentabellik darajasi 41,3-43,3 % ni tashkil etgan.