Zuftarov Erkin Aybekovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Malina (Rubus idaeus L.) navlarining xo‘jalik-biologik xususiyatlarini tadqiq qilish va etishtirish texnologiyasini takomillashtirish”, 06.01.07 – Mevachilik va uzumchilik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/Qx814
Ilmiy rahbar: Islamov Soxib Yaxshibekovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: akademik Maxmud Mirzaev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/29.04.2022.Qx.13.04.
Rasmiy opponentlar: Normuratov Ilxom Turg‘unovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Qosimov Axmadjon Abduqodirovich, qishloq xo‘jaligi falsafa fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi malinaning (Rubus idaeus L.) O‘zbekistonga introduksiya qilingan navlarini xo‘jalik-biologik xususiyatlarini o‘rganish va etishtirish texnologiyasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Toshkent viloyati sharoitida malina navlarining xo‘jalik-biologik xususiyatlarini o‘rganish asosida ertapishar Izobil`naya, Progress navlari, mevasining sifat ko‘rsatkichlari va hosildorligi yuqoriligi bo‘yicha Zyugana, Polka, Lyashka navlari aniqlangan;
malina navlarini issiqqa chidamliligi laboratoriya sharoitida suv hammomida 40ºS, 45ºS, 50ºS, 55ºS va 60ºS haroratlarda hamda dala sharoitida havo va barg haroratlari orasidagi tafovut aniqlanib, issiqqa chidamli Progress, Visluxa va Zyugana navlari aniqlangan;
malina o‘simligining barg to‘qimalaridagi suv tanqisligi, suv miqdori va suv yo‘qotish qobiliyatlarini baholash asosida Progress, Zyugana Malboro navlarini qurg‘oqchilikka chidamliligi isbotlangan;
malinaning Barnaul`skaya va Progress navlarini etishtirishda maqbul ekish sxemasi (2,0×0,4 m) va o‘simlik oziqlanish maydoni (0,8 m2) aniqlangan;
malina navlaridan mahsulot etishtirishning namunaviy hisob texnologik kartasi ishlab chiqilgan va iqtisodiy ko‘rsatkichlar aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Malina (Rubus idaeus L.) navlarining xo‘jalik-biologik xususiyatlarini tadqiq qilish va etishtirish texnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan ilmiy-tadqiqot natijalari asosida:
malina navlarining xo‘jalik-biologik xususiyatlarini baholash ilmiy ishlanmasi Toshkent viloyati Parkent tumani “To‘lagan qizi Fotima” fermer xo‘jaligida malinaning Polka va Lyashka navlaridan 0,20 ga maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 20 yanvardagi 02/029-9-sonli ma’lumotnomasi). Natijada nazorat naviga nisbatan 20-30% yuqori sifatli mahsulot olingan bo‘lib, daromad 0,20 ga maydondan 10,6 mln. so‘mni tashkil etgan;
malina mevasining sifat ko‘rsatkichlari va hosildorligiga ekish sxemalarining ta’siri ishlanmasi Toshkent viloyati Parkent tumani “To‘lagan qizi Fotima” fermer xo‘jaligida malinaning Progress navidan 0,40 ga maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 20 yanvardagi 02/029-9-sonli ma’lumotnomasi). Natijada 2,0×0,4 m ekish sxemasida nazorat variantga nisbatan 20% yuqori hosildorlikka erishildi. Daromad esa 0,40 ga maydondan 25,4 mln. so‘mni tashkil etgan;
malina mevasining sifat ko‘rsatkichlari va hosildorligiga ekish sxemalarining ta’siri ishlanmasi Toshkent viloyati Parkent tumani “O‘tkir Turg‘unboy o‘g‘li” fermer xo‘jaligida ham malinaning Progress navidan 0,40 ga maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 20 yanvardagi 02/029-9-sonli ma’lumotnomasi). Natijada 2,0×0,4 m ekish sxemasida nazorat variantga nisbatan hosildorlik yuqori bo‘lib, 0,40 ga maydondan 20,0 mln.so‘m daromad olishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish