Tursunov Ravshan Normuratovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Turkiston o‘lkasida ekologik vaziyat va atrof-muhit muhofazasi masalalari”, 07.00.01. – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Ilmiy maslahatchi: Alimova Dilorom Agzamovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Musaev Nuriddin Umurzakovich, tarix fanlari doktori, professor; Komilov Oybek Kamilovich, tarix fanlari doktori (DSc), professor; Jabborov Zafarjon Abdukarimovich, biologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Turkiston o‘lkasida ekologik vaziyat va atrof-muhit muhofazasi masalalari hamda muammoning nazariy-konseptual asoslarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XIX asrning oxiri – XX asr boshlarida Turkiston o‘lkasi hukumati xo‘jalik ishlarida yoqilg‘i va xomashyo sifatida o‘simliklar olamidan ayovsiz foydalanilganligi, shuningdek, bog‘dorchilik va o‘rmonchilik yo‘nalishida urug‘chilik orqali emas, ko‘chatlar parvarishlash yo‘li bilan manzarali (asosan ignabargli) daraxtlar maydonini kengaytirish tajribasini yoyishda mahalliy bog‘bonlarning yillar davomida toplangan amaliy bilimlari (daraxtlarni payvandlash va ularga ishlov berish) va ko‘nikmalari asosiy rol o‘ynaganligi isbotlangan;
Turkiston general-gubernatorligi davrida ko‘chib kelgan aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida maxsus o‘simliklar seleksiyasini yaratishga qaratilgan manzarali daraxtlar, butasimonlar, yovvoyi o‘simliklar bilan tajribalar o‘tkazilishi o‘lka tabiati va iqlim sharoitlariga mos bo‘lgan daraxt navlarini saralash hamda ularni mahalliylashtirishga imkon berganligi aniqlangan;
XIX asr oxirlariga kelib Turkiston o‘lkasining markaziy shaharlarida (Toshkent, Samarqand) qarovsiz jonivorlarni aniqlash va ularni saqlash bo‘yicha ilmiy jamoatchilik tomonidan hududlarda jonivorlarni himoya qilish jamiyatlarning tashkil etilishi yuqumli va xavfli kasalliklarga chalingan hayvonlardan aholi salomatligi, mulkiga etkaziladigan zararlar ko‘lamini kamaytirishga xizmat qilganligi aniqlangan;
Rossiya imperiyasi tomonidan ko‘proq foyda olish maqsadida yangi erlarni o‘zlashtirilishi, gidrotexnika tarmoqlarining nosozligi kabi holatlar suvga bo‘lgan talabning ortishiga olib kelib, pirovardida suv taqsimoti va miqdori hukumat nazoratidan chiqib ketishi ijtimoiy ziddiyatlarni kuchayishiga zamin yaratganligi dalillangan;
XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Turkiston o‘lkasida qum bo‘ronlari sodir bo‘lganligi, Turkiston general-gubernatorligi davrida o‘lkadagi uchar qumlarni tadqiq etish va ularni bostirish maqsadida maxsus bo‘limlarning tashkil etilishi shaharsozlik va qishloq xo‘jaligidagi tabiiy zararlarni oldini olishga xizmat qilganligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Turkiston o‘lkasida ekologik vaziyat va atrof-muhit muhofazasi masalalari mavzusidagi tadqiqot natijalarining joriy qilinishi hamda chiqarilgan ilmiy xulosalar va takliflar asosida:
O‘zbekiston hududidagi ekologik holat tarixi, ekologik madaniyat va bilimlar shakllanishining tarixiy ildizlari, Turkiston mintaqasidagi flora va faunaning holati, antropogen ta’sir oqibatlari, o‘lkada ko‘chat etishtirish borasida mahalliy bog‘bonlarning erishgan yutuqlari, rus tabiatshunos olimlar tashabbusi bilan 1911 yilda Toshkentdagi Botanika bog‘ini tashkil etishdagi amaliy harakatlar, qarovsiz qolgan jonivorlarni himoya qilish maqsadida tashkil etilgan jamiyatlar, suv resurslarini tartibga solinmaganligi, tabiiy ofatlar, qum bo‘ronlarini tadqiq etilishiga oid natijalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Etno” ko‘rsatuvi ssenariylarini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2022-yil 20-apreldagi 02-30-730-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarining joriy etilishi aholiga ekologiya tarixi va ekologik madaniyat, atrof-muhitni asrab-avaylash haqidagi bilimlarini yanada kengayishiga xizmat qilgan.
XIX asrning oxiri – XX asr boshlarida Turkiston o‘lkasida hukumat va xo‘jalik ishlarida o‘simliklar olamidan ayovsiz foydalanilganligi, shuningdek, bog‘dorchilik va o‘rmonchilik yo‘nalishida urug‘chilik orqali emas, ko‘chatlar parvarishlash yo‘li bilan manzarali daraxtlar (asosan ignabargli) maydonini kengaytirish tajribasini yoyishda mahalliy bog‘bonlar aql-zakovati va amaliyoti asosiy rol o‘ynaganligi, 1911 yilda Toshkentda maxsus o‘simliklar seleksiyasini yaratishga qaratilgan “Botanika Bog‘i”ini ochilganligiga oid ilmiy natijalar 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining VI-bandida belgilangan 80-maqsad (Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, shahar va tumanlarda ekologik ahvolni yaxshilash, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish) va 81-maqsad (O‘rmonlar maydonini kengaytirish)lardagi vazifalarning ijrosini ta’minlashda hamda O‘zbekiston ekologik partiyasining asosiy faoliyat yo‘nalishlarining samaradorligini yanada oshirish yo‘lida foydalanilgan (O‘zbekiston Ekologik partiyasining 2023-yil 6-fevraldagi 01/37-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar atrof-muhit va tabiatni asrab-avaylashda tarixiy tajribadan keng foydalanishga xizmat qilgan;
XIX asr oxirlariga kelib Turkiston o‘lkasida qarovsiz jonivorlarni aniqlash va ularni saqlash bo‘yicha hududlarda jonivorlarni himoya qilish jamiyatlari tashkil etilganligi, mintaqa o‘simlik va hayvonot olamining xilma-xilligi hamda ovchilik jarayonlarining tartibga solinishiga oid natijalardan Madaniy meros agentligi O‘zbekiston davlat tabiat muzeyining ekspoziyalarini mazmunan boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Madaniy meros agentligining 2023-yil 14-fevraldagi 02-10/344-son ma’lumotnomasi). Natijalarning qo‘llanilishi muzeyga tashrif buyuruvchilarning Turkiston general-gubernatorligi davridagi o‘simlik va hayvonot olami bo‘yicha tasavvurlarini kengayishiga imkon bergan;
Rossiya imperiyasi davrida Turkiston o‘lkasidagi sug‘orish tizimining nazoratga olinganiga qaramay, sug‘orish sohasida mavjud qonunlarga rioya etilmaganligi oqibatida suv taqsimoti va miqdori hukumat nazoratidan chiqib ketganligi, XIX asrning ikkinchi yarmi XX asr boshlarida Turkiston o‘lkasida qum bo‘ronlari sodir bo‘lganligi, hukumat tomonidan ushbu tabiiy ofatni bartaraf etish maqsadida maxsus (Turkestanskiy Peschano-Ovrajniy) okrug tashkil etilganligiga oid natijalardan O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi tomonidan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining VI-bandida belgilangan 80, 81-maqsadlardagi vazifalarning ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligining 2023-yil 17-fevraldagi 03-02/7-448-son ma’lumotnomasi). Natijalar tabiatni asrab-avaylashga qaratilgan huquqiy hujjatlarni ilmiy asosda ishlab chiqishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish