Qambarova Muhayyo Muydinjonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ingliz va o‘zbek tillarida arxitektura-qurilish terminlari semantikasi hamda ularning korpuslarda berilishi”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/Fil1371.
Ilmiy rahbar: Djumabaeva Jamila Sharipovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.01.10.
Rasmiy opponentlar: Mamatov Abdi Eshonqulovich, filologiya fanlari doktori, professor; Saidkodirova Dilfuzaxon Saidkodirovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.  
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek tillarida arxitektura-qurilish sohasiga oid terminlarni semantik va funktsional xususiyatlarini chog‘ishtirish, ingliz tili korpuslaridagi arxitektura va qurilish sohasiga oid terminlarning berilishi asosida milliy til korpusi uchun lingvistik bazasiga tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ingliz va o‘zbek tillarida arxitektura-qurilish sohasiga oid terminlarning sof, o‘zlashgan, yasama va qo‘shma so‘z sifatida shakllanganligi o‘xshash hamda lotin, yunon va arab tillaridan o‘zlashgan terminlar bilan boyishidagi farqli jihatlar aniqlangan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi arxitektura-qurilish sohasiga oid terminlar misolida bitta denotant bilan bog‘liq umumiste’mol va terminologik ma’no o‘rtasidagi semantik umumiylik va konnatativ ma’nolardagi farqlar ochib berilgan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi arxitektura-qurilish sohasiga oid terminlarning o‘z qatlami va unda ma’no o‘zgarishidagi o‘xshash hamda boshqa tillardan o‘zlashish jarayonida turli o‘zgarishlarga uchrashi jihatidan farqli tomonlari aniqlangan;
o‘zbek tilining milliy korpusi uchun arxitektura-qurilish sohasiga oid terminlarni kiritish yuzasidan morfologik, sintaktik va semantik axborot razmetkasi bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ingliz va o‘zbek tillarida arxitektura-qurilish terminlari semantikasi hamda ularning korpuslarda berilishini tadqiq etish asosida:
ingliz va o‘zbek tillarida arxitektura-qurilish sohasiga oid terminlarning sof, o‘zlashgan, yasama va qo‘shma so‘z sifatida shakllanganligi  o‘xshash hamda lotin, yunon va arab tillaridan o‘zlashgan terminlar bilan boyishidagi farqli jihatlar yuzasidan xulosalar Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy tadqiqot instituti tomonidan olib borilgan PQ-2020112930 – “Yirik daryolardan to‘g‘onsiz suv olish gidrotexnika inshootlaridan foydalanishda gidravlik moslash texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi fundamental loyihada  foydalanilgan (Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining 2022 yil 12 apreldagi 01/127-son ma’lumotnomasi). Natijada, yirik suv omborli gidroenergetik inshootlarning nomlanishi va terminlarning qiyosiy tarjimalari, yirik daryolardan to‘g‘onsiz suv olish jumladan, gidrotexnika inshootlaridan foydalanishda qabul qilingan va mavjud terminlarning xalqaro terminlar shkalasidagi o‘rni haqidagi ma’lumotlar, gidrotexnik inshootlar terminologiyasidagi aniqlangan variantdorlik hamda ularning optimal variantini qo‘llash yuzasidan kiritilgan takliflar tarjima adekvatligini ta’minlashga xizmat qilgan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi arxitektura-qurilish sohasiga oid terminlar misolida bitta denotant bilan bog‘liq umumiste’mol va terminologik ma’no o‘rtasidagi semantik umumiylik va konnatativ ma’nolardagi  farqlar ochib berilganligi yuzasidan olingan natijalaridan O‘zbekiston Respublikasi qurilish vazirligi Qurilishda texnik me’yorlash markazining  davlat dasturlari doirasidagi loyihalarni bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi qurilish vazirligi Qurilishda texnik me’yorlash markazining 2022 yil 11 apreldagi 0Z-15-16-son ma’lumotnomasi). Natijada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 13 martdagi PF-5963-son farmoni bilan Respublika xududida shaharsozlik faoliyati sohasida texnik jihatdan tartibga solishga doir milliy normativ hujjatlar bilan bir vaqtda qo‘llanilishiga ruxsat etiladigan xorijiy normativ hujjatlar jumladan: Britaniya standartlari (British Standards, BS), AQSh xalqaro qurilish kodlari (International building code, IBC), Yaponiya milliy standartlari (Japanese Industrial Standards, JIS) dagi terimnlarni to‘g‘ri talqin etilishiga xizmat qilgan hamda “Arxitektura-qurilish sohasiga oid terminlarning ruscha-o‘zbekcha-inglizcha lug‘ati”dan foydalanilgan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi arxitektura-qurilish sohasiga oid terminlarning o‘z qatlami va unda ma’no o‘zgarishidagi o‘xshash hamda boshqa tillardan o‘zlashish jarayonida turli o‘zgarishlarga uchrashi jihatidan farqli tomonlari aniqlanganligi bo‘yicha yangilikdan Toshkent arxitektura-qurilish qurilish institutida bajarilgan   Erasmus+Capacity Building in Higher Education dasturi doirasidagi “585718-EPP-1-2017-1-HU-EPPKA2-CBHE-JP-DSinGIS-Doctoral Studies in Geoinformation Science” loyihasida foydalanilgan (Toshkent arxitektura-qurilish institutining 2022 yil 12 apreldagi 4/922-son ma’lumotnomasi). Natijada, dissertatsiyada keltirilgan, yangi terminlarning o‘zlashma qatlam sifatida leksikamizga kirib kelishi, neologizmlarning paydo bo‘lishi, ayniqsa geoinformatika va geofazoviy terminlar, ularning qo‘llanilish doirasidagi qarashlar, geofazoviy terminlarni o‘zbek va ingliz tilida muvofiqlashtirish, o‘zbek tilida mavjud bo‘lmagan sohaga oid yangi terminlarni to‘g‘ri va maqsadli qo‘llash borasidagi nazariy hamda amaliy asoslaridan loyiha doirasida WP5.2-Geofazoviy terminlarni  ingliz va o‘zbek tilida muvofiqlashtirish hamda WP5.Z-Bazada mavjud bo‘lmagan geofazoviy terminlarni aniqlash va bazaga kiritish bo‘yicha hujjatlar paketini yaratishda muhim manba vazifasini o‘tagan;
o‘zbek tilining milliy korpusi uchun arxitektura-qurilish sohasiga oid terminlarni kiritish yuzasidan takliflar va tavsiyalar “O‘zbekiston 24” teleradiokanalining tegishli informatsion dasturlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2022 yil 25 apreldagi ma’lumotnomasi). Natijada, o‘zbek tilidagi yozma manbalarda qayd etilgan, og‘zaki nutqda qo‘llanilayotgan arxitektura terminologiyasining asosiy qismi tahlillari o‘zbek tili korpusiga kiritilishi hamda ularning lingvistik ta’minoti tadqiqot ishlariga foydali ekanligi xususidagi fikrlar qator ko‘rsatuvlarning mazmuniga singdirilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish