Xamidullaev Jangabergen Ubbiniyazovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qoraqalpog‘iston ekstremal sharoitida beda biotsenozi zararli omillariga qarshi kurash choralarini ishlab chiqishning ilmiy asoslari”, 06.01.09 – O‘simliklarni himoya qilish (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/Qx186
Ilmiy rahbar: Toreniyazov Elmurat Sheriniyazovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.05/04.03.2022.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Haytmuratov Arslonbek Fayzullaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori; Xolliev Asamiddin Turaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Qoraqalpog‘iston agrobiotsenozi beda biotopida tarqalgan zararli omillar, jumladan zararkunanda turlari, bioekologik rivojlanishi, dinamikasi va zarar keltirish mezoniga ta’sir etadigan omillarni aniqlash, qarshi qoʻllanilayotgan kurash tadbirlarining ilmiy asoslangan usullarini takomillashtirish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor, Qoraqalpog‘iston sharoitidagi beda maydonlarida uchraydigan hasharotlarning o‘simlikga zarar keltiradigan turlari, ularning tarqalishi, rivojlanishi, bioekologiyasi va keltiradigan zarari bo‘yicha dominant turlarining tavsifi hamda kelib chiqish sabablari aniqlangan;
mazkur biotopda rivojlanadigan zararkunanda turlarining bioekologik rivojlanishiga abiotik, biotik omillar hissasi, bedaning zararli omillarga ko‘rsatadigan reaksiyasi aniqlangan;
bugungi kunda, mazkur hududning beda biotopida o‘simlikning ixtisoslashgan zararkunandalaridan: fitonomus, beda qandalasi, akatsiya yoki beda shirasi, maysa filchasi, beda urug‘xo‘ri, beda tunlami; boshqa biotoplardan migratsiya qiladigan: kuzgi tunlam, undov tunlami, qizil boshli shpanga kabi turlari rivojlanib zarar keltirishi aniqlangan;
beda dalalarida rivojlanayotgan fitonomus soniga bog‘liq 1 m² 1-6 dona qurtlari rivojlanganda 0,11-0,27 kg quruq pichan turidagi em-xashak, gektaridan 1,3-9,4 kg urug‘, beda qandalasi 0,02-0,38 kg em-xashak, gektaridan 0,1-33,1 kg urug‘, kuzgi tunlam qurtlari 0,108-1,119 kg em-xashak, 0,2-1,1 kg urug‘, undov tunlami 0,115-0,974 kg em-xashak, 0,03-0,14 kg urug‘, qizil boshli shpanga 0,125-1,647 kg em-xashak, 0,01-0,25 kg urug‘, o‘rgimchakkana 0,085-2,088 kg em-xashak, gektaridan 0,2-1,8 kg urug‘ hosilini yo‘q qilishi isbotlangan;
beda dalasida paydo bo‘ladigan zararli omillarga qarshi kurash tadbirlaridan agrotexnik usul tashkillashtirilganda biologik samaradorligi 63,3-78,8%, tunlamlarga qarshi biologik usul qo‘llanilganda 83,2-90,5% va turlar soni ko‘paygan dalalarda kimyoviy preparatlar ishlatilganda esa 94,6-99,3% biologik samaradorlikka erishilishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qoraqalpog‘iston agrobiotsenozi beda biotopida paydo bo‘ladigan zararli omillarni aniqlab, rivojlanish bioekologiyasi, dinamikasi, zarar keltirish mezoni asosida turlariga qarshi «Uyg‘unlashgan himoya qilish tizimi»ni yaratish, mavjudlarini takomillashtirishdagi olingan ilmiy muhim natijalarni ishlab chiqarishga joriy etish asosida:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy, Kegeyli, Nukus tumanlari beda dalalarida mikroiqlim sharoitida rivojlanadigan zararkunandalardan fitonomus qurtlari sonini bartaraf etish uchun tadqiqot natijalari 356 ga beda dalasida joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 16-noyabrdagi №01/024-3366-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, beda dalalarida paydo bo‘lib, zarar keltirayotgan zararkunandalarga qarshi agrotexnik kurash tadbiridan, mart oyida dalani ikki marta uzunasi va ko‘ndalaniga borona bilan ishlov berib, sug‘orilganda fitonomus soni 63,3%, beda qandalasi 70,4% va beda urug‘xo‘ri 78,8% kamayib, biologik kurash tadbiri sifatida tunlam tuxumlariga qarshi trixogramma entomofagi tarqatilganda 10-kuni 83,2-88,7%, 20-kuni 86,2-90,5% biologik samaradorlikka erishilgan bo‘lsa, zararkunanda soni ko‘paygan dalada tavsiya etilgan kimyoviy preparatlar ishlatilganda fitonomus va beda qandalasi avlodlarining 94,6-99,3% yo‘q qilinib, zararkunandalar tufayli nobud bo‘ladigan hosil saqlab qolingan.
Respublikaning Chimboy, Kegeyli va Nukus tumanlari beda biotopiga tashqaridan migratsiya qiladigan zararkunandalaridan kuzgi va undov tunlamlari feromon tutqichlar yordamida zararkunandalar sonini aniqlash maqsadida beda dalasida qarshi kurash tadbirlari joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil 16-noyabrdagi №01/024-3366-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, zararkunandalarga qarshi tavsiya etilgan kimyoviy preparatlar ishlatilganda gektaridan 65,4-75,5 tsentner em-xashak, 27,9-47,9 kg urug‘ himoya qilinib, tadbirning iqtisodiy samaradorligi em-xashak etishtirishda 1256,0-1454,0 ming so‘m va urug‘ni himoya qilishda 6979,0 ming so‘mni tashkil qilib, ishlatilgan 1 so‘m 2,52-3,76 so‘m hisobida qoplangan.
Respublikaning Chimboy va Nukus tumanlari beda dalasidagi o‘simliklarda fitonomus, beda qandalasi va beda urug‘xo‘rining aniqlanib, zararkunandalarga qarshi agrotexnik tadbirlari joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining 2022 yil 18-noyabrdagi №23-15/-01-2126-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, fitonomus soni 63,3%, beda qandalasi 70,4%, beda urug‘xo‘ri 78,8% kamayganligi, tunlam tuxumlariga qarshi trixogramma entomofagi tarqatilganda biologik samaradorligi 86,2-90,5%, bedaning ixtisoslashgan zararkunandalariga qarshi kimyoviy himoya qilish uchun ishlatilgan dalada 94,6-99,3% avlodlari yo‘q etilgan samaradorlikka erishilgan.
 

Yangiliklarga obuna bo‘lish