Mamedov Rasul Akif-og‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Past bosimli suv oqimlariga moslashtirilgan samarador mikro gidroelektr stansiyasini ishlab chiqish”, 05.05.06-“Qayta tiklanadigan energiya turlari asosidagi energiya qurilmalari” ixtisosligi bo‘yicha.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.PhD/T1636
Ilmiy rahbar: Sadullaev Nasullo Nematovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro muhandislik-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, PhD.03/30.09.2020.T.111.03. raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Toirov Olimjon Zuvurovich, texnika fanlari doktori, professor; Urishev Boboraxim Urishevich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti.
Dissertatsiya ishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi lokal iste’molchilar uchun o‘zgaruvchan sathli, past bosimli suv oqimlariga moslashtirilgan mikro gidroelektr stansiyasini ishlab chiqish va parametrlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
gidrodinamik qarshilik kuchlarini kamaytirish uchun suv g‘ildiragining parraklari maqbul burchak ostida joylashtirilgan, induktor va yakori bir-biriga qarama-qarshi aylanadigan elektr generatorining konstruksiyasini suvning bosimi va sarfi o‘zgarishini hisobga olgan holda qalqib turuvchi asos bilan takomillashtirish orqali ishlash samaradorligini 1,5…2 % gacha oshirish imkoniga ega bo‘lgan gidroenergetik qurilma ishlab chiqilgan;
past bosimli suv oqimlarida ishlaydigan gidroenergetik qurilmani suv g‘ildiragining geometrik va gidrodinamik tenglamalari asosida suv sarfi, suv g‘ildiragining parraklari soni va qalinligi, tashqi diametri, aylanishlar soni va suv oqimining tezligini hisobga olib, suv g‘ildiragining foydali ish koeffisientini aniqlash imkonini beradigan matematik model takomillashtirilgan;
suv g‘ildiragining optimal parametrlarini aniqlash algoritmi asosida mikro gidroelektr stansiyasi suv g‘ildiragining o‘zgaruvchan suv oqimlarida yuqori mexanik moment va barqaror aylanish tezligiga erishish maqsadida suv g‘ildiragi parraklarining maqbul o‘rnatilish burchagini aniqlash imkonini beradigan dasturiy ta’minoti ishlab chiqilgan;
past bosimli suv oqimlarda ishlaydigan mikro gidroelektr stansiyasining suv oqimi tezligi, parraklar soni, suv g‘ildiragining aylanishlar soni, charxpalak parraklarini optimal joylashgan burchaklarini hisobga olgan holda quvvati, ishlab chiqaradigan elektr energiyasi miqdorini va foydali ish koeffisientlarini aniqlash imkonini beradigan emperik bog‘liqlik olingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Sathi o‘zgaruvchan, past bosimli suv oqimlarga moslashtirilgan mikro gidroelektr stansiyasini ishlab chiqish, parametrlarini asoslash hamda joriy etish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
kichik daryo va irrigatsiya kanallariga moslashtirilgan, past bosimli suv oqimlarda ishlovchi gidroenergetik qurilma uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Intellektual mulk agentligining foydali modeliga patent olingan (№FAP01884, 07.03.2022 y.). Natijada qurilmaning past bosimli suv oqimlarda ishlash samaradorligi (FIK)ni 1,5...2 % gacha oshirish imkoniyati yaratilgan;
past bosimli suv oqimlarida samarali ishlash imkonini beradigan induktor va yakori bir-biriga nisbatan teskari aylanuvchi elektr generatorning konstruksiyasi takomillashtirilgan (“O‘zbekgidroenergo” AJning 2022 yil 13 oktyabrdagi 04-35/2854-son ma’lumotnomasi). Natijada, suv oqimi tezligi 1...4 m/s bo‘lgan oraliqda elektr energiyasini ishlab chiqarish 20…25% ga oshirish imkoniyati yaratilib, energiya iste’moli ishonchliligi va uzlyuksizligi ta’minlanishiga erishilgan;
ishlab chiqilgan mikro gidroelektr stansiyasini Buxoro viloyati Buxoro tumanidagi «Buxoro Chorvo Omad» fermer xo‘jaligida joriy etilgan (“O‘zbekgidroenergo” AJning 2022 yil 13 oktyabrdagi 04-35/2854-son ma’lumotnomasi). Natijada, 1,5 kW quvvatli mikro gidroelektr stansiyasi yordamida yiliga 12000 kW·h elektr energiyasi ishlab chiqarildi, ichki yonuv generatoriga nisbatan yillik iqtisodiy samaradorlik 39,6 mln. so‘mni va 6,6 tonna tabiiy yoqilg‘ini tejash imkoniyati yaratilgan.