Kadirova Dilfuza Alisherovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek va ingliz kommunikativ madaniyatida maqtov konseptining yuzaga chiqishi”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Fil2254.
Ilmiy rahbar: Shaxabitdinova Shoxida Xashimovna, filologiya fanlari doktori, professor. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat chet tillari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat chet tillari instituti, PhD.03/29.12.2022.Fil.156.01.
Rasmiy opponentlar: Xoshimova Dildora Madaminovna, filologiya fanlari doktori, professor, Xotamova Guljahon Solijonovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek va ingliz kommunikativ madaniyatida maqtov konseptining milliy xususiyatlarini aniqlash, kognitiv, semantik va pragmatik xususiyatlarini va ularni ifodalash usullarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
muloqot jarayonida maqtov va yondosh hodisalar farqlangan, sintezlashuv hodisasi va fatiklik holatining o‘sib borishiga ko‘ra maqtov bilan tizimdosh hodisalarning olqish-izzat-ikrom-takalluf-olqov-iltifot-mulozamat-flirt-kompliment-xushomad-maqtov-minnatdorchilik tarzida joylashuvi aniqlangan;                                        
maqtov har ikki tilda insonga ta’sir o‘tkazishning fatik va informativ komponentlar yigʻindisi sifatida baholanib, maqtov adresanti (maqtovchi), maqtov adresati (maqtov yunalgan shaxs), maqtov obekti (maqtalayotgan narsa), maqtov predmeti (maqtash asosi), motiv (maqtov nega yuzaga keldi?), shakl (qanday shakl tanlandi: verbal, noverbal...gap, so‘zshakl, parema...), maqtovni tushunish, natija kabi maqtov janrining tashkil etuvchilari aniqlangan; 
ingliz lingvomadaniyatida maqtovning verballashuvida o‘zbek tili uchun xos bo‘lmagan maskulin gender xususiyatlarning boyishly, devilishly, darkly, strikingly, ruggedly, most really kabi ifodalovchilari aniqlangan;                
ingliz nutq odatida maqtovning asosan shaxsga yunalishi, o‘zbeklar olamning lisoniy manzarasi markazida inson turishi, bu farq har ikki til konseptual tizimi tashkillanishi, xususan, maqtov konseptining mazmuniy qurilishi hamda yunalishiga ham ta’sir qilishi ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “O‘zbek va ingliz kommunikativ madaniyatida maqtov konseptining yuzaga chiqishi” mavzusida olib borilgan tadqiqot asosida:
o‘zbek tilshunosligida ilk marta maqtov konseptining o‘ziga xos xususiyatlari, nutqdagi gender farqlar, muloqot jarayonining yoshga doir o‘ziga xosliklari, lisoniy mentalitetning o‘ziga xos xususiyatlarini ochib berish, shuningdek, ijtimoiy farqli birliklarning uslubiy, mazmuniy, struktur hamda vazifaviy o‘ziga xosliklari kabi masalalar borasidagi ilmiy xulosalardan Qo‘qon davlat pedagogika institutida 2020-2022 yillarda amalga oshirilgan “FY 2018 English Access Microscholarship Program” nomli xalqaro loyihada foydalanilgan va indvidual nutqning sosiolingvistik, psixolingvistik xususiyatlarini o‘rganishda xizmat qilgan (Qo‘qon davlat pedagogika institutining 2022 yil 19 dekabrdagi 353-son ma’lumotnomasi). Natijada ta’lim va madaniyatni rivojlantirishga qaratilgan nazariy va amaliyishlar yanada samarali tashkil etilgan;
lisoniy madaniyatda maqtov ta’sirning o‘ziga xos o‘rni, ommaviy nutqiy ta’sir etish, muloqot jarayonining o‘ziga xosliklari, lisoniy birliklarning maqtov birliklari orqali ta’sir o‘tkazishdagi xususiyatlarini ochib berish, shuningdek, kognitiv-pragmatik farqli birliklarning uslubiy, mazmuniy, vazifaviy jihatlari kabi masalalar borasidagi tadqiqot natijalaridan Andijon davlat universitetida 2017-2020 yillarda olib borilgan OT-F1-18 “Ommaviy lisoniy madaniyatni shakllantirish metodlar va metodologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi davlat fundamental-tadqiqot dasturlari doirasidagi loyihalarda foydalanilgan (Andijon davlat universitetining 2023-yil 23-fevraldagi 39-01-500-son ma’lumotnomasi). Natijada loyihaning ommaviy nutqiy madaniyatni shakllantirishga doir aniq diskurslarga doir tavsiyalarining nazariy asosi ta’minlangan; 
maqtov orqali ta’sir o‘tkazishning psixolingvistik omillari tahlil qilinib, insonga ta’sir o‘tkazishning yuqori samaraga erishish usullarini farqli jihatlarini ilmiy asoslashga doir natijalaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali DM  “Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” muharririyati tomonidan tayyorlangan “Ta’lim va taraqqiyot”, “Millat va ma’naviyat” radioeshittirishlarini tayyorlashda (2022-2023 yillar davomida)   foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2023 yil 10 yanvardagi 04-36-47-son ma’lumotnomasi). Natijada radio tinglovchilarga efirda maqtov orqali ta’sir o‘tkazishning psixolingvistik xususiyatlari tahlil qilinib, reklama matnlari va ma’naviy-ma’rifiy teleradio eshittirishlarning umumiy va o‘ziga xos jihatlari, hamda ularning tomoshabinga ta’siri haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishda ilmiylik mezoni ta’minlangan.
 

Yangiliklarga obuna bo‘lish