Yuldashev Jo‘rabek Uralovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Usmon Nosir she’riyati lingvopoetikasi”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Fil513.
Ilmiy rahbar: Mahmudov Nizomiddin Mamadalievich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.03.
Rasmiy opponentlar: Yuldoshev Ma’rufjon Muhammadjonovich, filologiya fanlari doktori, professor; Nosirjon Uluqov Muhammadalievich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Usmon Nosir she’riyati tilidagi poetik aktuallashgan lisoniy birliklarni aniqlash hamda shoir asarlarining lingvopoetik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
shoir she’riyatida ko‘chaga burmoq, ko‘zga rasm solmoq kabi leksik-frazeologik va ko‘zmi o‘sha? Yoki qop-qora charos? singari ritorik so‘roq gap shaklidagi grammatik birliklarning badiiy estetik vazifalari, poetik aktuallashuvi va transformatsiyasi ochib berilgan;
shoir she’rlarida ziynatdor, chechaklan, bebozor shaklidagi muvaqqat okkazionalizmlar va milliy tilning asosini tashkil etuvchi shoti, ontarmoq, shimg‘imoq kabi shevaga oid so‘zlarning lingvopoetik aktuallashuvi dalillangan;
Usmon Nosir she’r va dostonlarida milliy ruh bilan sug‘orilgan, tarixiy hamda ijtimoiy muhit ruhiyati aks etgan jonlantirish, sifatlash, metonimiya, sinekdoxalardan lingvopoetik maqsadda foydalanganligi ko‘rsatilgan;
shoir she’riyatida takrorlar mazmunga urg‘u berish, ohangdorlikni ta’minlash, ta’kidni kuchaytirish, badiiy matnga jilo berish kabi poetik vazifa bajarganligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Usmon Nosir she’riyatining lingvopoetik tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
poetik aktuallashgan dialektizmlar, transformatsiyalashgan leksik-frazeologik birliklar, milliy ruh bilan sug‘orilgan, tarixiy hamda ijtimoiy muhit ruhiyati aks etgan jonlantirish, sifatlash, metonimiya, sinekdoxa namunalaridan, ritorik so‘roq gaplardagi mavjud poetiklik potensialini faol ishga solish mahorati, muayyan tasviriy vositalar hamda takrorlarning lingvopoetik xususiyatlari yuzasidan bildirilgan xulosalardan O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida 2017-, 2020-yillarda amalga oshirilgan OT-F1-78 – “Hozirgi globallashuv davrida o‘zbek tili, uning tarixiy taraqqiyoti va istiqbollari” (o‘zbek tilining vazifaviy uslublari asosida)” mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasida foydanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2022-yil 25-noyabrdagi 1381-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur loyihada nazarda tutilgan vazifalarni yoritishda tadqiqot ishi zarur material vazifasini o‘tagan;
leksik-frazeologik va grammatik birliklarning badiiy estetik vazifalari, poetik aktuallashuvi va transformatsiyasi mexanizmlari kabi ilmiy yangiliklar asosida Abdulla Qodiriy nomidagi Navoiy viloyat axborot-kutubxonasi bilan hamkorlikda kutubxonada tashkil etilgan “Usmon Nosir she’rlari” nomli ilmiy-amaliy loyiha doirasida ma’ruzalar qilingan (Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining 2022-yil 7-noyabrdagi 01-02/258-son ma’lumotnomasi). Natijada shoir she’rlarida qo‘llangan maqol va frazeologizmlar, affiksal okkazionalizmlar, onomastik birliklarning badiiy imkoniyatlariga doir tajribalardan foydalangan holda lingvopoetik xususiyatlarini atroflicha yoritish imkoniyati yaratilgan;
shoir she’riyatida mazmunga urg‘u berishi, ohangdorlikni ta’minlashi, ta’kidni kuchaytirishi, badiiy matnga jilo berishi kabi poetik vazifa bajarganligi yuzasidagi yangilik Navoiy viloyati teleradiokompaniyasi tomonidan 2022-yil 9-martda “Adabiyot va hayot” ko‘rsatuvida foydalanilgan (Navoiy viloyati teleradiokompaniyasining 2022-yil 25-martdagi 01-10/50-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuv mazmuni nazariy ma’lumotlar bilan boyitilgan.