Nasriddinova Mexriniso Raxmatullayevnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qarshi vohasida Lamiaceae Lindl. oilasiga mansub ayrim dorivor o‘simliklarning introduksiyasi», 03.00.05 – Botanika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/B271. 
Ilmiy rahbar: Yoziyev Lutfulla Xabibullayevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi davlat universiteti, PhD.03/30.06.2020.B.70.03.
Rasmiy opponentlar: Dusjanova Guljan Madrimbayevna, biologiya fanlari doktori, professor; Turgunov Mirabdulla Dexkanovich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Qarshi vohasiga Lamiaceae oilasiga mansub ayrim dorivor turlarni introduksiya qilish, bioekologik xususiyatlarini aniqlash va ko‘paytirishning samarali usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
introduksiya sharoitida o‘simliklar ontogenezning dastlabki yillarida intensiv o‘sib rivojlanishi, 3-4 yoshida asosan III-IV tartibli novdalari hisobiga mo‘l biomassa hosil qilishi, R. officinalis ning kuzgi-qishki-bahorgi, qolgan turlarning esa bahorgi-yozgi-kuzgi fenoritm guruhiga mansubligi asoslangan; 
gullash dinamikasi va uning davomiyligi mavsumning ob-havo sharoitiga bog‘liq bo‘lgani holda, tabiiy sharoitda orttirilgan xususiyatlari ham saqlab qolinganligi aniqlangan;
Th. vulgaris va H. officinalis urug‘lari mahsuldorligi ancha past, S. officinalis niki biroz yuqori, R. officinalis niki yuqori ekanligi, bu ko‘rsatkich o‘simliklarning yoshi oshib borishi bilan ko‘tarilishi ochib berilgan;
yozning issiq va quruq havosi Th. vulgaris, H. officinalis, S. officinalis larning o‘sishi va rivojlanishini keskin pasaytirishi, qish faslining iqlim sharoiti R. officinalis ning reproduksiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan;
o‘simliklarda hosil bo‘lgan efir moylari tarkibidagi dorivor komponentlar miqdori va sifatini qiyosiy tahlil qilish asosida boshqa sharoitda o‘sgan o‘simliklarga nisbatan komponentlar sonining ko‘payganligi, ayrim komponentlar miqdorining ham oshganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Qarshi vohasi sharoitiga introduksiya qilingan Lamiaceae oilasining ayrim dorivor vakillarining bioekologik xususiyatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: 
o‘rganilgan turlarning introduksiya sharoitida ko‘paytirish va parvarishlashning samarali usullari O‘zR FA Botanika instituti huzuridagi akad. F.N. Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bog‘ining “Dorivor o‘simliklar introduksiyasi” laboratoriyasiga qarashli dorivor o‘simliklar ekspozisiyasi amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2022 yil 9 dekabrdagi 4/1255-3112-son ma’lumotnomasi). Natijada, “Dorivor o‘simliklar introduksiyasi” laboratoriyasida dorivor o‘simliklar tirik kolleksiyasini yaratish va dorivor o‘simliklar fondini boyitish imkonini bergan;
Qarshi vohasi sharoitida biomorfologik ko‘rsatkichlari, urug‘lari sifati, mahsuldorligiga doir natijalar va ko‘paytirishning samarali usullariga doir tavsiyalardan Qashqadaryo viloyati o‘rmon xo‘jaligi faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining 2022 yil 14 dekabrdagi 04/38-6883-son ma’lumotnomasi). Natijada, Qashqadaryo viloyati sharoitida ushbu dorivor turlar plantatsiyalarini yaratish uchun samarali ko‘paytirish, efir moyini olish maqsadida xom-ashyo terish muddatlarini belgilash imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish