Yaxshieva Malohat Farmonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Seboreyali dermatitga chalingan bemorlarning teri mikrobioti va  immun holatini hisobga olgan holda tashxislash va davolash usullarini optimallashtirish”, 14.00.11 – Dermatologiya va venerologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Tib2459.
Ilmiy rahbar: Mavlyanova Shaxnoza Zakirovna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, DSc.04/30.12.2019.Tib.29.01.
Rasmiy opponentlar: Arifov Saidkosim Saidazimovich, tibbiyot fanlari doktori, professor,  Nabiev Talat Abduvaxobovich, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi seboreyali dermatit bilan og‘rigan bemorlarning klinik, mikrobiologik, immunologik holatini  hisobga olgan holda tashxislash va davolashni takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
seboreyali  dermatitning klinik  kechishining o‘ziga xos xususiyatlari, qizarish, shish, qipiqlanish, qatqaloqlanish, teridagi patologik jarayonlarining engil, o‘rta va og‘ir darajada kechishi, toshma elementlarining chegaralangan yoki tarqoq joylashishi holatlarini  e’tiborga olgan holda kasallikning ishchi klinik tasnifi  ishlab chiqilgan;
molekulyar-genetik PZR  tadqiqoti asosida Malassezia  lipofilli achitqisimon zamburug‘lari patogen shakllarining aniqlanishi, hamda bemorlar  terisidagi patologik o‘choqlarida  Staphylococcus spp. va Malassezia spp. bilan ifodalangan mikst-bakterial kontaminatsiyalanishning  qayd etilishi,  bemorlar terisida invaziv jarayonlari shakllanishi isbotlangan;    
seboreyali dermatit bilan xastalangan bemorlar organizmida epidermal bar`erning faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan D vitamini miqdorining nazorat sog‘lom shaxslarga nisbatan  1,6 barobarga kamayishi, terida  Malassezia spp. va Staphylococcus  spp. shartli-patogen mikroorganizmlarining kontaminatsiyasini ko‘payishiga   va   terida  superinfeksiya  holatining rivojlanishiga olib kelishi hamda seboreyali dermatitli bemorlar qon zardobida  yallig‘lanish oldi   O‘NO-al`fa sitokinining 2,1 barobarga va yallig‘lanishga qarshi IL-4, IL-10 sitokinlarining mos ravishda 1,6 va 1,2  barobarga  kamayishi, umumiy   IgE miqdori yuqoriligi hamda kasallikni surunkali kechishi bilan   hujayraviy immun tizimini kamayib borishi isbotlangan;
patogenetik jarayonni hisobga olgan holda kolekal`siferol  (vitamin D3), galavit dori vositalarini kompleks davoda hamda kremniyli-salisil kremi “Fatisalik”ni mahalliy qo‘llash orqali seboreyali dermatitga chalingan bemorlarni kompleks davolashning optimallashtirilgan algoritmi samaradorligi va unga bog‘liq dastlabki ko‘rsatkichlarga nisbatan bemorlar organizmida sitokin tizimidagi yallig‘lanish oldi sitokini (O‘NO-al`fa)ni  -2,1 barobarga va yallig‘lanishga qarshi  sitokinlari (IL-4, IL-10)ni - 1,4 barobarga, D vitamini  miqdorini 1,4   barobarga oshishi,  umumiy IgE konsentratsiyasining qonda normallashishi, mikst-bakterial kontaminatsiyasini sezilarli 87,5% ga kamayishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy kilinishi.
Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining 2023 yil 28 fevraldagi 01-09/133-son xulosasiga ko‘ra (ilmiy yangiliklarni boshqa sog‘liqni saqlash muassasalariga joriy etish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligiga Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining 2021 yil 26 noyabrdagi 09/864-sonli xati yuborilgan):
seboreyali dermatit kasalligining klinik shaklini aniqlash, amaliyotda dermatolog  shifokoriga kasallikka erta va to‘g‘ri tashxis qo‘yishga imkoniyat yaratgan, samarali davolash usullari qo‘llanilgan, natijada davolash samaradorligini oshirgan, davolash jarayonini tezlashtirgan. Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Navoiy viloyati hududiy filiali bo‘yicha 08.10.21 yildagi №8-sonli buyruq hamda “IxlosMedServis ko‘p tarmoqli klinikasi” OK  bo‘yicha 11.10.2021 yildagi 63-sonli buyruq bilan amaliyotiga joriy etilgan. Ilmiy yangilikning ijtimoiy samaradorligi quyidagilardan iborat: taklif etilgan ishchi klinik tasnifidan foydalanish, kasallikni  tashxislash va davolash sifatini yaxshilaydi. Ilmiy yangilikning iqtisodiy samaradorligi quyidagilardan iborat: seboreyali dermatitning  tashxislashda ishchi klinik tasnifini amaliyotda qo‘llanilishi orqali bemorlarda qo‘shimcha invaziv tekshiruvlar (gistologik tahlil) dan voz kechish hisobiga bir tekshiruvga sarflanadigan 486 000 so‘m, 38 nafar bemorga 18 468 000 so‘m ortiqcha sarf xarajatlarni iqtisod qilishga erishilgan. Xulosa:  seboreyali dermatitni to‘g‘ri va erta tashxislash ishchi klinik tasnifi ishlab chiqilib, 1 nafar bemor hisobiga byudjet mablag‘larini 239 000 so‘mga va byudjetdan tashqari mablag‘larni 486 000 so‘mga iqtisod qilish imkonini bergan.
molekulyar-genetik polimeraz-zanjirli reaksiya tadqiqotlari asosida seboreyali dermatitli bemorlarda Malassezia spp. tiplanishini miqdoriy -3,0 Lg dan yuqori bo‘lgan  ko‘rsatikichli baholanish diagnostik mezonlari ishlab chiqilgan va bunda Malassezia  lipofilli achitqisimon zamburug‘larini aniqlanishi 78,2 % ni tashkil etgan. Ushbu ko‘rsatkichlar kul`tural tadqiqotlar ko‘rsatkichlaridan 1,6 barobar yuqori bo‘lib, seboreyali dermatit bilan og‘rigan bemorlarda o‘z vaqtida samarali etiotrop davolashning taktikasini belgilash imkonini bergan. Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Navoiy viloyati hududiy filiali bo‘yicha 08.10.21 yildagi №8 sonli buyruq hamda “IxlosMedServis ko‘p tarmoqli klinikasi” OK  bo‘yicha 11.10.2021 yildagi 63-sonli buyruq bilan amaliyotiga joriy etilgan. Ilmiy yangilikning ijtimoiy samaradorligi quyidagilardan iborat:  Malassezia spp.  zamburug‘larini polimeraz zanjirli reaksiya usulida aniqlanishi mikologik  kul`tural tadqiqotlar ko‘rsatkichlaridan 1,6 barobar yuqori bo‘lib,  o‘zining qisqa vaqt (1 soat) ichida diagnostik mezonlarini 78,2%da (kul`tural diagnostikasida -49,4%) - aniq ifodalaydi va seboreyali dermatit  bilan og‘rigan bemorlarda samarali etiotrop davolashning taktikasini belgilashga imkon beradi. Ilmiy yangilikning iqtisodiy  samaradorligi quyidagilardan iborat: •lipofilli achitqisimon zamburug‘larni polimeraz-zanjirli reaksiya usuli orqali aniqlanishi,  standart  - mikroskopik va kul`tural diagnostikasi usuliga nisbatan 1,7 barobarga arzonlashtirgan; • polimeraz-zanjirli reaksiya usuli orqali tashxislash qisqa muddatni egallashi, 7-14 kun davomida aniqlanuvchi kul`tural usulga nisbatan erta davolashni belgilash imkonini yaratgan (RIDVvaKIATMning preyskurantiga ko‘ra bemorning klinikada bir kunlik harajati o‘rtacha 164 000 so‘mni tashkil etadi); •polimeraz zanjirli reaksiya tekshirish usulini qo‘llash, erta tashxislash va davolash taktikasini belgilash hisobiga 1 148 000 so‘m mablag‘ iqtisod qilinadi). Xulosa: seboreyali dermatit bilan kasallangan bemorlarni polimeraz-zanjirli reaksiya usuli bilan tashxislash usulini qo‘llash 1 nafar bemor hisobiga byudjet mablag‘larini 161 000 so‘m va byudjetdan tashqari mablag‘larni 164 000 so‘mga iqtisod qilish imkonini bergan.
seboreyali dermatit kasalligi bilan xastalangan bemorlar organizmida vitamin D  miqdorining kamayishi  kasallikning surunkali ravishda kechinishini dalolatlagan, davolashda bemorlarga yoshiga nisbatan kolekal`siferol (vitamin D3) va immunokorreksiyalovchi –  aminodigidroftalazindion natriy (galavit) dori vositasalarini tizimli ravishda qo‘llash usulini asoslab bergan  va bemorlarning klinik sog‘ayishini 61,3%ga oshirgan, residivlanish holatini 6,4 marotabaga kamaytirgan, davolanish jarayonini tezlashtirgan hamda muddatlarini qisqartirgan. Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Navoiy viloyati hududiy filiali bo‘yicha 08.10.21 yildagi №8 sonli buyruq hamda “IxlosMedServis ko‘p tarmoqli klinikasi” OK  bo‘yicha 11.10.2021 yildagi 63-sonli buyruq bilan amaliyotiga joriy etilgan. Ilmiy yangilikning ijtimoiy samaradorligi quyidagilardan iborat: • seboreya dermatitni davolashda bemorlarda vitamin D va –  aminodigidroftalazindion natriy (galavit) ni qo‘llanilishi terining bar`er faoliyatini  oshirgan; • kasallikning asoratli  mikst-bakterial  infeksiyasi bilan kechuvchi shakllarini oldini olgan; • taklif etilgan kompleks davolash usuli bemor immun tizimi holatini  korreksiyalagan; •klinik jihatdan ijobiy natijalar berib, davolash sifatini yaxshilaydi. Ilmiy yangilikning iqtisodiy samaradorligi quyidagilardan iborat: bemorning shifoxonadagi davri uchun: bemorning shifoxonada yotib davolanish muddatini 10 kundan 7 kungacha qisqartirib, shifoxonada qolish to‘lov miqdori taxminan 483 000 so‘mga kamaytirgan, shifoxonada bo‘lish davrining 3 kunga qisqartirilishi hisobiga 31 ta bemorni davolanishidan 14 973 000 so‘m iqtisod qilingan. Xulosa: seboreyali dermatitning og‘ir shakllari bilan xastalangan bemorlarda   statsionar sharoitida davolanishdagi yangi davolash usullarini qo‘llash 1 nafar bemor hisobiga 1 kunga byudjet mablag‘larini 161 000 so‘mga va byudjetdan tashqari mablag‘larni  164 000 so‘mga iqtisod qilish imkonini bergan.
seboreyali  dermatitda  O‘zbekiston tabiiy manba’laridan ishlab chiqarilgan  kremniy-salisil kremi (fatisalik)  tavsiya etilishi natijasida  sirtdan qo‘llanilgan innovatsion davolash usuli   teridagi mikst-bakterial  kontaminatsiyasini  sezilarli darajada kamaytirgan,  davolanish jarayonini tezlashtirgan. Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Navoiy viloyati hududiy filiali bo‘yicha 08.10.21 yildagi №8 sonli buyruq hamda “IxlosMedServis ko‘p tarmoqli klinikasi” OK  bo‘yicha 11.10.2021 yildagi 63-sonli buyruq bilan amaliyotiga joriy etilgan. Ilmiy yangilikning ijtimoiy samaradorligi quyidagilardan iborat: • klinik  tadqiqotlar natijalariga ko‘ra keratinizatsiya bilan ifodalangan  patologik jarayon o‘chog‘ida kremniy-salisil kremi ( fatisalik) ni qo‘llash, o‘choqlarda infil`trativ-giperemiya holatining sezilarli ravishda  so‘rilishiga olib kelgan; • mikrobiologik tadqiqotlarda    staphylococcus spp.  ning kolonizatsiya darajasini 3,7 martaga kamayishi namoyon bo‘lgan (R<0.05); • Fatisalik kremini qo‘llash fonida teridagi patologik jarayonning ijobiy dinamikasi qayd etilgan va dermatologik simptomlar shkalasi indeksi ko‘rsatkichlarini pasayishiga olib kelgan: eritema – 68,4% (R<0,05), shish – 52,2% (R<0,05), qipiqlanish -70,7%ga kamaygan; • olingan natijalar asosida  kremniy-tutuvchi mahalliy mahsulotlarni (fatisalik) kremini dermatologiya amaliyotida qo‘llanilishi import o‘rnini bosadi va amaliyotda  keng qo‘llamda foydalanish imkoniyatini beradi. Ilmiy yangilikning iqtisodiy samaradorligi quyidagilardan iborat: • olib borilgan innovatsion davolash usuli kasallikning qaytalanish holatini 74,8% ga kamaytirgan; • davolanish samaradorligini  98,4%  oshirgan; • bemorlarning davolanishga  qaratilgan pullik harajatlari 3,5 barobarga kamaygan. Xulosa:  seboreyali dermatit kasalligi bilan xastalangan bemorlarda tashqi muolajalarida ishlatiladigan  davolash maxsulotlarini (krem, malhamlarini) qo‘llanilishi, 1 nafar bemor hisobiga byudjet mablag‘larini 483 000 so‘mga va byudjetdan tashqari mablag‘larni  495 000 so‘mga iqtisod qilish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish